Qashqadaryo viloyati Dehqonobod tumanidagi tog‘li hududning katta qismi Dehqonobod davlat o‘rmon xo‘jaligiga qarashli. Kuni kecha o‘sha yerda istiqomat qiluvchi bir murojaatchidan hududdagi o‘rmon yerlarida katta yong‘in chiqqani, tabiatga katta zarar yetayotgani xususida video murojaat kelib tushdi. Unda o‘rmondagi qimmatbaho Zarafshon archalarining yonayotgani aks etgan edi.
Ushbu lavhada aks etgan holat qanchalik haqiqatga yaqin ekaniga aniqlik kiritish maqsadida yo‘lga otlandik. Ma’lum bo‘lishicha, holat Dehqonobod davlat o‘rmon xo‘jaligining Sarg‘ayota bo‘limi birinchi sarhad hududida yuz bergan.
Olis va mashaqqatli tog‘ yo‘lidan manzilga yetib keldik. Murojaatchi Fayziddin Xushvaqtov bizga yo‘l ko‘rsatib bordi. Haqiqatda yong‘in u yerdagi ko‘plab o‘simlik dunyosiga jiddiy zarar yetkazgan va kattagina hududni qoplagan. Bir qarashda u yerdagi manzara o‘lim vodiysini eslatadi. Fayziddin akaning aytishicha, eng yomoni yonib kulga aylangan daraxtlar qayta ko‘karmaydi.

– Yong‘in natijasida 200 ga yaqin Zarafshon archasi va butasimon o‘simliklar, dorivor giyohlar yonib kulga aylandi, – deydi F.Xushvaqtov. – Bunga sabab aholi chorvasini rasmiy ruxsatsiz o‘rmon hududiga boqadi. O‘tov tikib shu yerda yashaydi. Taom tayyorlash uchun o‘choq yoqadi. Mana ahvol. Mas’ullar esa bunga panja ortidan qarab kelyapti.
Yong‘in shu yerlik aholi vakillari tomonidan hashar yo‘li bilan o‘chirilgan. Yaxshiyamki odam ko‘pligi hisobiga yong‘in maydoni kengaymasdan bartaraf etilgan, yo‘qsa uning zarari nihoyatda katta bo‘lishi mumkin edi.
– Yongan hududning katta qismi zaxira yerlar, o‘rmonga tegishli emas, – deydi Sarg‘ayota o‘rmon bo‘limi o‘rmon ustasi Alisher Nurmatov. – Yong‘in sodir bo‘lgani haqida xabar topganimizdan yetib keldik. O‘rmon xo‘jaligiga tegishli 50 sotix joy yongan, qolgani zaxira yerlar. Kelib aholi bilan o‘chirdik. Barcha choralarni ko‘rdik. Taxminan 4 gektar maydon yongan.

Shu kabi favqulodda vaziyatlarning oldini olish uchun qanday ishlar amalga oshiriladi, so‘raymiz undan.
– O‘rmon fondi yerlarida yong‘inlarning oldini olish uchun har xil nuqtalarga suv zaxirasini qilamiz, kigizlar tayyorlab qo‘yamiz. Chorvasini o‘tlatish maqsadida ko‘chib chiqqan aholiga ham olovdan ehtiyot bo‘lish bo‘yicha tushuntirish ishlarini olib boramiz, – deydi o‘rmon ustasi.
Mas’ulning fikriga ko‘ra, o‘rmon fondi yerlari kam zarar ko‘rgan, asosan zaxira yerlardagi o‘simliklar nobud bo‘lgan. Lekin nima bo‘lganda ham yong‘in sodir bo‘lgan va ko‘plab noyob o‘simliklarga zarar yetgan. Bu ayni haqiqat. Eng yomoni bunga shu hududlarda chorvasini o‘tlatib yurgan aholi vakillari sababchi bo‘lgan. Xo‘sh, buni javobgarligi qanday bo‘ladi? Yonib kulga aylangan o‘simlik dunyosining badalini kim to‘laydi?
Ushbu savollar bilan viloyat ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi boshqarmasi mas’ullariga murojaat qildik.

– Joriy yilning 24 iyun kuni Dehqonobod davlat o‘rmon xo‘jaligi va tuman hokimligi zaxira yer maydonlarida yong‘in sodir bo‘lganligi haqida xabar berildi, – deydi boshqarma sho‘’ba boshlig‘i Azizbek Qurbonov. – Ushbu holat bo‘yicha tegishli tashkilotlardan iborat ishchi guruh tashkil etildi va joyiga borgan holda o‘rganildi. O‘rganish davomida yong‘in tumandagi Tersoqar qishlog‘ida yashovchi fuqaroning voyaga yetmagan qizchasi tomonidan ehtiyotsizlik oqibatida sodir etilgani, jami 5,65 gektar maydonga tarqalgani aniqlandi. Shundan 1,55 gektari Dehqonobod davlat o‘rmon xo‘jaligi Sarg‘ayota bo‘limi 1-sarhadga tegishli, qolgani tuman hokimligi zaxira yer maydoniga qarashli. Yong‘in natijasida hududdagi 200 dan ortiq daraxt va butalar nobud bo‘lgan. Ushbu holat bo‘yicha joyida dalolatnoma tuzildi va buni sodir etgan fuqarodan yozma tushuntirish xati olindi. Yong‘in oqibatida yetkazilgan zarar tegishli me’yoriy hujjatlar asosida hisoblanganda 200 million so‘mdan ziyodni tashkil etmoqda. Holat bo‘yicha to‘plangan barcha hujjatlar huquqni muhofaza qiluvchi organlarga taqdim etiladi.
Xulosa o‘rnida aytish mumkinki, yetkazilgan zarar to‘lab berilishi mumkin, lekin u yerda nobud bo‘lgan noyob o‘simlik dunyosining qayta tiklanishi uchun esa bir insonning umri yetmasa kerak. Soha mas’ullari esa o‘rmonlar hududida chorva mollarini o‘tlatish, ayniqsa o‘tov tikib o‘rmon hududida yashash masalasiga jiddiy e’tibor qaratishi kerak. Yo‘qsa bu kabi yong‘inlar bundan ham kattaroq zarar yetkazishi mumkin.

O‘lmas Barotov, O‘zA muxbiri