Amerika Qo‘shma Shtatlarida futbol bo‘yicha klublar o‘rtasida o‘tayotgan jahon chempionatining guruh bosqichi o‘z yakuniga yetdi.
Ikki guruhda so‘nggi 3-tur bahslari o‘tkazildi. Jumladan, “G” guruhida “Yuventus” va “Manchester Siti” uchrashuvi 2:5 hisobida yakunlandi. “Vidad” hamda "Al-Ayn" jamoalari o‘yini 1:2 hisobida o‘z yakuniga yetdi. Natijada, “Manchester Siti” 9 ochko bilan birinchi o‘rindan joy oldi. “Yuventus” 6 ochko jamg‘arib, ikkinchi bo‘ldi. "Al-Ayn" 3, “Vidad” esa ochkosiz guruhning keyingi pog‘onalaridan joy oldi.

“H” guruhidagi bellashuvlarda “Real Madrid” 3:0 hisobida “RB Zalsburg” ustidan zafar quchdi va 7 ochko bilan keyingi bosqichga birinchi o‘rinda chiqdi. “Al-Hilol” esa “Pachuka”ni 2:0 hisobida yengib, ochkolarini 5 taga yetkazib oldi va ikkinchi o‘ringa ko‘tarildi. “RB Zalsburg” va “Pachuka” jamoalari bugungi mag‘lubiyatdan so‘ng 3-4 o‘ringa joylashdi va musobaqa bilan xayrlashdi.

Shu tariqa, klublar o‘rtasidagi jahon chempionatining 1/8 final bosqichiga yo‘l olgan barcha jamoalar nomi aniq bo‘ldi. Quyida nimchorak final uchrashuvlari ro‘yxati bilan tanishasiz:
28 iyun: “Palmeyras” — “Botafogo”, “Benfika” — “Chelsi”;
29 iyun: “PSJ” — “Inter Mayami”, “Flamengo” — “Bavariya”;
30 iyun: “Inter” — “Fluminense”, “Manchester Siti” — “Al Hilol»;
1 iyul: “Real” — “Yuventus”, “Borussiya D” — “Monterrey”.
Javohir Toshxo‘jayev,
O‘zA