Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Kengashida ommaviy axborot vositalari xodimlari kuniga bag‘ishlangan tadbir bo‘lib o‘tdi.
Unda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati, O‘zLiDeP fraksiyasi a’zosi Guljan Xalmuratova, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesining qo‘mita raisi Sharap Otemisov, O‘zLiDeP Qoraqalpog‘iston Respublikasi Kengashi apparat rahbari Adip Aybergenovlar so‘zga chiqib, bir qator OAV xodimlarini bayram bilan tabrikladi.

Yuqori salohiyatli va professional mahorati bilan partiya faoliyatini xolis va haqqoniy yoritib, uning aholi orasida taniluvchanligi va nufuzini oshirib, g‘oya va maqsadlarini ro‘yobga chiqarishda fidokorona mehnat qilayotgan bir qator ommaviy axborot vositalari xodimlari faoliyati alohida e’tirof etildi va partiya tomonidan minnatdorchilik bildirilib, ularga bayram sovg‘alari topshirildi.

– Yurtimizda milliy matbuotni rivojlantirish, axborot sohasini isloh qilish, matbuot va so‘z erkinligini ta’minlash, ommaviy axborot vositalari mustaqilligiga erishish yo‘lida amalga oshirilayotgan ishlar soha rivojini yangi bosqichga ko‘tardi. Qalam ahliga bo‘lgan hurmat va e’tibor yuksaldi. Bundan ruhlangan biz kabi soha xodimlari yanada shijoat bilan faoliyat yuritamiz, – deydi «Yerkin Qaraqalpaqstan» gazetasi mas’ul xodimi, Qoraqalpog‘iston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan jurnalist Sag‘indiq Janiyev. –Har qanday sharoitda ham xalqimizni yangiliklardan, yurtimiz hayoti va jahonda sodir bo‘layotgan voqeliklardan xabardor qilishda jonbozlik ko‘rsatishga harakat qilamiz.

Darhaqiqat, axborot sohasini erkinlashtirish va rivojlantirish Yangi O‘zbekistonni barpo etish jarayonida doimo ustuvor vazifa bo‘lib kelmoqda. Mamlakatimizning yangilangan Konstitutsiyasida ommaviy axborot vositalarining erkin faoliyat yuritishini ta’minlash bo‘yicha muhim qoida va tamoyillar mustahkamlab qo‘yilgani, sohaga doir huquqiy asoslar takomillashtirib borilayotgani bu fikrni yaqqol tasdiqlaydi.
Ayniqsa, keyingi yillarda yurtimizda so‘z erkinligi va fikrlar xilma-xilligiga erishish yo‘lida keng imkoniyatlar ochilayotgani media vositalari vakillarining ijtimoiy-siyosiy jarayonlardagi ishtiroki, o‘rni va nufuzini yanada kuchaytirmoqda.
– Bugungi kunda jamiyatimizda ochiqlik va oshkoralikni rivojlantirish, davlat idoralari va ularning mansabdor shaxslari faoliyati ustidan jamoatchilik nazoratini o‘rnatish, fuqarolarimizning qonuniy murojaatlarini o‘rganish va hal qilish borasida sizlarning o‘rningiz va ta’siringiz tobora ortib borayotganini barchamiz yaxshi bilamiz va yuksak qadrlaymiz, – deya ta’kidladi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Guljan Xalmuratova. – Xususan, qurilish, ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish, yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlashdagi kamchiliklar, ijtimoiy va iqtisodiy sohalardagi muammolar bo‘yicha berib borilayotgan tanqidiy va tahliliy materiallar joylarda mudrab o‘tirgan ayrim rahbar va mutasaddilarni uyqudan uyg‘otib, yangicha ishlab, odamlarning tashvishi bilan yashashga majbur qilmoqda.
Muxtasar aytganda, jurnalistlarimiz o‘zlarining qat’iy pozitsiyasi, haqqoniy so‘zi bilan hayotimizdagi o‘tkir muammolarni hal etish, islohotlarimizning samarasini oshirish, yurtdoshlarimizning fikr va dunyoqarashlarini yuksaltirishga munosib hissa qo‘shmoqdalar. Hech shubhasiz, bularning barchasi milliy media vositalari “to‘rtinchi hokimiyat” darajasiga yaqinlashib borayotganidan dalolat beradi.
Dovud Abibullayev,
O‘zA muxbiri