Oliy Majlis Senatining sakkizinchi yalpi majlisi yakunlandi.
Ikki kun davom etgan majlisda Senat va Hukumat a’zolari, vazirlik va idoralar rahbarlari, ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi. Videokonferensaloqa tizimidan foydalangan holda o‘tkazilgan majlis Senatning Youtube tarmog‘idagi rasmiy sahifasi orqali to‘g‘ridan-to‘g‘ri yoritib borildi.
Yalpi majlisning birinchi ish kunida aholini o‘ylantirayotgan masalalarga yechim topish, Senat hamda xalq deputatlari mahalliy kengashlari oldida turgan birinchi darajali vazifalar muhokama qilindi.
Parlamentdagi muxolifatning kafolatlangan huquqlarini kengaytirish, ijro jarayonida kafolat mablag‘larini joriy etish, iqtisodiy, agrar, ekologik va investitsiya sohalariga oid ayrim qonun hujjatlariga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risidagi qonunlar ma’qullandi.
Majlisning ikkinchi ish kunida Senat Raisi Tanzila Norboyeva davlatimiz rahbarining kuni kecha e’lon qilingan “O‘zbekiston Respublikasida mahalliy davlat hokimiyati vakillik organlari faoliyatini 2030 yilga qadar rivojlantirish konsepsiyasini tasdiqlash to‘g‘risida”gi farmoniga alohida to‘xtaldi.
Yangilangan Konstitutsiyada mahalliy kengash raisi va hokim lavozimlari bir-biridan ajratilishi belgilanganidan kelib chiqib, “Kuchli kengash, hisobdor va tashabbuskor hokim” tamoyili joriy etilgani jamiyatimiz hayotida muhim voqelik bo‘lganini e’tirof etdi.
Majlisda Turkiy davlatlar tashkilotining Fuqaro muhofazasi mexanizmini tashkil etish to‘g‘risidagi Bitimni ratifikatsiya qilish, shuningdek, Yadroviy zarar uchun fuqarolik javobgarligi to‘g‘risidagi Vena konvensiyasiga O‘zbekiston Respublikasining qo‘shilishi to‘g‘risidagi qonunlar muhokama etildi.
Senatorlar O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki raisining 2024 yildagi faoliyati to‘g‘risidagi hisobotini eshitdi. Markaziy bank tomonidan bartaraf etilishi lozim bo‘lgan kamchiliklar va amalga oshiriladigan vazifalarga e’tibor qaratildi. Fuqarolarning bank kartalaridan turli firibgarlik yo‘llari bilan mablag‘larni o‘zlashtirish holatlariga barham berish, bazaviy inflyatsiya darajasini pasaytirish choralarini ko‘rish zarurligi qayd etildi.
Yalpi majlisda investitsiya muhitini yaxshilash, mehnat qonunchiligiga rioya etilishini ta’minlash hamda voyaga yetmagan bolalarning ta’minoti uchun aliment undirish va to‘lash tizimini takomillashtirish yuzasidan tegishli vazirlik va idoralarga parlament so‘rovlari yuborildi.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/NFyUDvkbTOs" title="Oliy Majlis Senatining sakkizinchi yalpi majlisi yakunlandi" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Norgul Abduraimova, Abror Sodiqov (video), Anvar Ahmedov (montaj), O‘zA