Alyans a’zolari mudofaa xarajatini oshirishga qaror qilgandan keyin NATO “haqiqiy harbiy kuch”ga aylanadi, dedi Davlat departamenti matbuot kotibi o‘rinbosari Tommi Pigot.
U Gaagadagi sammit tarixiyligini ta’kidlab, mamlakatlar zimmasiga olgan xarajatni ko‘paytirish majburiyati “NATO faoliyatida burilish nuqtasi sifatida endi har qanday zamonaviy tahdidning oldini olish, himoya tizimini mustahkamlash uchun zarur kuch, qobiliyat, chidam va tayyorlik ta’minlashi"ni eslatdi.
O‘tgan hafta Gaagada Donald Tramp AQSH Prezidenti etib saylangandan keyin ilk bor NATO sammiti bo‘lib o‘tdi. Amerika yetakchisi Alyans mudofaasiga qo‘shayotgan hissasi kamligi uchun ko‘hna qit’ani bir necha bor tanqid qilgan va barcha a’zo davlatlarga mudofaa byudjetini YAIMning 5 foizigacha oshirish talabini qo‘ygan.
Sammit yakunida a’zo davlatlar 2035 yilga borib har yili yalpi ichki mahsulotning 5 foizini mudofaa uchun ajratish bo‘yicha shartli majburiyat oldi. Bu miqdor Ispaniyaning qarshiligiga qaramay, yakuniy bayonotga kiritildi. Sammit oldidan ham ushbu mamlakat Bosh vaziri Pedro Sanches NATO Bosh kotibi Mark Ryuttega yo‘llagan rasmiy maktubida Madrid mudofaa xarajatini belgilangan qiymatga yetkazishni qo‘llab-quvvatlamasligi, aksincha 2032 yil haqida gapirib, yanada moslashuvchan formula yaratishni taklif qilgan.
S.Rahimov, O‘zA