Futbol bo‘yicha O‘zbekiston Superligasining 14-turidan o‘rin olgan "Nasaf" - "Paxtakor", "Qo‘qon-1912" - "Dinamo" klublari bahsi keskin va murosasiz o‘tdi. Qo‘qondagi “Markaziy” stadionida tashkil etilgan "Qo‘qon-1912" – "Dinamo" jamoalari bahsi 2:3 hisobida yakunlandi.
Qarshi shahridagi “Markaziy” stadionida o‘tkazilgan “Nasaf" va "Paxtakor" uchrashuvining 29-62-daqiqalarida Husayn Norchayev gol urib, “Nasaf”ni 2:0 hisobida oldinga olib chiqdi. O‘yin oxirida “sherlar” ajoyib kambek amalga oshirishdi. “Paxtakor” 90-daqiqada Brayan Riaskos va 90+3-daqiqada Doston Hamdamov tomonidan kiritilgan gollar evaziga hisobni tenglashtirdi.
Qayd etilgan ushbu natijalardan so‘ng “Nasaf” 32 ochko bilan musobaqa peshqadami sifatida o‘z o‘rnini saqlab qoldi. “Dinamo” esa 28 ochko jamg‘arib, ikkinchi o‘ringa ko‘tarildi. “Paxtakor” esa 23 ochko bilan hozircha 4-o‘rindan joy olgan bo‘lsa, “Qo‘qon-1912” 12 ochko bilan 14-pog‘onada qoldi.
Bugun, 28 iyun kuni Superliganing ushbu turi doirasida "Navbahor" — "Mash’al" va"Qizilqum" — "Neftchi" uchrashuvlari bo‘lib o‘tadi.
Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA