Mo‘g‘uliston poytaxti Ulan-Bator shahrida mamlakat notariat tizimi tashkil etilganiga 100 yil to‘lishi munosabati bilan tantanali tadbirlar bo‘lib o‘tmoqda.
25–28 iyun kunlari doirasida xalqaro uchrashuvlar va konferensiyalar tashkil etildi, ular notariat sohasidagi ko‘plab xalqaro mutaxassis va tashkilotlarni birlashtirdi.

Tadbirlar doirasida Xalqaro notariuslar ittifoqi (XNI) Osiyo ishlari komissiyasining 15-Yalpi yig‘ilishi hamda sohaga oid qator dolzarb mavzularda uchrashuvlar bo‘lib o‘tdi. Ularda O‘zbekistondan Notarial palata raisi Dilshod Ashurov boshchiligidagi delegatsiya ham faol ishtirok etdi.

Tadbirlar xalqaro konferensiya bilan boshlandi. Unda “Notariat sohasida qonunchilikni takomillashtirish tendensiyalari” mavzusida ma’ruzalar tinglandi. Jumladan, Dilshod Ashurov “O‘zbekiston notariuslari tomonidan mediatsiyani amalga oshirish amaliyoti” mavzusida taqdimot qildi.

Mediatsiya sohasida turli davlatlarning tajriba va yondashuvlari muhokama qilindi.
Keyingi kuni XNI Osiyo ishlari komissiyasining 15-Yalpi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda komissiyaga a’zo davlatlar vakillari 2024–2025 yillarda amalga oshirilgan ishlar bo‘yicha hisobot berdi. Yig‘ilish chog‘ida boshqaruv tizimi va vakolat muddatlariga o‘zgartirishlar kiritildi hamda yangi rahbarlar nomzodlari belgilandi.

Shuningdek, O‘zbekiston delegatsiyasi tomonidan “Masofaviy notarial harakatlarni huquqiy tartibga solish va amalda joriy etish” mavzusida taqdimot taqdim etildi. Unda raqamli notariat xizmatlarini joriy etish bo‘yicha amaliy ishlar bayon qilindi.

Bunday xalqaro forumlarda ishtirok etish notariat sohasida hamkorlikni mustahkamlash, tajriba almashish va ilg‘or amaliyotlarni joriy etishga xizmat qiladi.

Tadbirlar yakunida Mo‘g‘uliston Notarial palatasi raisiga esdalik sovg‘alar topshirildi.
O‘zA