Keyingi yillarda iqtisodiy tengsizlikni o‘lchashda sun’iy yo‘ldosh ma’lumotlaridan foydalanish global ilmiy va siyosiy jihatdan muhimlik kasb etmoqda. Bu borada yurtimizda tungi yorug‘lik ma’lumotlari asosida tadqiqotlar olib borilmoqda. Xo‘sh, buning amaliy samaradorligi nimada? Shu haqda Ijtimoiy himoya milliy agentligi huzuridagi Ijtimoiy siyosat laboratoriyasi Dasturiy tadqiqotlar bo‘limi bosh mutaxassisi Ulug‘bek TURSUNOVning fikrlariga qiziqdik.

– An’anaviy metodlar – masalan, uy xo‘jaliklari so‘rovnomalari yoki aholini ro‘yxatga olish tadbirlari – qimmat, vaqt talab qiluvchi va ba’zida hududiy aniqlik jihatidan cheklangan bo‘lishi mumkin. Ayni paytda esa sun’iy yo‘ldoshdan olingan tungi yorug‘lik ma’lumotlari infratuzilma, aholi zichligi, iqtisodiy faollik kabi omillarni bevosita yoki bilvosita aks ettiruvchi ishonchli proksi ko‘rsatkichga aylanmoqda, – deya fikr bildiradi mutaxassis.

Tungi yorug‘lik darajasi asosida 2014-2024 yillar oralig‘idagi tengsizlik darajasi o‘lchangan. Tadqiqotda tungi yorug‘lik darajasi va aholi zichligi o‘rtasida kuchli ijobiy bog‘liqlik borligi aniqlangan. Ayniqsa, tungi yorug‘lik darajasi Toshkent shahri va Farg‘ona vodiysi hududlarida yuqori bo‘lib, bu iqtisodiy faollik va infratuzilma rivojlanganligini ko‘rsatadi.

Tungi yorug‘lik asosidagi "Gini" indeksi hisob-kitoblari shuni ko‘rsatmoqdaki, 2014-2024 yillar davomida umumiy tungi yorug‘lik tengsizligi pasaygan. Ayniqsa, Toshkent shahrida bu ko‘rsatkich keskin kamaygan, bu – elektr ta’minoti sohasida amalga oshirilgan islohotlar natijasidir. Biroq pandemiya yillarida ayrim hududlarda, masalan, Xorazm viloyatida tungi yorug‘lik tengsizligi ortgani kuzatilgan. Bu iqtisodiy faollikdagi pasayishlar va ularning hududiy taqsimotdagi ta’sirini ko‘rsatadi.

Tadqiqotda tungi yorug‘lik ko‘rsatkichlari bilan an’anaviy daromadga asoslangan "Gini" indekslari solishtirilib, ularning o‘zaro bog‘liqligi ham tahlil qilindi. 2021-2022 yillarda bu ikki ko‘rsatkich o‘rtasida deyarli hech qanday korrelyatsiya mavjud emasligi aniqlangan bo‘lsa-da, 2023-2024 yillarda ular o‘rtasida ijobiy bog‘lanish yuzaga kelgan. Bu daromad manbalari tuzilmasining o‘zgarishi bilan izohlanadi. Shu bois tungi yorug‘lik va daromad asosidagi tengsizlik o‘lchovlari o‘zaro to‘ldiruvchi manba sifatida qaralmoqda.

– Tungi yorug‘lik asosidagi tengsizlikni o‘lchashning muhim jihati nimada?

– Tungi yorug‘lik asosidagi tengsizlikni o‘lchashning muhim ustunliklaridan biri, bu tumanlar darajasida yuqori aniqlikda tahlil qilish imkoniyatidir. Uy xo‘jaliklari so‘rovnomalari odatda viloyat darajasida reprezentativ bo‘lsa, sun’iy yo‘ldosh ma’lumotlari orqali barcha tumanlar kesimida "Gini" indeksini hisoblash mumkin. Masalan, 2024 yil holatiga ko‘ra G‘uzor, Xonqa, Qorovulbozor, Nishon va Karmana tumanlarida tungi yorug‘lik bo‘yicha eng yuqori tengsizlik kuzatilgan. Bu hududlarda infratuzilma va iqtisodiy imkoniyatlarning notekis taqsimlangani ehtimoli yuqori.

Xulosa shuki, sun’iy yo‘ldosh ma’lumotlari, xususan, tungi yorug‘lik darajalari – iqtisodiy tengsizlikni o‘lchashda kuchli va zamonaviy vosita sifatida xizmat qilishi mumkin. U nafaqat mavjud vaziyatni tahlil qilish, balki hududlararo siyosat samaradorligini baholash uchun ham muhim manba bo‘lib xizmat qiladi.

Abdulaziz RUSTAMOV, O‘zA

Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
O‘zbekistonda tungi yorug‘lik ma’lumotlari asosida tadqiqotlar olib borilmoqda