Yangi tizim
Joriy yilning 27 yanvar kuni “Uy-joy qurilishi sohasini yanada rivojlantirish, turar va noturar joy ob’ektlarini ulush kiritish asosida qurish jarayonini tartibga solish mexanizmlarini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Prezident farmoni imzolandi.
Bu turar va noturar joy ob’ektlarini ulush kiritish asosida qurish va xaridor bilan munosabatlarda qanday o‘zgarishlarga asos bo‘ladi? Shu kabi masalalar xususida Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi boshqarma boshlig‘i o‘rinbosari Elyor КОМИЛОВнинг fikrlariga qiziqdik.

– Turar va noturar joy ob’ektlarini ulush kiritish asosida qurish jarayonini tartibga solishga qaratilgan “Uy-joy qurilishi sohasini yanada rivojlantirish, turar va noturar joy ob’ektlarini ulush kiritish asosida qurish jarayonini tartibga solish mexanizmlarini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmon sohada aniq mexanizmlarni belgilab berdi, – deya fikrini boshladi mutaxassis.
Bunda avvalo, ulushli qurilish ishtirokchilari bo‘lgan jismoniy va yuridik shaxslarning huquqlari himoya qilinib, uy-joylarni va boshqa ko‘chmas mulk ob’ektlarini hamda ipoteka krediti asosida sotib olishning ishonchli va samarali imkoniyatlari yaratilmoqda.
Endi, qurilishga ulush kiritish faqat notarial tasdiqlangan va kadastr organlarida belgilangan tartibda rasmiylashtirilgan shartnoma asosida amalga oshiriladi.
Joriy yilning 1 iyulidan boshlab quruvchilar va mijozlar o‘rtasidagi ulush kiritish shartnomalari majburiy tartibda notariusda tasdiqlanishi va kadastr ro‘yxatidan o‘tkazilishi shart. Bunda shartnoma kadastr organlarida ro‘yxatdan o‘tkazilganda, ulushdorda, ya’ni sotib oluvchida talab qilish huquqi vujudga keladi.
Shu sanadan e’tiboran yangi mexanizm – “eskrou” tizimi joriy etildi. Bu tizim ulushdor, ya’ni uy-joy sotib olish istagidagi xaridorning huquqlarini to‘liq himoyalab, to‘lov pullari ishonchli saqlanishini kafolatlaydi.
– Xo‘sh, tizim qanday ishlaydi?
– Eskrou tizimi, bu quruvchi va xaridor o‘rtasidagi oldi-sotdining yangicha shaklidir. Endilikda, hali bitmagan uydan kvartira sotib olmoqchi bo‘lgan fuqaro, o‘sha uyga o‘z mablag‘larini tikish orqali ulushdorga aylanadi. Buning uchun quruvchi, ya’ni developerning o‘ziga emas, bankka to‘lov qiladi. Ulushdorning to‘lagan pullari alohida eskrou hisobvarag‘ida yig‘ilib boriladi. Uy bitmaguncha quruvchi kompaniya bu pullardan foydalana olmaydi. Turar joyni esa o‘z mablag‘lari yoki bank krediti asosida qurib bitkazadi.
Ulushli shartnoma orqali developer ko‘rsatilgan uyni qurib, o‘z vaqtida topshirish majburiyatini oladi. Bank esa ulushdorning pul mablag‘lari eskrou hisobvarag‘ida yig‘ilishi, xavfsiz saqlanishi, shuningdek, uy-joy qurilishini loyihaviy moliyalashtirishni amalga oshiradi va bu bilan uy-joyni o‘z vaqtida sifatli qurib, egasiga yetkazib berishni kafolatlaydi.
Eskrou tizimi doirasida “Shaffof qurilish” milliy axborot tizimida uy-joylar qurilishi bo‘yicha yagona shaffof elektron platforma yaratildi. Developerlar uy-joyni shu platformada ro‘yxatga qo‘ymasdan, aholi mablag‘larini ulush kiritish asosida jalb qila olmaydi.
Mazkur tizim maksimal darajada inson omilidan cheklanib, barchasi integratsiya asosida ishlab chiqilyapti. Developer ob’ektni platformaga kiritgach, bank tomonidan uyni o‘z vaqtida qura olish imkoniyatlari o‘rganiladi. Qurilish jarayonida ishning bajarilish grafigi nazorat qilib boriladi. Loyihaviy moliyalashtirishdan ko‘zlangan maqsad ham shu.
Elektron platformada quruvchi kompaniya va ob’ekt haqidagi barcha ma’lumotlar, xususan, ob’ektning loyiha bo‘yicha joylashgan aniq manzili, qavatlari, kirish yo‘laklari, qolaversa, kompaniyaning loyihaviy hujjatlari, ijobiy ekspertiza xulosasi, qurilish boshlanadigan sana va foydalanishga topshirish muddati kabi ma’lumotlar jamlab boriladi.
– Xaridorlarning mazkur axborotlarni kuzatish imkoniyati qanday?
– Bu axborotlarni xaridorlar ham platformada kuzatib borishlari mumkin. Ya’ni, quruvchi ruxsatnomasining mavjudligi, reytingi va oldingi loyihalari haqida bilib olishlari mumkin bo‘ladi. Qurilish jarayonlarining platforma orqali shaffof kuzatib borilishi, o‘z navbatida, uy-joy qurilishi bozoridagi investitsiyalar xavfsizligi va ishonchli developerlar bozorining shakllanishiga xizmat qiladi.
E’tibor bering, shu asosda mamlakatimizda developer-quruvchilarning yangi shaffof reyting tizimi shakllanadi.
Eskrou hisobvarag‘ida jamlangan mablag‘lar ko‘payishi natijasida developer tashkilotlariga loyihaviy moliyalashtirish doirasida amaldagi stavkalarga nisbatan ancha pastroq stavkada mablag‘lar ajratiladi. Bu esa eskrou tizimi joriy etilgach, yangi uy-joylarning narxi keskin oshib ketadi degan ma’lumotlarni inkor etadi.
Qurilish bitib, xaridor xonadonni qabul qilgach, uning bank hisobvarag‘idagi pullari developer tashkilotga yo‘naltiriladi. Quruvchi o‘z majburiyatlarini bajarmagan taqdirda bu pul fuqaroga to‘liq miqdorda qaytarib beriladi. Ya’ni, uy bitmay qolsa, xaridor kuyib qolmaydi, bankka qo‘ygan pullarini muammosiz qaytarib oladi.
Fuqarolarning uy-joy uchun to‘lagan pullari har tomonlama himoyalanadi. Xususan, yuqoridagi farmon bilan eskrou hisobvarag‘iga yo‘naltirilgan pul mablag‘larini to‘xtatib qo‘yish yoki hisobdan chiqarish hamda majburiy ijroga qaratish taqiqlanadi.
E’tibor bering, xaridor shartnomani belgilangan tartibda rasmiylashtirib, kadastr organlarida ro‘yxatga olinganidan so‘ng fuqaro mazkur ulushni hali uy bitmay turib, mulk sifatida hadya qilishi, sotishi yoki boshqa bir shaxsga vasiyat qilib qoldirishi mumkin.
Shunday qilib, joriy yilning 1 iyulidan boshlab, ulush kiritish asosidagi qurilishlarda quruvchi va xaridor o‘rtasidagi oldi-berdining shakli va mazmuni o‘zgaradi. Mazkur tartib yil oxirigacha ixtiyoriy bo‘ladi, 2026 yil 1 yanvardan esa qurilishda mablag‘larini jalb qilish faqat eskrou hisobvarag‘i orqali amalga oshiriladi. Shu tarzda, yangi qurilayotgan uylarni belgilangan muddatlarda egalariga topshirish va aholi to‘lagan pullarining muzlab qolmasligi to‘liq yangi tizim nazoratiga o‘tadi.
O‘zA muxbiri
Abdulaziz RUSTAMOV
yozib oldi.