Transport vaziri Ilhom Mahkamov boshchiligidagi O‘zbekiston delegatsiyasi Qirg‘iz Respublikasining Jalolobod viloyatiga tashrif buyurdi. Delegatsiya a’zolari “Xitoy – Qirg‘iziston – O‘zbekiston” temir yo‘li qurilishi loyihasi doirasida Farg‘ona va Qo‘sh-Dobo tonnellarini qurish ishlari bilan yaqindan tanishdi.
Mazkur tonnellar “Xitoy – Qirg‘iziston – O‘zbekiston” temir yo‘li qurilishining asosiy inshootlari hisoblanadi. Har bir tonnelning uzunligi 12 km dan oshadi.

Shuningdek, ishchi guruh “Makmal” temir yo‘l stansiyasi o‘rnida qurilishi rejalashtirilgan yangi stansiya loyihasi va qurilish maydoni hamda “Yangi Jalolobod” temir yo‘l stansiyasi qurilishi loyihasi bilan yaqindan tanishdi.

Ma’lumot o‘rnida aytish joiz, joriy yil 30 iyun kuni Qirg‘izistonda “Xitoy – Qirg‘iziston – O‘zbekiston” xalqaro temir yo‘lining butun uzunligi bo‘ylab to‘liq hajmdagi qurilish ishlari rasman boshlandi. Ushbu loyiha eng murakkab muhandislik inshootlaridan biri hisoblanib, temir yo‘llarning 40 foizga yaqini tonnel va ko‘priklar orqali o‘tadi.


Shuningdek, vazir I.Mahkamov, Qirg‘iziston Transport va kommunikatsiyalar vaziri o‘rinbosari A.Turgunbayev, “Qirg‘iz Temir Jolu” Milliy kompaniyasi Bosh direktori o‘rinbosari N.Arapbayev, “Xitoy – Qirg‘iziston – O‘zbekiston” temir yo‘l kompaniyasi bosh direktori Chjou Sin va YeRS pudratchi tashkilotining bosh direktori Chjan Ey Tao ishtirokida qurilish jarayoni borishi muhokama etildi. Tegishli masalalar yuzasidan fikr almashildi.
Sh.Mamaturopova,
O‘zA