Serbiya poytaxti Belgradda qariyb sakkiz oy davom etgan norozilikdan so‘ng odamlar yana ko‘chalarga chiqdi. Namoyishchilar muddatidan oldin parlament saylovi o‘tkazilishini talab qilmoqda. Jarayonning yetakchi kuchi – talabalar harakati korrupsiyaga qarshi kurash talabini ham asosiy shior qilib olishgan.
2024 yil oxirida Novi-Sad shahridagi endi ta’mirlangan temir yo‘l vokzali tomi qulab tushishi natijasida 16 kishi halok bo‘lgan edi. Bu hodisada korrupsiyalashgan hukumat aybdor sifatida ko‘rilyapti. Ya’ni, aksariyat serblar inqirozni davlat infratuzilma loyihalari noto‘g‘ri boshqarilishi bilan bog‘lamoqda. Poytaxtning markaziy maydoni va yaqin atrofdagi bir necha yirik ko‘chani to‘ldirgan olomon “Biz saylov o‘tkazilishini xohlaymiz!” deya hayqirmoqda.
Politsiya boshlig‘i Dragan Vasilevich o‘nlab odam hibsga olingani, olti nafar huquq-tartibot xodimi shikastlanganini bildirgan.
Serbiya IIV ma’lumotiga ko‘ra, shanba kungi namoyishda 36 000 kishi qatnashgan. Faollar bu ma’lumot noto‘g‘riligi, aslida yig‘ilgan olomon to‘rt barobar ko‘p – 130 000 ekanini ta’kidlamoqda. Jamoat yig‘ilishlarini qayd etuvchi mustaqil monitoring guruhi esa talabalar boshchiligidagi mitingga 140 000 odam chiqqanini aytdi.
Prezident Aleksandr Vuchich va hukmron Progressiv partiya namoyishchilarni dalil keltirmasdan, chet el ta’siri ostida tinch tartibni qo‘zg‘atmoqchi bo‘layotganlikda ayblab, muddatidan oldin saylov o‘tkazish taklifini rad etdi.
Reja bo‘yicha Prezident va parlament saylovi 2027 yil bo‘lib o‘tishi kerak.
<iframe width="560" height="315" src="https://www.youtube.com/embed/T-qWRJkb2z0?si=3IVxmgos6pbb1VJT" title="YouTube video player" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>K.Bekjonov, O‘zA