26 iyun kuni Toshkent shahrida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining sakkizinchi yalpi majlisi o‘z ishini davom ettirdi.
Unda Senat, hukumat a’zolari, vazirlik va idoralarning vakillari, mahalliy Kengashlarning deputatlari, Senat huzuridagi Yoshlar parlamenti a’zolari hamda ommaviy axborot vositalari xodimlari qatnashdi.
Videokonferensaloqa tarzida o‘tkazilgan yalpi majlisni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi Tanzila Norboyeva olib bordi.
Yalpi majlis Senatning YouTube tarmog‘idagi sahifasi orqali to‘g‘ridan-to‘g‘ri yoritib borildi.
Yalpi majlisning ikkinchi ish kuni “Turkiy davlatlar tashkilotining Fuqaro muhofazasi mexanizmini tashkil etish to‘g‘risidagi Bitimni (Bishkek, 2024 yil 6 noyabr) ratifikatsiya qilish haqida”gi qonunni ko‘rib chiqishdan boshlandi.
Ta’kidlanganidek, Bitim 2024 yil 6 noyabr kuni Qirg‘iziston Respublikasining Bishkek shahrida “Turkiy dunyoni kengaytirish: iqtisodiy integratsiya, barqaror rivojlanish, raqamli kelajak va barcha uchun xavfsizlik” shiori ostida o‘tkazilgan Turkiy davlatlar tashkilotiga davlat rahbarlari kengashi yig‘ilishi doirasida ishlab chiqilgan va Ozarbayjon, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Turkiya va O‘zbekiston tomonidan imzolangan.
Mazkur hujjatning asosiy maqsadi Tashkilotga a’zo davlatlarning favqulodda vaziyatlar idoralari o‘rtasida tabiiy ofatlarning oldini olish va bartaraf etish sohasida samarali hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘yish va Tashkilot a’zolarining soha yo‘nalishidagi do‘stona munosabatlarini mustahkamlashdan iborat.
Bitimda Tashkilotga a’zo davlatlar fuqaro muhofazasi mexanizmi kuzatuvchi davlatlar va boshqa davlatlarning hududlarida yuz berishi mumkin bo‘lgan tabiiy ofatlar va favqulodda vaziyatlarda favqulodda ehtiyojlarni qondirish uchun birgalikdagi faoliyatni samarali tashkil etish nazarda tutilmoqda.
Shuningdek, Tashkilotga a’zo davlatlarning favqulodda vaziyatlar idoralari o‘rtasida samarali hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, tabiiy ofatlar vaqtida tezkor qidiruv-qutqaruv ishlarini muvofiqlashtirish, ushbu sohadagi monitoring, tahlillar natijalarini hamda o‘zaro tajriba almashinuvini tizimlashtirish hamda o‘zaro yordam va hamkorlikni yangi bosqichga ko‘tarish kabi masalalarning huquqiy asoslari va mexanizmlari belgilangan.
Qonun bilan mazkur Bitimning ratifikatsiya qilinishi favqulodda vaziyatlar sohasida xalqaro hamkorlik aloqalarini yangi bosqichga ko‘tarishga va tabiiy ofatlarning oldini olish, prognozlash, monitoring va tahlil qilishga xizmat qiladi.
Bundan tashqari, favqulodda vaziyatlar va holatlar sodir bo‘lganda boshqaruv va qidiruv-qutqaruv ishlarini samarali tashkil etish bo‘yicha ilg‘or tajribalarni almashishga imkon yaratadi.
Muhokama yakunida senatorlar tomonidan qonun ma’qullandi.
Shundan so‘ng “Yadroviy zarar uchun fuqarolik javobgarligi to‘g‘risidagi Vena konvensiyasiga (Vena, 1963 yil 21 may) O‘zbekiston Respublikasining qo‘shilishi haqida”gi qonun muhokama qilindi.
Ta’kidlanganidek, O‘zbekiston Respublikasi mazkur Konvensiyaga qo‘shilishi natijasida fuqarolik yadro ob’ektlarida sodir bo‘lgan hodisalar oqibatida yetkazilgan zarar uchun javobgarlik rejimi, zararni qoplash tartibi, muddatlari va tamoyillarini belgilaydigan asosiy normalar tatbiq etiladi. Shuningdek, yadroviy javobgarlik rejimi yadroviy falokat yuz bergan taqdirda O‘zbekiston xalqiga tovon to‘lanishi ta’minlanadi.
Mazkur hujjatning asosiy maqsadi yadroviy qurilma operatori tomonidan boshqariladigan inshootlarda sodir bo‘lgan hodisalar natijasida yuzaga kelgan yadro zarari uchun operatorning javobgarligini, shuningdek, yadro zararidan moliyaviy himoyani ta’minlash uchun minimal talablarni belgilashdan iborat.
Qayd etilganidek, Vena konvensiyasiga qo‘shilish zararni qoplashning xalqaro miqyosda tan olingan huquqiy mexanizmlarini ta’minlab, jabrlanuvchilarni himoya qilishni kuchaytiradi, yadroviy qurilmalar operatorining aniq majburiyatlarini belgilaydi va yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan zararlarni qoplash uchun ishonchli moliyaviy kafolatlarni yaratadi.
Shu bilan birga, milliy yadro xavfsizligi tizimiga ishonchni oshiradi, xalqaro hamkorlikni mustahkamlaydi va yadroviy javobgarlik sohasidagi zamonaviy standartlarga rioya etilishini ta’minlaydi.
O‘zbekistonning Vena konvensiyasiga qo‘shilishi yadro energetikasi va xavfsizligi sohasida xalqaro huquqiy maydonga kirishini ta’minlashga, yadroviy xavfsizlikni kafolatlashga, yadroviy zarardan jabrlanuvchilarning huquqlarini munosib himoya qilishga, davlatning yadro energetikasi sohasidagi mas’uliyatini aniq belgilashga hamda yadro energetikasi sohasida sug‘urta tizimi va kompensatsiya mexanizmlarini joriy etishga xizmat qiladi.
Bundan tashqari, O‘zbekistonning Atom energiyasi xalqaro agentligi bilan hamkorlik aloqalari yanada kengayadi va uning dasturlari doirasida istiqbolli loyihalarni amalga oshirish ishlari faollashadi.
Muhokama yakunida senatorlar qonunni ma’qulladi.
Senatning 8-yalpi majlisida O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankining 2024 yildagi faoliyati to‘g‘risidagi hisoboti eshitildi.
Ta’kidlanganidek, 2024 yilda Markaziy bankning faoliyatida asosiy e’tibor yalpi talabning inflyatsiyaga bo‘lgan bosimlarini yumshatish, aholining jamg‘arish faolligini rag‘batlantirish hamda o‘rta muddatli istiqbolda inflyatsiyaning belgilangan target ko‘rsatkichiga yetishini ta’minlashga qaratilgan.
Shuningdek, ushbu davrda bank tizimining moliyaviy barqarorlik ko‘rsatkichlarini maqbullashtirish, yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan xatarlarning salbiy ta’sirlarini yumshatish, bank xizmatlari va hisob-kitob operatsiyalariga kibertahdid va firibgarlik holatlarining oldini olish ustuvor vazifalar sifatida belgilangan.
Ushbu vazifalarni amalga oshirish natijasida 2024 yilda bank tizimining jami kapitali hajmi 18 foizga, ustav kapitali hajmi 22 foizga o‘sgan. Kapital monandligi ko‘rsatkichi 17,4 foizni tashkil etib (minimal talab 13 foiz), o‘tgan yil darajasida (17,5 foiz) saqlanib qolgan.
Hisobot yilida banklar tomonidan tadbirkorlik sub’ektlarining biznes tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash, investitsiyaviy loyihalarini moliyalashtirish hamda aholi ehtiyojlari uchun ajratilgan kreditlar miqdori 2023 yilga nisbatan 35,8 trillion so‘mga oshgan va 287,1 trillion so‘mni tashkil qilgan. Iqtisodiyotdagi umumiy kredit qo‘yilmalari qoldig‘i esa 566,2 trillion so‘mni tashkil etib, 14 foizga o‘sgan.
Amalga oshirilgan chora-tadbirlar natijasida va inflyatsiyani oshiruvchi xatarlarning kamayganligi tufayli asosiy stavka 14 foizdan 13,5 foizga pasaytirilgan.
Pul-kredit sohasidagi ushbu chora-tadbirlar inflyatsiya darajasining yuqori sur’atlarda o‘sishini jilovlash imkonini bergan. Yil yakunida inflyatsiya darajasi 9,8 foizni, bazaviy inflyatsiya darajasi esa 7,2 foizni tashkil etgan.
Shu bilan birga, majlisda senatorlar Markaziy bank tomonidan bartaraf etilishi lozim bo‘lgan kamchiliklar va amalga oshiriladigan vazifalarga e’tibor qaratdi.
Jumladan, tijorat banklari tomonidan tadbirkorlik sub’ektlaridan qonunchilik hujjatlari talablariga rioya qilmay asossiz kredit foizi va penya undirilgan, oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish dasturi doirasidagi kreditlarni ajratishda belgilangan muddatlarga rioya qilinmagan. “NUMO” va “UZCARD” tizimlarining integratsiyasi hanuzgacha yakunlanmagan. Muammoli kreditlarning ulushi o‘tgan yilgi darajada saqlanib qolmoqda.
Mas’ullarning mazkur kamchiliklarni bartaraf etish borasida ko‘rilayotgan choralar to‘g‘risidagi axborotlari eshitildi.
Muhokama jarayonida fuqarolarning bank kartalaridan turli firibgarlik yo‘llari bilan mablag‘larni o‘zlashtirish holatlariga barham berish zarurligi alohida qayd etildi.
Senatorlar tomonidan bazaviy inflyatsiya darajasini pasaytirish choralarini ko‘rish, to‘lov tizimlari barqaror ishlashini ta’minlash, xizmatlar ko‘lamini kengaytirish bo‘yicha takliflar bildirildi. Bundan tashqari, kiberxavfsizlik choralarini kuchaytirish hamda tadbirkorlardan noqonuniy tarzda mablag‘ undirish holatlariga chek qo‘yish zarurligi ta’kidlandi.
Muhokama yakunida bildirilgan takliflarni inobatga olgan holda Senatning tegishli qarori qabul qilindi.
Shuningdek, senatorlar tomonidan mehnat qonunchiligiga rioya qilinishi yuzasidan kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vaziriga parlament so‘rovi yuborish to‘g‘risidagi masala ko‘rib chiqildi.
Ta’kidlanganidek, Senat a’zolarining joylarda o‘z saylovchilari bilan uchrashuvlarida, shu jumladan, sayyor qabullarda, Senatga kelib tushayotgan murojaatlarda hamda ijtimoiy tarmoqlarda davlat idoralari, korxona va tashkilotlari mehnat qonunchiligiga yetarli darajada rioya etmayotganligi oqibatida so‘nggi vaqtlarda fuqarolar tomonidan e’tirozlar bildirilmoqda. Shuni inobatga olib, ushbu masala Senatning Sud-huquq masalalari va korrupsiyaga qarshi kurashish qo‘mitasi tomonidan o‘rganilgan.
Jumladan, 2023-2024 yillarda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining virtual va xalq qabulxonalariga kelib tushgan bandlik va mehnat munosabatlari bilan bog‘liq murojaatlar o‘rganish jarayonida aniqlanganidek, ayrim davlat idoralari, korxona va tashkilotlarining murojaatlar bilan ishlash faoliyati qoniqarsizligicha qolmoqda.
Davlat organlari va tashkilotlari, shuningdek, mahalliy davlat hokimiyati organlariga mazkur masalalar bo‘yicha 167 314 ta murojaat kelib tushgan bo‘lib, murojaatlar soni 2024 yilda (80 816 ta) 2023 yilga (86 498 ta) nisbatan qariyb 6 mingtaga yoki 7 foizga kamaygan bo‘lsa-da, mehnatga haq to‘lash hamda mehnat va bandlik sohasidagi boshqaruv bilan bog‘liq masalalarga doir murojaatlar soni oshgan.
2024 yilda sudlarda ko‘rilgan ishlar bo‘yicha joylarda mehnat qonunchiligiga rioya qilmaslik oqibatida huquqi buzilgan fuqarolar foydasiga ish beruvchilardan 166 milliard so‘m ish haqi, 22 milliard so‘m kechikkanlik uchun haq, 20 milliard so‘m ma’naviy zarar va 17 milliard so‘m davlat boji undirish haqida sud qarorlari qabul qilingan bo‘lib, natijada ayrim rahbarlarning noqonuniy buyruqlari natijasida jami 225 milliard so‘m miqdorida yoki 2023 yilga nisbatan 86 milliard so‘mdan ko‘p miqdorda zarar yetkazilgan.
Mehnat nizolarining aksariyatini ish haqini undirish, ishga tiklash, pulli kompensatsiya undirish, mehnat ta’tili, ishga qabul qilishni g‘ayriqonuniy ravishda rad etganlik bilan bog‘liq nizolar tashkil etgan.
Aholining haqli e’tirozlari ko‘payishi, adolatsizlik yuzasidan fuqarolarning shikoyatlari soni keskin ortishi senatorlar tomonidan tanqid qilindi.
Muhokama natijasida mazkur masala yuzasidan parlament so‘rovi yuborish bo‘yicha Senatning qarori qabul qilindi.
Yalpi majlisda voyaga yetmagan bolalarning ta’minoti uchun aliment undirish va to‘lash tizimini takomillashtirish bo‘yicha ko‘rilayotgan chora-tadbirlar yuzasidan Vazirlar Mahkamasiga parlament so‘rovi yuborish masalasi ham muhokama qilindi.
Ta’kidlanganidek, so‘nggi yillarda mamlakatimizda bolalar huquqlarini ta’minlash va kafolatlash hamda ularni ijtimoiy himoya qilish, xususan, bolalarning ta’minoti uchun aliment undirish va to‘lash tizimini takomillashtirish borasida muayyan ishlar amalga oshirilmoqda.
Jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida bolaning to‘laqonli rivojlanishi uchun eng yaxshi shart-sharoitlarni yaratish davlatning majburiyati ekanligi mustahkamlab qo‘yildi.
Shuningdek, qonunchilikda aliment to‘lashdan bo‘yin tovlaganlik uchun ma’muriy va jinoiy javobgarlik choralari kuchaytirilgan.
Qarzdor tomonidan uzrsiz sabablarga ko‘ra sud hujjati ijro etilmaganda qarzdorning mamlakatimizdan chiqishini vaqtincha cheklash mumkinligi belgilangan.
Shu bilan birga, Bosh prokuratura huzuridagi Majburiy ijro byurosida “Aliment to‘lovlari” jamg‘armasi tashkil etilib, 50 milliard so‘m mablag‘ ajratilgan.
Sohada olib borilgan islohotlar natijasida bir qator ijobiy natijalarga erishildi. Xususan, Majburiy ijro byurosi organlari tomonidan 2024 yil davomida 2,1 trillion so‘m mablag‘lar, shundan oldindan to‘lov sifatida 46,3 milliard so‘m miqdorida aliment pullari undirilgan. 2025 yil yanvar holatiga ko‘ra “Aliment to‘lovlari” jamg‘armasi hisobidan 1 723 nafar undiruvchiga 40,6 milliard so‘m mablag‘ to‘lab berilgan.
Shuningdek, o‘tgan yilda 13 252 ta oila yarashtirilgan, ishsiz bo‘lgan 5 113 nafar qarzdor, shundan 8 201 nafari “Bandlik platformasi” orqali ishga joylashtirilgan.
Muhokama davomida bolalarning ta’minoti uchun aliment undirish va to‘lash jarayonida ayrim muammo va kamchiliklar borligi senatorlar tomonidan ta’kidlandi.
Xususan, Bosh qomusimizda ota-onalar o‘z farzandlarini voyaga yetguniga qadar to‘laqonli va har tomonlama kamol topishi xususida g‘amxo‘rlik qilishga majburligi belgilangan bo‘lsa-da, ayrim ota-onalar ushbu majburiyatga mas’uliyat bilan yondashmayotganiga e’tibor qaratildi.
2023 yilda 5 697 shaxs, 2024 yilda esa bu ko‘rsatkich 35 foizga ortib, 8 833 shaxs moddiy ta’minlashdan bo‘yin tovlaganlik uchun ma’muriy javobgarlikka tortilgan hamda o‘tgan yilning o‘zida jinoyat ishlari bo‘yicha sudlar tomonidan 1 109 ta ayblov hukmi chiqarilgan.
Muhokama davomida ish joyi bo‘lmagan va daromadi aniqlanmagan qarzdorlardan alimentni undirish borasidagi ayrim muammolarga ham e’tibor qaratildi.
Bolalarga aliment undirish va oilani ta’minlashning boshqa shakllarining xalqaro tartibi to‘g‘risidagi Gaaga Konvensiyasiga qo‘shilish, “Aliment to‘lovlari” jamg‘armasini shakllantirish manbalarini kengaytirish va aliment majburiyatlarini ijro etish va nazorat qilishning yagona axborot tizimini Iqtisodiyot va moliya vazirligining G‘aznachiligi elektron tizimi bilan integratsiya qilish vazifalari ijrosi kechikayotgani senatorlar tomonidan tanqid qilindi.
“Aliment to‘lovlari” jamg‘armasi hisobidan 1 723 nafar undiruvchiga 40,6 milliard so‘m mablag‘ to‘lab berilgan bo‘lsa-da, ushbu mablag‘larning atigi 2 foizi, ya’ni 849,2 million so‘mi jamg‘armaga qaytarilgani mazkur yo‘nalishda ham ta’sirchan choralar ko‘rish lozimligi ta’kidlandi.
Bundan tashqari, Oila kodeksining 107-moddasiga asosan voyaga yetmagan bola sud qarori bilan ota-onasidan olinib, bolalar tarbiya muassasasiga joylashtirilgan bo‘lsa, ota va onaning har biridan mazkur bola foydasiga belgilangan miqdorlarda alimentlar undiriladi. Bunda undirilgan alimentlar mazkur bola nomiga ochilgan bank hisobvarag‘ida jamlanadi va u voyaga yetganda to‘lanadi.
Biroq voyaga yetmagan bolalar nomiga bank hisobvarag‘i ochishning huquqiy asoslari belgilanmaganligi uchun bugungi kunga qadar alimentlar boshqa hisobvaraqlarga to‘lab borilgan.
Muhokama yakunida yuqorida tilga olingan dolzarb masalalarni o‘z ichiga olgan parlament so‘rovini Vazirlar Mahkamasiga yuborish to‘g‘risida Senat qarori qabul qilindi.
Shuningdek, senatorlar tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashining qarorlari ham tasdiqlandi.
Yalpi majlisda jamiyat hayotining barcha sohalari huquqiy asoslarini mustahkamlashga va mamlakatda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar samaradorligini oshirishga, xalqaro hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan 13 ta masala, shu jumladan, 8 ta qonun ko‘rib chiqildi.
Shuning bilan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining sakkizinchi yalpi majlisi yakunlandi.
O‘zbekiston Respublikasi
Oliy Majlisi Senati
Axborot xizmati