Janubiy Koreyaning sobiq prezidenti Yun Sok Yolning rafiqasi Kim Gon Xi ikkita ilmiy darajasidan mahrum bo‘lmoqda. Ma’lum qilinishicha, Sunmyon ayollar universiteti mamlakat sobiq prezidenti rafiqasini plagiatda ayblanib, janjal boshlanganidan uch yarim yil o‘tib, uning magistrlik darajasini bekor qilishga qaror qilgan. Shundan so‘ng Kunmin universiteti ham Kimning doktorlik darajasini qaytarib olish tartibini boshlagan.
Indoneziyada Qozog‘istonning ikki fuqarosi giyohvand moddalar bilan bog‘liq jinoyatda ayblanib, hibsga olindi. Bu haqda Qozog‘iston Tashqi ishlar vazirligiga tayanib Tengrinews xabar berdi. Hozirda Indoneziya huquqni muhofaza qiluvchi organlari tomonidan dastlabki surishtiruv ishlari olib borilmoqda. Boshqa tafsilotlar oshkor qilinmayapti.
“Qozog‘istonning Jakartadagi elchixonasi tergov organlari va ayblanuvchilarning yaqinlari bilan aloqada bo‘lib turibdi. Masala qozog‘istonlik diplomatlar nazorati ostida”, deyiladi TIV xabarida.
So‘nggi 24 soat ichida Isroilning G‘azo sektori bo‘ylab uyushtirgan hujumlari oqibatida kamida 80 kishi halok bo‘lib, deyarli 400 kishi jarohatlandi. Bosib olingan G‘arbiy Sohildagi Kafr Malek shahriga isroillik ko‘chmanchilar hujumi oqibatida 3 falastinlik halok bo‘lib, bir necha kishi yaralangan. Isroil harbiylari Nablus shahriga bostirib kirib, kamida 14 nafar falastinlikni hibsga olgan. Hibsga olinganlar orasida jurnalist Mujohid Tabanja ham borligi aytilgan. Reyd davomida ismi oshkor etilmagan 2 ta erkak ham qo‘lga olingan. Isroil harbiylari ularni ko‘zi bog‘langan holda olib ketgani aytilgan.
Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy 25 iyun kuni Strasburgda “Putin uchun tribunal” yaratish bo‘yicha kelishuvni imzoladi. U “Rossiyaning barcha harbiy jinoyatchilari, jumladan, Putin ham” sud oldida javob berishini aytdi. Bu haqda BBC xabar berdi. Shuningdek, Ukraina prezidenti Rossiya ustidan g‘alaba qozonish uchun kurash to‘xtamasligini qayd etdi.
Rossiyada maktabga bormaydigan migrant bolalarni oilasi bilan mamlakatdan chiqarib yuborish taklif qilindi. Rossiya prezidenti huzuridagi Fuqarolik jamiyati va inson huquqlarini rivojlantirish kengashi raisi Valeriy Fadeyev shunday taklifni ilgari surdi.
Amaldorning so‘zlariga ko‘ra, Rossiyada 785 593 nafar “voyaga yetmagan chet el fuqarosi” istiqomat qiladi. Ammo ulardan faqat 192 254 nafari Rossiya muassasalarida ta’lim olayotganlar sifatida ro‘yxatga olingan.
Isroil milliy xavfsizlik vaziri Itamar Ben Gvir xalqaro hamjamiyatga murojaat qilib, G‘azoga yordamni to‘xtatishga chaqirdi. Vazir G‘azoga kirib kelayotgan gumanitar yordam “mutlaq sharmandalik” ekanini ta’kidlab, uni vaqtincha emas, balki butunlay to‘xtatishga chaqirgan.
Bu Ben Gvirning G‘azoga gumanitar yordamni to‘xtatishga chaqirgan birinchi holat emas. U 2024 yili ham shunday chaqiriq bilan xalqaro hamjamiyatga murojaat qilgandi. Shundan so‘ng, Avstraliya, Kanada, Yangi Zelandiya, Norvegiya va Buyuk Britaniya unga va yana bir vazirga qarshi sanksiyalar joriy qilgandi.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/WwKsp4PYHzI" title="Indoneziyada Qozog‘istonning ikki fuqarosi o‘limga hukm qilinishi mumkin" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Iroda Jo‘rayeva, Ulug‘bek To‘xtayev, O‘zA