Qadim hududi Fransiyaning umumiy maydonidan katta. Unda bepoyon sahrolar, ko‘m-ko‘k vodiy va qorli tog‘lar bor.
Ammo biz bugun eramizdan avvalgi to‘rtinchi asrda bunyod etilgan, gurkirab yashnagan, nafaqat Shinjon, balki Osiyoning eng yirik shaharlaridan biri bo‘lgan Yorg‘ul haqida hikoya qilmoqchimiz.

Turfon shahri bag‘rida qadimiy Yorg‘ul shahrining qoldiqlari saqlanib qolgan. Olimlarning ta’kidlashicha, bu shahar 2300 yil ilgari bunyod etilgan. Qariyb 3000 kilometr sahrodan yurib kelgan karvonlar uchun birinchi qattiq zamin mana shu Yorg‘ul shahri bo‘lgan. Karvonlar bu yerda to‘xtab bir necha kun orom olib savdo-sotiq bilan shug‘ullangan.
Tarixiy manbalar va zamonaviy tadqiqotlarda qayd etilishicha, Yorg‘ul Buyuk ipak yo‘lidagi eng muhim nuqtalardan biri bo‘lgan. U Chin o‘lkasini Yevropa bilan bog‘lovchi o‘rtalikdagi shahar bo‘lgan. O‘z davrida Yorg‘ulda nafaqat saroy, o‘nlab ibodatxona, balki karvonlar uchun mehmonxonalar, ixtisoslashgan tilla, kumush, chinni, ipak bozorlari bo‘lgan.

Yorg‘ulda imoratlar zichlangan tuproqdan qurilgan. Uning devorlari 1-1,5 metr qalinlikni tashkil etgan. Bu yozda quyosh nuridan saqlagan, qishda esa issiq bo‘lgan. Lekin tuproqdan qilingan bo‘lishiga qaramasdan shuncha yillar, asrlar davomida saroylar, xonaqolar, odamlar yashaydigan uylar haligacha saqlanib qolgan. Yorg‘ul xarobalari markazida haligacha saroy qoldiqlarini ko‘rish mumkin.
– Bu bino 2300 yil avval qurilgan bo‘lib, podshohlik saroyi tarkibida bo‘lgan, – deydi Yorg‘ul yodgorliklar majmuasi ilmiy xodimi Ahmad Ibrohim. – Uning tomi rasmlar bilan bezalgan yog‘ochlardan iborat. 100 yil avval angliyalik arxeolog Stai ularni o‘z yurtidagi muzeylarga olib ketgan.

Bu esa podshoh saroyidan shaharga chiqadigan tunnel bo‘lgan. Bunisi xazinaxona edi. Maydon o‘rtasida taxt bo‘lib, ikki yonida vazirlar turgan.
Insoniyat yaratilibdiki, u qaysi dinga sig‘inmasin, e’tiqodi bo‘lgan. Eramizning yettinchi asri islom kirib kelgunicha ham Yorg‘ulda turli ibodatxonalar qurilgan.

– Bu yerda 27 ta but bo‘lgan ekan, – deydi Ahmad Ibrohim. – Ulardan 2 tasi ko‘rib turganingizdek saqlanib qolgan. Qolganini angliyalik arxeologlar olib chiqib ketgan.
Qo‘shtirnoqdagi “xorijiy olimlar” tomonidan talon-taroj qilingan bo‘lsada, yigirma uch asr muqaddam me’mor va mo‘yqalam egasi qanchalar mahoratli ekanini bugungacha saqlangan lavhalardan ko‘rish mumkin.

Yana bir jihat hayratlanarli.
Din va davlat bir bo‘lgan zamonlarda ibodatxonalar ko‘rkamlikda podshoh saroyidan kam bo‘lmagan. Yorg‘ul shahrida ham shunday edi. Podshoh ibodatxonasi o‘ng tomonida rohiblarning uyi joylashgan. O‘rtadagi maydonda shahar aholisi yig‘ilib ibodat qilgan.

Shinjon hukumati, uning e’tiqodi mustahkam aholisi Yorg‘ulni faxr bilan avaylab-asrab, saqlab kelmoqda. Har yili bu yerning o‘ziga bir milliondan ziyod xorijiy sayyohlar kelar ekan. Chunki mashhurlikda va tarixiy ahamiyati bilan Yorg‘ul Misr ehromlaridan kam emas.

<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/dQG594aoghY" title="Uch ming yillik tarixga ega Yorg‘ul" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Muhammadjon Obidov, Elyor Olimov