Ustyurtning bepoyon kengliklarida uchraydigan qadimiy qabristonlarda o‘tmishning tilsiz qo‘riqchilari – qulftoshlar deb ataluvchi tosh yodgorliklar bor. Ular nafis o‘ymakorligi, nozik shakllari, sirli tasvirlari bilan kishini lol qoldiradi. Uzoq vaqt davomida ular shunchaki qabr toshlari deb hisoblanib kelindi. Biroq so‘nggi tadqiqotlar ancha qadimiy va teran sirni ochmoqda – bu toshlar muqaddas otqoziqning toshga aylangan ramzlari, quyoshga ot qurbonlik qilishning eng qadimgi marosimi markazi bo‘lganini ko‘rsatmoqda.

Yog‘och manbalar: g‘oyib bo‘lgan ustunlar soyasi

Tosh qulftoshlar uzoq tarixning so‘nggi bosqichi, xolos. Hammasi daraxtdan boshlangan. Arxeologiya va etnografiya ma’lumotlari shundan dalolat bermoqdaki, YevroOsiyoning ko‘chmanchi xalqlarida, ayniqsa, o‘g‘uz-qipchoq muhitida (ko‘pgina turkiy xalqlarning, jumladan turkman, o‘zbek, qoraqalpoq va qozoqlarning ajdodlari) yog‘och otqoziqlar dafn va ta’ziya marosimlarining ajralmas qismi bo‘lgan.

Manbalarga ko‘ra, o‘g‘uzlarda dafn marosimida qurbonlik qilingan otning terisi, boshi va oyoqlari maxsus tayyorlangan «yog‘ochlarga» ilib qo‘yiladigan bo‘lgan. Bu oddiy amaliy harakat emas, balki marosimiy ramzdorlikka ega an’ana bo‘lgan. Hozirgi kunda ham shunga o‘xshash holatlarga duch kelamiz — ba’zi hududlarda xodalarga molning bosh suyagi qo‘ndirib qo‘yilganini ko‘rish mumkin. Bu amaliyotning ildizlari esa teran tarixiy va marosimiy asoslarga borib taqaladi.

Qipchoqlarda ham ot terisini baland xodalarga osib qo‘yish an’anasi bo‘lgan. Buryatlar, yoqutlar, oltoyliklarning serge va chaki deb ataluvchi muqaddas otqoziqlari hozirgacha ma’lum. Hatto uzoq vengerlarda ham shunga o‘xshash yodgorliklar – feyfa (qulftosh) bor. Bularning barchasi vazifasi va shakli jihatidan o‘zaro bog‘liq.

Nega tosh? Ramzning rivojlanishi

Daraxt abadiy emas. Sahroda u chiriydi, yo‘q bo‘ladi. Ammo e’tiqod va marosim uzoq umr ko‘rishni talab qilardi. Ustyurt va unga tutash hududlardagi tosh qulftoshlar shu tariqa dunyoga kelgan.

Dastlabki tosh stellalar aynan yog‘ochdan yasalgan o‘ymakor ustunlarning takrori sifatida yaratilgan. Arxeologik tadqiqotlar shundan dalolat beradiki, bu o‘xshashlik nafaqat shaklda, balki o‘ymakorlik uslubida ham yaqqol ko‘rinadi. Yog‘och ustunlarning tosh stellalarga “ko‘chishi” — tirik tabiatdan abadiylik timsoli bo‘lmish toshgacha bo‘lgan evolyutsion yo‘lning ramzidir. Bu jarayon dunyo daraxti (olam mehvari haqidagi eng qadimiy universal timsol) g‘oyasidan ko‘chmanchilar madaniyatidagi muqaddas otqoziqlarga bog‘lanib ketadi.

Ustyurt va unga tutash sarhadlarida balandligi 4 metrgacha yetadigan ulkan tosh ustunlar — xalq orasida “qada-tosh” deb ataladigan qipchoq otqoziqlari uchraydi. Bu hududda ohaktosh jinslarining yumshoq va ishlov berishga yengil bo‘lishi ustalarga yog‘och o‘ymakorligiga xos bo‘lgan shakl va naqshlarni toshda mukammal aks ettirish imkonini bergan. Natijada ushbu tosh ustunlar nafaqat amaliy, balki marosimiy va ma’naviy ahamiyat kasb etuvchi badiiy yodgorliklar sifatida ham ajralib turadi.

Qulftosh nafaqat ornamental shakl, balki ma’naviy-ruhiy muhtavoga ega, aniq badiiy ifodadir. Uning o‘ymakorligi bejiz emas — u asosiy g‘oyani, ya’ni ot timsoli orqali marhum haqida so‘zlab turibdi.

Ustyurtdagi XIX asrga oid ko‘plab qulftoshlarning g‘arbiy yo sharqiy yuzalarining eng pastki qismida otlarning realistik bo‘rtma tasvirlari yoki chizma shaklidagi obrazlari bilan bezatilgan. Ba’zilarining yon tomonlarida esa jangchiga xos anjomlar — qilich, kamon kabi jihozlar o‘yib tasvirlangan.

Bu tasvirlar oddiy bezak emas. Ot — marhumga bag‘ishlangan qurbonlik hayvoni, uni oxiratga yetaklovchi yo‘ldosh sifatida talqin qilinadi. Cho‘pon ota qabristonidagi ba’zi qulftoshlardagi ot va chavandoz (yoki ehtimol, daraxt) obrazlarining yorqin bo‘rtma ifodalari mavzuning chuqur marosimiy va muqaddas mohiyatini namoyon etadi. Bu tasvirlar qadimgi ko‘chmanchi madaniyatning o‘limga bo‘lgan qarashlari, tirik va narigi dunyo orasidagi bog‘lanish borasidagi falsafiy qarashlarini ifodalaydi.

Bu tasviriy an’ana faqatgina turkiy xalqlarga xos emas — u boshqa etnomadaniy muhitlarda ham o‘ziga xos ifodasini topgan. Masalan, yoqut va buryat xalqlarida ot boshi shaklida yasalgan muqaddas simvol — serge keng tarqalgan. Osetin stellalarida esa “narigi dunyo oti” obrazi (Zazxassan) aniq ifoda etilgan bo‘lib, bu tasvirlar otning marhumni oxiratda hamrohlik qilish vazifasini anglatadi. Ushbu o‘xshashliklar ot timsoli ko‘p xalqlarda universal sakral ma’noga ega bo‘lganini tasdiqlaydi.

Dunyo daraxtimi yoki kosmik otqoziq? Talqinlar bahsi

Qulftoshlarning murakkab o‘ymakorligi, ularning tik va monumental tuzilishi, shuningdek, “hayot daraxti” motivining o‘simliksimon naqshlar — arabeskalar ichida yashirin yoki ochiq-oydin ifodalanishi (ba’zan uch qismida “g‘uncha” shaklida), hamda uch qismli kompozitsiya — ildizlar (yer osti), tana (odamlar dunyosi) va uch (osmon, quyosh) tartibidagi ramziy qurilish — bularning barchasi qulftoshlarning dunyo daraxti g‘oyasi bilan chambarchas bog‘liqligini yaqqol namoyon etadi.

Qozog‘istonlik etnograf olim S. Ajig‘ali ko‘chmanchi xalqlarning dafn va ibodat arxitekturasini atroflicha tadqiq qilib, qulftoshlarni madaniy va falsafiy jihatdan sintetik timsol sifatida talqin etadi. Unga ko‘ra, qulftosh — bir necha madaniy qatlamlarning o‘zaro bog‘lanishidan shakllangan ramziy inshootdir.

Qadimiy ildiz: qulftosh timsolining poydevori — Koinot ustuni, ya’ni dunyo daraxti g‘oyasidir. Bu – eng ilk, ongsiz ravishda saqlanib qolgan arxetip qatlam, insoniyat tasavvuridagi tabiiy “dunyo o‘qi” timsoli.

Ko‘chmanchilar talqini: Miloddan avvalgi I ming yillikda ko‘chmanchi madaniyat shakllanishi bilan ushbu kosmik ustun yangi mazmun bilan boyidi. Bu bosqichda ustun — qurbonlikka atalgan ot bilan bog‘lanadi. Ko‘chmanchilar uchun ot — muqaddas, quyoshsimon va ajdodlar ruhiga bog‘langan hayvon sifatida talqin qilinadi. Endi bu “dunyo o‘qi” qurbonlik otini kosmos (Quyosh) va muqaddas ruhlar olami bilan bog‘lovchi vositaga aylanadi.

Xulosa qilib aytganda, Ustyurtdagi qulftoshlar oddiy qabrtoshlar emas — ular qadimgi e’tiqodning toshga muhrlangan solnomasidir. Bu yodgorliklar yog‘ochdan toshga ko‘chgan, dunyo daraxti timsoli orqali shakllangan, keyin esa ko‘chmanchilar tamaddunining muqaddas ramzi — Kosmik Otqoziqga aylangan g‘oyaviy evolyutsiyani ifodalaydi.

Bu zamin — ot qurbonligi orqali osmon bilan tutashgan muqaddas hudud. Qulftoshlar etaklaridagi har bir bo‘rtma ot tasviri — ulug‘ marosimning so‘zsiz, biroq hayratomuz guvohi, quyoshga yuz burgan qurbonlik tulporining muzlab qolgan aks-sadosidir.

Qulftosh — bu ko‘chmanchi xalqning moddiy dunyoda jismlangan ibodati, uning Osmon taxtidagi mangu otqozig‘i, ya’ni fano va boqiylik o‘rtasida qurilgan sakral ko‘prikdir.

Suratlarda: Ustyurtdagi “Dovud ota” qabristonida olingan qulftoshlar 

[gallery-24082]

Yesimxon Qanoatov, Maqsad Habibullayeva (surat), O‘zA

Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Ustyurt qulftoshlari — yog‘ochdan toshgacha, qurbonlikdan e’tiqodgacha