Isroil harbiy harakatlar kuchayishi sababli G‘azo shimolidagi ba’zi hududlardan falastinliklarni evakuatsiya qilishga buyruq berdi. G‘azo shahri va Jabaliya hududi aholisiga al-Mavosiy qirg‘oqbo‘yi hududiga ko‘chish buyurilgan. Bunga Isroil harbiy amaliyotlari “g‘arbga qarab kuchayib va kengayib borayotgani” sabab qilib ko‘rsatilgan.
AQSH prezidenti Donald Trampning migratsiya siyosati doirasida Floridada atrofi timsohlar bilan to‘la immigratsiya markazi quriladi. Huquq himoyachilari va ekologlar qurilishga qarshi norozilik bildirmoqda. Migrantlarni saqlash markazini qurish tashabbusi Florida shtatidagi bosh prokuror Jeyms Utmayerga tegishli. Qurilayotgan ob’ekt allaqachon “Timsohli Alkatras” deb atalmoqda.
Pokistonda kuchli yomg‘ir va sel kelishi oqibatida halok bo‘lganlar soni 32 kishiga yetdi. Mamlakatda sodir bo‘lgan so‘nggi suv toshqini va tom bosib qolishi 19 kishining hayotiga zomin bo‘lgan. Qurbonlarning 8 nafari bolalardir. Jami o‘limlarning 13 nafari Svat vodiysida qayd etilgan. Sharqiy Panjob provinsiyasida 25 iyun kunidan beri kamida 13 kishi halok bo‘lgan.
Xitoy elektr stansiyalarini ishdan chiqarib, elektr ta’minotini to‘liq uzib qo‘yishga qodir qurolni yaratdi. Uning animatsion videosi davlat telekanalida namoyish qilindi. Bu qurol dushmanning boshqaruv va nazorat tizimlarini ishdan chiqarib, kamida 10 ming kvadrat metr maydonda keng ko‘lamli elektr uzilishlarini keltirib chiqarishi mumkin. Qurolning nomi yoki aniq turi oshkor etilmagan. U aks etgan videoda qurol “mamlakatda ishlab chiqarilgan sirli raketa turi” deb atalgan.
AQSHning aviahujumlaridan oldin Eron 9 ta atom bombasini yaratishga yetarli miqdordagi uran zaxirasini yashirib qo‘ygan bo‘lishi mumkin. Xalqaro atom energiyasi agentligi (MAGATE) va bir qator Yevropa davlatlari Eronda aviahujumlar sodir bo‘lishidan avval mavjud bo‘lgan 400 kilogrammdan ortiq 60 foizgacha boyitilgan uranning keyingi taqdiri haqida aniq ma’lumotga ega emas. Bunga G‘arb mamlakatlarining yadro dasturlar bilan shug‘ullangan hozirgi va sobiq amaldorlari bilan o‘tkazilgan suhbatlar asos bo‘ladi.
Eronning yetakchi shia ulamosi Nosir Makaram Sheroziy 29 iyun kuni AQSH prezidenti Donald Tramp va Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyaxuga qarshi diniy fatvo chiqardi. Fatvoga ko‘ra, islom ummatining (ya’ni, butun musulmon dunyosining) birligini xavf ostiga qo‘yadigan yoki rahbariyatiga qarshi chiqadigan har qanday shaxs yoki davlat “mohareb” — ya’ni Allohga qarshi urush ochgan odam sifatida baholanadi.
<iframe width="560" height="315" src="https://www.youtube.com/embed/7U1DYAQNl28?si=it63vKSSPWG7ZfO7" title="YouTube video player" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Iroda Jo‘rayeva, Ulug‘bek To‘xtayev, O‘zA