Davlatimiz rahbarining joriy yil 30 yanvardagi “O‘zbekiston – 2030” strategiyasini “Atrof-muhitni asrash va “yashil iqtisodiyot” yilida amalga oshirishga oid davlat dasturi to‘g‘risida” qarorida olimpiya va paralimpiya sport turlari bo‘yicha terma jamoalarning xalqaro musobaqalarda munosib ishtirokini ta’minlash vazifasi belgilangan.
Xo‘sh, o‘tayotgan yil mobaynida, xususan ortda qolgan ikkinchi chorak holatida mazkur masala yuzasidan qanday ishlar amalga oshirildi?
Aytish lozim, joriy yil davomida o‘tadigan xalqaro turnirlar, chempionatlar yurtimiz sportchilari uchun 2028 yili Amerika Qo‘shma Shtatlarining Los-Anjeles shahrida o‘tadigan yozgi Olimpiya o‘yinlariga tayyorgarlikning muhim bosqichi sanaladi.

Ushbu davrda xalqaro maydonda o‘tadigan qit’a va jahon chempionatlarida munosib natijalarga erishish terma jamoalar oldidagi asosiy vazifa sanaladi. Bu, davlatimiz rahbari tomonidan tasdiqlangan tegishli hujjatlarda ham aks etgan.
Bevosita raqamlarga e’tibor qaratadigan bo‘lsak, Sport vazirligi ma’lumotida keltirilishicha, joriy yilning ikkinchi chorak yakunlariga ko‘ra, yurtimizdagi 45 ta Olimpiya va paralimpiya sport turlari bo‘yicha terma jamoalarning xalqaro musobaqalarda munosib ishtirokini ta’minlash maqsadida hududlar kesimida 10 ming 223 nafar mahoratli sportchilar milliy terma jamoalar safiga saralab olindi. Shundan 6 ming 373 nafari asosiy, 3 ming 850 nafari zaxira tarkibga olindi.

– Mamlakatimiz sportchilari bir qator xalqaro musobaqalarda yuqori natijalarga erishib kelmoqda. Bevosita ikkinchi chorak holatida aytadigan bo‘lsak, davlatimiz tomonidan olimpiya va paralimpiya o‘yinlari tizimidagi terma jamoalar uchun 64 ta xalqaro musobaqalarda ishtirok etishlari uchun zarur shart-sharoitlar yaratildi. Futbol, sport kurashlari, stol tennisi, boks, dzyudo, og‘ir atletika, voleybol, gandbol kabi bir qator sport turlari bo‘yicha milliy terma jamoalarimiz jahon va qit’a chempionatlarida, nufuzli musobaqalarda qatnashdi, – deydi sport vazirligi bo‘lim boshlig‘i San’at G‘ulomnazarov.

Darhaqiqat, joriy yilning aprel-iyun oylari yurtimizning yengilmas sportchilari uchun eng sermahsul davr bo‘ldi. Futbol bo‘yicha milliy terma jamoamizning aynan ikkinchi chorakda jahon chempionati yo‘llanmasini qo‘lga kiritgani, sport kurashi bo‘yicha mamlakatimiz yoshlar terma jamoasi qit’a chempionatida 40 ta medallar shodasiga ega bo‘lgani, shaxmatchilarimizning Yevropa va Osiyo mamlakatlaridagi nufuzli turnirlarda yuksak g‘alabalarga erishilgani yangi muvaffaqiyatlar poydevori mustahkamlanayotganligidan dalolat, deyish mumkin.

To‘lqin Ro‘ziyev, O‘zA