Serbiya politsiyasi poytaxt Belgradda o‘tkazilishi rejalashtirilgan yirik aksilhukumat mitingi oldidan davlat to‘ntarishiga uringanlikda gumonlangan bir necha shaxslarni hibsga oldi. Bu haqda “Associated Press” nashri ma’lum qilmoqda.
Xabarda ta’kidlanishicha, chorshanba kuni kechqurun 6 kishi “mamlakat konstitutsiyaviy tuzumi va xavfsizligiga qarshi jinoiy harakatlar tayyorlash” va “konstitutsiyaviy tuzumni zo‘ravonlik bilan o‘zgartirishga chaqirish”da gumon qilinib, qo‘lga olingan.

Kamida yana bir universitet talabasi shu hafta boshida mobil telefon orqali shaxsiy suhbatlarida “terrorizm akti”ni tayyorlaganlikda ayblandi. Kecha Belgrad shahrida yuzlab odamlar uning hibsga olinishiga qarshi namoyishga chiqdi.
Aslida, doimiy norozilik namoyishlari noyabr oyida yangilangan temir yo‘l vokzalining qulashi va 16 kishining o‘limidan so‘ng boshlangandi. Ko‘pchilik buni o‘lkada keng tarqalgan korrupsiya va hukumatning davlat infratuzilmasi loyihalariga beparvoligida aybladi.

Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, gumondorlar “Serbiyada hokimiyatni zo‘ravonlik bilan almashtirishni rejalashtirish” maqsadida Kralevo shahridagi mehmonxonada to‘planishgan. Huquq-tartibot idoralari qo‘lga olinganlardan birining yonidan qurol olib yurishga ruxsatnomasi bo‘lmasa-da, seriya raqami o‘chirilgan to‘pponcha topdi.
Boshqa tafsilotlar hozircha ma’lum emas. Serbiya matbuoti hibsga olinganlar orasida muxolifatchi siyosatchi, 1990 yillardagi urushlar faxriysi va boshqalar borligini yozib chiqdi.
O‘.Alimov, O‘zA