Mamlakatimizda issiqlik ta’minoti sohasini tubdan isloh qilish bo‘yicha davlatimiz rahbarining “Uy-joy hamda bino-inshootlarni issiqlik energiyasi bilan ta’minlash sohasini tubdan isloh qilish hamda binolarning energiya samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilingan.
Mazkur qarorga asosan yurtimizda uy-joy hamda bino-inshootlarni issiqlik energiyasi bilan ta’minlash sohasini tubdan isloh qilish hamda binolarning energiya samaradorligini oshirish maqsadida “Issiqlikta’minoti” AJ tashkil etildi.
Issiqlik ta’minoti sohasida yagona davlat siyosatini yuritish – Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligiga, yagona texnik siyosatini yuritish va muvofiqlashtirish “Issiqlikta’minoti” AJga yuklandi.
Jamiyat ustav kapitalidagi 23 ta issiqlik korxonalarini MCHJ shaklida qayta tashkil etish vazifasi belgilangan.
Qarorga asosan Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi va “Issiqlikta’minoti” AJ bilan birgalikda ko‘p kvartirali uy-joylar va ijtimoiy soha muassasalariga 8 ming 681 ta individual issiqlik punktlarini o‘rnatish orqali markazlashgan issiqlik ta’minotini “yopiq tizim”ga o‘tkazish vazifasi belgilab berilgan.
Shuningdek, Investitsiya dasturi doirasida respublika byudjeti mablag‘lari hisobidan 2025-2029 yillarda issiqlik tizimlaridagi eskirgan 103 ta qozonxona va 1,632 ming km issiqlik tarmoqlarini, shu jumladan, 2025-2026 yillarda 18 ta qozonxona va 258 km issiqlik tarmoqlarini yangilash vazifasi belgilab berilgan.
Prezident qarori ijrosi qanday ta’minlanyapti?
“Issiqlikta’minoti” AJ boshqaruvi raisining birinchi o‘rinbosari Sherzod Sultonov belgilangan vazifalar ijrosi doirasida amalga oshirilayotgan ishlar to‘g‘risida kuyidagilarni ma’lum qildi.
–Yuqorida nomi keltirilgan qarorga asosan “Issiqlikta’minoti” AJ ga qator mas’uliyatli vazifalar yuklatilgan. Xususan, sohani malakali kadrlar bilan ta’minlash, joriy kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik ko‘rish rejasini to‘laqonli bajarish, yangi barpo etilayotgan massivlarga qozonxonalar qurish, mavjud qozonxonalarni modernizatsiya qilish ishlari yuklatilgan. Bugungi kunda bu borada dastur ishlab chiqilgan. Dasturga asosan joriy yilda “Issiqlikta’minoti” korxonalari tasarrufidagi 8 ta qozonxona va 80 km issiqlik tarmoqlarida qurilish va modernizatsiya ishlari qilinadi. Bu orqali 21 mingdan ortiq xonadon, 413 ta ko‘p qavatli uy va 42 ta ijtimoiy soha ob’ektlarining issiqlik energiya ta’minoti yaxshilanadi.
E’tiborli jihati shundaki, Prezidentining 465-sonli qaroriga asosan Guliston shahri “Bo‘ston” MFYdagi 52 ta ko‘p qavatli uylardagi 2 ming 409 ta xonadonni issiqlik bilan ta’minlash maqsadida RK-1 va RK-2 yangi markazlashgan qozonxonalarning qurilishi va 2,8 km uzunlikdagi issiqlik tarmoqlarini tortish ishlari yakuniga yetkazilib, foydalanishga topshirilgan.
Ko‘p qavatli uylarni to‘liq issiqlik bilan ta’minlash natijasida yillik 3,5 million metr kub tabiiy gaz, 12,8 million kVt/soat elektr energiyasi iqtisod qilinadi. 52 ta ko‘p qavatli uylarning 85 foizida ichki issiqlik tarmoqlarini qurish ishlari yakuniga yetkazilgan.
Xo‘sh, massivda issiqlik tizimlarini qurish ishlari qanday ketmoqda?
– Bugungi kunda “Yangi O‘zbekiston” massivlarida 15 ta qozonxona va 60 dan ortiq issiqlik tarmoqlari qurish ishlari amalga oshiriladi. Natijada 9 ming 900dan ortiq xonadondan iborat 360 ta ko‘p qavatli uylar 23 ta ijtimoiy soha ob’ektlari issiqlik energiyasi bilan ta’minlanadi. Bugungi kunda yillik rejaga nisbatan 46 foiz ishlar amalga oshirilgan. Qolgan ishlarni 1 oktyabr holatiga yakunlashni reja qilganmiz. Samarqand viloyati Toyloq tumani "Charog‘bon" MFY hududida barpo qilinayotgan "Yangi O‘zbekiston" massivida 1 ta qozonxona, jami quvvati 14 MVt bo‘lgan 2 dona qozon olib kelish hamda 2,39 km issiqlik tarmoqlari tortish belgilangan.
“Ko‘p xonadonli uylarni mukammal va joriy ta’mirlash hamda issiqlik ta’minoti ob’ektlarini qurish bo‘yicha injiniring kompaniyasi” DUK mutaxassislari taqdim etgan ma’lumotlarga ko‘ra, shartnoma summasi 17 milliard 821,5 million so‘m bo‘lgan ob’ektda ayni kungacha 2 dona qozon olib kelingan. 2,2 km issiqlik tarmog‘ini qurish ishlari amalga oshgan. Qozonxona binosi qurilishi davom etyapti. Joriy yilgi isitish mavsumida 21 ta ko‘p qavatli uy markazlashgan issiqlik energiyasi bilan ta’minlanishi ko‘zda tutilgan.
Qayd etish joiz, Prezidentimizning 2024 yil 24 dekabrdagi qarori asosida Jizzax viloyatining Do‘stlik tumani "Chinobod" MFY hududida barpo etilayotgan "Yangi O‘zbekiston" massivida zamonaviy qozonxona qurilishi belgilangan.
Joriy yil mavsumida foydalanishga topshirilishi ko‘zda tutilgan ob’ektning shartnoma summasi 11 milliard 750 million so‘mdan ortiqni tashkil qiladi.
Toshkent viloyatining Nurafshon shahri Yangiobod mahallasi hududida qad ko‘tarayotgan “Yangi O‘zbekiston” massivida ham aholini markazlashgan issiqlik bilan ta’minlash ishlari jadal ketmoqda.
Bu yerda jami quvvati 25 MVt bo‘lgan zamonaviy qozonxona qurildi. 3 ta zamonaviy qozon o‘rnatildi. Shuningdek, 6,3 km issiqlik quvuri tortilishi belgilangan bo‘lib, hozirgacha 4,9 kilometr qismi yakunlandi. Montaj ishlari davom etmoqda.
Mazkur loyiha yakuni bilan massivdagi 28 ta ko‘p qavatli uy va 2 ta ijtimoiy soha ob’ekti sifatli issiq suv va issiqlik energiyasi bilan ta’minlanadi.
Buyurtmachi tomonidan berilgan ma’lumotlarga ko‘ra, bugungi kunda qozonxona qurilishi jadal olib borilmoqda. 3 ta qozon o‘rnatilib, 2 km issiqlik tarmog‘ini qurish ishlari bajarib bo‘lingan. Qozonxonada qurilish-montaj ishlari davom etmoqda. Yangi massiv, yangi uy, yangi xonadonlarda yangicha dunyoqarash shakllanadi. 14 ta ko‘p qavatli uyda yashovchi aholi va 2 ta ijtimoiy soha ob’ekti sifatli markazlashgan issiqlik energiyasi bilan ta’minlanadi.
– Investitsiya loyihalari qanday bajarilmoqda?
– Buxoro shahridagi "Sharq-2" qozonxonasi va issiqlik tarmoqlarini modernizatsiya va rekonstruksiya qilish loyihasi amalga oshirilmoqda. Bugungi kunda qurilish ishlari jadal ketmoqda. Joriy yilgi mavsumda loyiha ishga tushishi belgilangan. Buning natijasida 37 ta ko‘p qavatli uyda istiqomat qiluvchi 1 ming 382 ta xonadonga issiq suv va issiqlik energiyasi beriladi.
Bunda gaz sarfi ko‘p bo‘lgan eski qozonlar o‘rniga 4 ta energotejamkor, jami 20 MVt quvvatga teng qozonlar o‘rnatiladi. Elektr energiya sarf-xarajatlari qisqaradi, 5,5 km eski quvurlar o‘rniga yangi energotejamkor penopoliuretan qoplamali quvurlar yotqizilmoqda.
Yana bir ma’lumot, “Issiqlikta’minoti” AJ Toshkent xalqaro investitsiya forumi doirasida Saudiya Arabistonining “Saudi Tabreed” kompaniyasi bilan davlat-xususiy sheriklik shartlari asosida “Arda Xiva” turistik majmuasida trigeneratsiya tizimlarini joriy etishga qaratilgan shartnoma imzoladi.
Loyihaning umumiy qiymati 17 million AQSH dollarini tashkil qiladi va 100 foiz “Saudi Tabreed” kompaniyasi mablag‘lari jalb etiladi. “Arda Xiva” turistik majmuasi iste’molchilarini issiqlik va elektr energiyasi hamda markazlashgan sovitish tizimlari bilan uzluksiz ta’minlash maqsadida 15 MVt quvvatlar ishga tushirilishi rejalashtirilgan.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/aXGNDIGcqDg" title="Uy-joy hamda bino-inshootlarni issiqlik energiyasi bilan ta’minlash yangi bosqichga chiqadi" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Shahnoza Mamaturopova, O‘zA