Respublika olimpiya va paralimpiya sport turlariga tayyorlash markazida tashkil etilgan xalqaro seminar yakunida 27 nafar mahalliy murabbiy Butunjahon kamondan otish federatsiyasining maxsus sertifikatlari bilan taqdirlandi.
Davlatimiz rahbari tomonidan imzolangan “Kamondan otish sport turini yanada rivojlantirish va ommalashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorida belgilanganidek, aholining jismoniy tarbiya va sport bilan muntazam shug‘ullanishi uchun zamon talablariga mos shart-sharoitlar yaratish, iqtidorli sportchilarni saralash ishlarini tizimli tashkillashtirish, buyuk ajdodlarimizdan meros bo‘lib qolgan kamondan otish an’analari va qadriyatlarini kelajak avlodlarga yetkazish, kamondan otish sport turi bo‘yicha milliy terma jamoamizning Olimpiya va Paralimpiya, Osiyo va Paraosiyo o‘yinlarida, jahon chempionatlarida va boshqa yirik musobaqalarda munosib ishtirok etishini ta’minlashda malakali murabbiy-mutaxassislarning alohida o‘rni bor.

Mazkur vazifalar mundarijasidan kelib chiqib, malakali murabbiy-mutaxassislarni tayyorlash, ularning kasbiy bilimlarini yuksaltirish, o‘quv-mashg‘ulotlar jarayoniga ilg‘or ilmiy-innovatsion texnologiyalarni keng joriy qilish maqsadida Milliy olimpiya qo‘mitasining Butunjahon kamondan otish federatsiyasi bilan o‘rnatgan hamkorligi asosida kamondan otish bo‘yicha o‘zbekistonlik murabbiylar uchun seminar mashg‘ulotlari tashkil etildi.

Mashg‘ulotlarni Butunjahon kamondan otish federatsiyasi eksperti, ukrainalik mutaxassis Viktoriya Koval olib bordi.
Mashg‘ulotlar jarayonida Koval sportchilarni xalqaro musobaqalarga tayyorlashning ilg‘or yondashuvlari, zamonaviy metodikasi hamda texnik-taktik jihatlari haqida atroflicha ma’lumot berib o‘tdi.

Amaliy va nazariy mashg‘ulotlardan iborat seminar yakunida bir guruh o‘zbekistonlik murabbiylarga “Olimpiya birdamligi” dasturi va World Archery tomonidan yuborilgan sertifikatlar topshirildi.
Seminar mashg‘ulotlarini olib borgan Butunjahon kamondan otish federatsiyasi eksperti Viktoriya Koval O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi qo‘mondonining “Xalqaro hamkorligi uchun” ko‘krak nishoni bilan taqdirlandi.
T.Ro‘ziyev,
O‘zA