Zamonning eng katta muammosi bugun muloqotning zaifligida bo‘lib qoldi. Gap faqat davlat rahbarlarining uchrashuvlarida emas. Xalqlar o‘rtasidagi munosabatlarda yaqinlik zaruratga aylandi. Jurnalistika esa ana shu “yumshoq joy”ni to‘latuvchi vositadir.
Farg‘onada bugun nishonlangan matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari kunida shu haqida taklif va tashabbuslar bildirildi. Unda viloyat hokimining o‘rinbosari Sherzod Polvonov bir dasturxon atrofida yig‘ilgan ommaviy axborot vositalari xodimlarini kasb bayrami bilan qutlar ekan Prezident tabrigidagi muhim jihatlarni aytib o‘tdi. Va viloyatning fidoyi jurnalistlarini hokimlik faxriy yorliqlari va esdalik sovg‘alari bilan taqdirladi.








Tadbirda so‘zga chiqqanlar mamlakatimizda so‘z va matbuot erkinligi tobora kengayib borayotganligi hamda jurnalistlar, ommaviy axborot vositalarini qo‘llab quvvatlashning izchilligi haqida gapirdi. O‘zbekiston Prezidentining matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlariga tabrigiga javoban faoliyatlariga vatanparvarlik ruhini chuqurroq singdirishlarini bildirdilar.
Tadbir viloyat san’at ustalarining katta konserti bilan davom etdi.
Muhammadjon Obidov, Elyor Olimov, O‘zA