Har bir kasb jamiyatda o‘ziga xos ahamiyatga ega. Ammo bor olamni so‘z orqali ifoda etadigan, qalblarga ta’sir o‘tkazib, jamiyatni tinchlik, taraqqiyot va adolat sari boshlaydigan kasblar orasida jurnalistikaning alohida o‘rni bor. 27 iyun — aynan ana shu oliyjanob faoliyat egalarining bayram kuni sifatida belgilangan. Bu sana mamlakatimizning barcha hududlarida bo‘lgani kabi Sirdaryo viloyatida ham yuksak kayfiyat, samimiy muhit va iliq munosabat bilan nishonlandi.
Guliston shahrida joylashgan “Farovon” tantanalar majmuasida o‘tkazilgan an’anaviy bayram tadbirida ommaviy axborot vositalari xodimlari — jurnalistlar, blogerlar, matbuot kotiblari, nashriyot va matbaa xodimlari, shuningdek, faxriy ijodkorlar faol ishtirok etdi. Ular orasida qalami o‘tkir, tahlili chuqur, tanqidiy va konstruktiv yondashuvi bilan jamiyatda muayyan o‘rin egallagan, hayotni sevgi va bag‘rikenglik bilan yorituvchi qalb egalari bor edi.
[gallery-24111]
Tadbirni Sirdaryo viloyati hokimi vazifasini bajaruvchi Erkinjon Turdimov ochib berdi. U o‘z nutqida jurnalistlarning jamiyatdagi o‘rni va ahamiyati, so‘z erkinligi, ochiqlik va tahlilchi jurnalistikaning rolini alohida ta’kidladi:
– Jurnalistlar qaysidir ma’noda xalqni davlat bilan, davlatni esa xalq bilan bog‘lovchi ko‘prik vazifasini o‘taydi. Ular xalqning dardu-tashvishlarini, muammolarini mas’ul idoralarga yetkazish, jamoatchilik fikrini shakllantirish va ijtimoiy adolatni ta’minlashda muhim o‘rin tutadi. Ammo bugungi kunda fuqarolar bilan davlat idoralari o‘rtasidagi aloqa qanday darajada ekan degan savol hali ham dolzarb. Jamiyatda ma’lum uzilishlar, kommunikativ bo‘shliqlar mavjud. Men bugungi bayram munosabati bilan ommaviy axborot vositalari xodimlariga shaxsan ochiqligimni bildirmoqchiman. Axborotni tezkor va xolis yetkazish bilan bir qatorda, tahlilga asoslangan, jamiyat taraqqiyotiga turtki beradigan chuqur mazmunli materiallar tayyorlash — zamonaviy jurnalistikaning eng muhim vazifalaridan biri hisoblanadi.
Tadbir davomida mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlarni aholiga yetkazish, jamoatchilik fikrini shakllantirish, tashabbuskorligi va fidoyiligi bilan ajralib turgan bir guruh ijodkorlar Sirdaryo viloyati hokimligi tomonidan tashakkurnomalar va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi. Bu — ularning sohaga qo‘shgan hissasi, mehnatsevarligi va vijdonan xizmatini e’tirof etish namunasi bo‘ldi.
Prezidentimizning “Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari kuni munosabati bilan soha vakillarini mukofotlash to‘g‘risida” gi Farmoni bilan “Ishonch” va “Ishonch-Doveriye” gazetalarining Sirdaryo viloyatidagi muxbiri, shoira Bahor Xolbekova II darajali “Sog‘lom avlod uchun” ordeni bilan taqdirlandi. Shuningdek, “Yangi Sirdaryo” gazetasi bosh muharriri Bahromjon Boymurodov “Oltin qalam” XIX Milliy mukofoti doirasida o‘tkazilgan xalqaro tanlovning “Davlat tilini rivojlantirish, nufuzini yanada oshirishga bag‘ishlangan eng yaxshi tahliliy material” nominatsiyasi g‘olibi bo‘ldi. Bu — nafaqat ijodkorlarning shaxsiy yutug‘i, balki butun viloyat OAV jamoasi uchun ham katta sharafdir.
– Bugungi bayram har bir ijodkorga katta quvonch bag‘ishladi. Ayniqsa, viloyat rahbarining “Jurnalist — xalq va davlat o‘rtasida ko‘prik” degan so‘zlari men uchungina emas, barcha hamkasblarim uchun katta mas’uliyat va ilhom manbai bo‘ldi, – deydi “Guliston hayoti” gazetasi bosh muharriri, “El-yurt hurmati” ordeni sohibi Bahriniso Norjigitova. — Bunday e’tirof va e’tiborlar bizdan tinimsiz izlanish, professional mahoratni oshirish va jamiyat oldidagi burchga yanada sidqidildan yondashishni talab etadi.
Bugungi kunda Sirdaryo viloyatida 23 ta bosma nashr, 3 ta elektron axborot sayti, 2 ta xususiy nashriyot va bitta ilmiy jurnal faoliyat yuritmoqda. Viloyat teleradiokompaniyasi haftalik tahliliy dasturlar, maxsus axborot loyihalari va yangi formatdagi ko‘rsatuvlarni ishlab chiqishni doimiy ravishda yo‘lga qo‘ygan.
OAV safida “O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist” unvoni egalari, “Oltin qalam” mukofoti sohiblari va yosh iqtidorli jurnalistlar samarali faoliyat olib bormoqda.
Tadbir yakunida viloyat san’at ustalari tomonidan yurt va Sirdaryoni madh etuvchi kuy-qo‘shiqlar ijro etildi. Bu esa ishtirokchilarga bayramona kayfiyat va quvonch ulashdi.
G‘ulom Primov, Shahriyor Ortiqboyev (surat) O‘zA muxbirlari