Ikki davlat o‘rtasidagi so‘nggi urushdan so‘ng Eron Islom Respublikasi Isroil razvedka idoralariga aloqadorlikda gumon qilingan odamlarni hibsga olish, joiz bo‘lsa qatl etish bo‘yicha ish boshladi. BBC yozishicha, bu xufiylar mamlakat xavfsizlik xizmatining ko‘plab xodimlarini ushlab bergani isbotlangan. Binobarin, tegishli ma’lumot mojaro payti osongina sizib chiqishi natijasida qator shov-shuvli qotilliklar yuz bergani ko‘pchilikka ma’lum. Masalan, Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusining yuqori martabali qo‘mondonlari va yadro sohasi olimlari maqsadli o‘ldirilishi shundan dalolat.
Bunday voqealarning ko‘lami va aniq amalga oshirilishidan hayratga tushgan rasmiylar xorijiy razvedka bilan ishlashda gumon qilingan har bir fuqaroni nishonga olmoqda. Ayni tashabbus milliy xavfsizlik yo‘lida qilinayotgan sa’y-harakat sifatida baholanmoqda.
Darvoqe, 12 kun davom etgan mojaro davomida Isroil foydasiga ishlagani isbotlangan uch kishi allaqachon qatl etilgan. Chorshanba kuni, o‘t ochish to‘xtagandan bir kun o‘tib, yana uch kishi xuddi shunday ayblov bilan o‘ldirildi. Shundan so‘ng butun mamlakat bo‘ylab yuzlab gumondor josuslikda ayblanib hibsga olingani e’lon qilindi. Davlat televideniyesiga ko‘ra, ularning ba’zilari aybiga iqror bo‘lgan.
Musulmon Ziyo, O‘zA