Sirdaryo viloyat Oila va xotin-qizlar boshqarmasida 27-iyun — Matbuot va ommaviy axborot vositalari kuni munosabati bilan tadbir tashkil etildi. Unda bir guruh ijodkorlarning faoliyati munosib taqdirlandi.Sana munosabati bilan ularga tashakkurnoma hamda esdalik sovg‘alari topshirildi.
Tadbirda viloyatdagi muhim islohotlar, ijtimoiy-siyosiy jarayonlar, jumladan, oila va xotin-qizlar masalalarini yoritib kelayotgan ijodkorlarning sa’y-harakatlari alohida e’tirof etildi.

– Ommaviy axborot vositalari — jamiyat oynasidir. Ayniqsa, xotin-qizlar hayoti, oiladagi muammolar, tenglik va faollik masalalarida yoritilgan xolis materiallar ko‘pchilikni o‘ylantiradi, yo‘l ko‘rsatadi. Shu ma’noda, sizlarning mehnatingiz jamiyat uchun juda muhim, – dedi Sirdaryo viloyati hokimi o‘rinbosari, Oila va xotin-qizlar boshqarmasi rahbari Nargiza Tojiboyeva.

Tadbir davomida faol ijodkorlar so‘zga chiqib, o‘z taassurotlari va fikrlarini bayon etishdi. Yuksak e’tibor uchun o‘z minnatdorliklarini bildirishdi.
Aytish joizki, so‘nggi yillarda Sirdaryoda media sohasi jadal rivojlanmoqda. Yangi tahririyatlar, ijtimoiy tarmoqlarda faol kanallar, mahalliy blogerlar safi kengaymoqda. Bu esa joylardagi voqea-hodisalarni tezkor va ta’sirli yoritishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri