O‘zbekiston jurnalistikasi uzoq va tarixiy yo‘lni bosib o‘tdi. Soha rivoji uchun qanchadan-qancha fidoiy insonlar o‘z umrini bag‘ishladi va ularning sharafli yo‘li bugungi o‘sib kelayotgan avlod uchun tajriba va mahorat maktabidir.
27 iyun — Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari kuni munosabati Toshkent Fotosuratlar uyida mamlakatimiz jurnalistikasi tarixi va buguniga bag‘ishlangan fotoko‘rgazma tashkil etildi. “O‘zbekiston matbuoti arxiv hujjatlarda” deb nomlangan ushbu namoyishlarda Kinofotofono hujjatlari milliy arxivida saqlanayotgan salkam 100 yillik O‘zbekiston matbuoti tarixini aks ettirgan 150 dan ortiq fotohujjatlar taqdim etildi.
O‘zbekiston Badiiy akademiyasi, “O‘zarxiv” agentligi va O‘zbekiston Milliy Axborot agentligi tomonidan tashkil etilgan ko‘rgazmada OAV haqidagi ma’lumotlar, arxiv hujjatlari, fotomateriallar ilk bor namoyish etilmoqda. Shuningdek, ko‘rgazmadan davriy nashrlar tahririyatlarining ijodiy uchrashuvlari, bosmaxonalarning faoliyati, intervyu va suhbatlar, respublika markaziy va hududiy gazeta va jurnallar, teleradiostudiyalarning ish jarayonlari, teledastur va eshittirishlar tayyorlash, materiallar ustida ishlash, tasvirga olish va ovoz yozish jarayonlari muhrlangan noyob eksponatlar o‘rin olgan.
Tadbirning ochilish marosimida ta’kidlanganidek ushbu ko‘rgazma jurnalistlar, umuman qalam ahli uchun bugungi kunda juda dolzarb va yosh avlod tarbiyasida muhim ahamiyat kasb etadi. Muhimi ana shunday tadbirlar orqali inson qadri doimo ulug‘lanadigan yurtimizda fidoiy kasb egalarining mehnati hech qachon unutilmasligi va ardoqlanishi ko‘rsatib berildi.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/PrjntMBUAI8" title="Arxivlar – tarix ko‘zgusi" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Sanjar Toshpo‘latov, Yoqub Meliboyev, Ulug‘bek To‘xtayev, O‘zA