Energetika sohasida faoliyat yuritayotgan sub’ektlar ustidan nazoratni kuchaytirish, qonunbuzilish holatlarining oldini olish va aholiga sifatli xizmat ko‘rsatilishini ta’minlash maqsadida “O‘zenergoinspeksiya” tomonidan yurtimiz hududlarida muntazam ravishda tekshiruvlar o‘tkazilmoqda.
Ana shunday tadbirlar davomida ayrim AYOQSHlar va neft mahsulotlarini saqlash omborlarida jiddiy kamchiliklar aniqlandi. Jumladan, “O‘zenergoinspeksiya” Samarqand viloyati hududiy boshqarmasi tomonidan “Sh.” MCHJga qarashli avtomobillarga yoqilg‘i quyish shoxobchasida neft mahsulotlarini tarqatish talablariga rioya etilishi bo‘yicha o‘rganish olib borildi.
O‘rganish natijasida ushbu AYOQSHdagi yoqilg‘i tarqatish ustunlari navbatdagi davlat qiyoslov ko‘rigidan o‘tkazish muddatiga amal qilinmasdan, iste’molchilarga AI-80 va AI-92 markali avtobenzin sotilgani aniqlandi. Mazkur holat bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi qonuni asosida mazkur shoxobchaga nisbatan 150,9 million so‘m (realizatsiya qilingan neft mahsuloti qiymatining 50 foizi) miqdorida ma’muriy jarima qo‘llanildi.
“O‘zenergoinspeksiya” boshqarma boshlig‘i Dilshod Karimovning ta’kidlashicha, 2025-2026 yillarda tarmoq korxonalarining barqaror ishlashi uchun texnik tayyorlik holatlari ham o‘rganilmoqda. Joriy yilda “To‘raqo‘rg‘on neft bazasi” MCHJ va unga qarashli filiallarda tekshiruv ishlari amalga oshirildi.
– Xususan, markaziy ombordagi mavjud sig‘imlarning bo‘yoqlari eskirgani, texnik jihatdan qoniqarsiz holatda ekani aniqlandi. Shuningdek, Chust tumanidagi filialda 36, 35, 32 va 29-son avtobenzin hamda 20, 34-son dizel yoqilg‘isini saqlash sig‘imlari talab darajasida emasligi ma’lum bo‘ldi. Bu kabi holatlar Uchqo‘rg‘on tumanidagi filial omborida ham kuzatildi. 3-son nasos ta’mirga muhtoj ekani, neft mahsulotlarini vagon sisternalardan qabul qilish va uzatish quvurlarining texnik holati talabga javob bermasligi kabi kamchiliklar qayd etildi. Aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan mas’ullarga ko‘rsatmalar berildi va ularning ijrosi qat’iy nazoratga olindi, – dedi D.Karimov.
Ta’kidlash kerakki, sohadagi ochiqlik va shaffoflikni ta’minlash, qonunbuzilishlarga nisbatan murosasiz yondashish “O‘zenergoinspeksiya” faoliyatining ustuvor yo‘nalishlaridan hisoblanadi. Aniqlangan holatlarni zudlik bilan bartaraf etish, shu kabi qonunbuzarliklarga yo‘l qo‘ymaslik kelgusida fuqarolar manfaatlarini himoya qilish va energetika xavfsizligini ta’minlashda muhim qadamdir.
N.Ziyodullayeva, O‘zA