Rossiya Federatsiyasi Raqamli rivojlanish, aloqa va ommaviy kommunikatsiyalar vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, ruID mobil ilovasi ishga tushirildi. Ushbu ilova orqali Rossiyaga kirish uchun ariza topshirish, kirish cheklovlarini tekshirish va davlat xizmatlaridan foydalanish uchun raqamli profil yaratish mumkin.
Ilova App Store va Google Play do‘konlarida mavjud. U rus, ingliz, arman, qozoq, qirg‘iz, tojik va o‘zbek tillarida ishlaydi.
Rossiyaga vizasiz kirish uchun ilovada ro‘yxatdan o‘tish talab etiladi. Buning uchun elektron pochta manzili kifoya, Rossiya telefon raqami shart emas. Sayohatchilar Rossiyaga yetib borishdan kamida 72 soat oldin ilovaga o‘z shaxsiy ma’lumotlari va safar maqsadini kiritishlari kerak. Ba’zi hollarda bu jarayonni chegarani kesib o‘tishdan 4 soat oldin ham amalga oshirish mumkin.
Ariza topshirilgach, foydalanuvchi o‘zining fotosuratini, xorijiy pasport nusxasini va ovoz yozuvini taqdim etishi kerak. Shundan so‘ng ariza Rossiya Ichki ishlar vazirligiga yuboriladi va natija foydalanuvchining shaxsiy kabinetida ko‘rsatiladi.
Ariza topshirish tartibi quyidagi shaxslarga tatbiq etilmaydi: Belarus fuqarolari, 6 yoshgacha bo‘lgan bolalar, diplomatlar, Rossiyadagi xorijiy davlatlar elchixonalari va konsulliklari xodimlari, xalqaro tashkilotlar vakillari va ularning oila a’zolari.
Rossiya davlat chegarasini kesib o‘tayotganda arizadagi ma’lumotlar tekshiriladi. Shundan so‘ng chet el fuqarosi uchun raqamli profil yaratiladi. Bu orqali SNILS va Rossiya SIM-kartasini rasmiylashtirish, shuningdek, Davlat xizmatlaridan foydalanish uchun hisob ochish mumkin bo‘ladi.
Raqamli texnologiyalar vazirligi yaqin kelajakda mamlakat ichida foydalaniladigan xizmatlar ro‘yxatini kengaytirishni rejalashtirmoqda.
2025 yil 30 iyundan boshlab Rossiyaga vizasiz rejimda kelayotgan chet elliklar uchun onlayn ro‘yxatdan o‘tish tartibi joriy etildi. Endilikda “Davlat xizmatlari” orqali ro‘yxatdan o‘tish, mamlakatda qolish muddati haqida ma’lumot berish va QR-kod olish talab etiladi.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/GPm1S6rq-50" title="Bugundan Rossiyaga borish onlayn tarzda rasmiylashtiriladi" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Fardona Yaxshiboyeva, Iskandar Ismatov, O‘zA