Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika institutida 2025-2026 o‘quv yili uchun qabul jarayoniga bag‘ishlangan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda institut rektori Quvondiq Qodirov ommaviy axborot vositalari vakillari – jurnalist va blogerlarga joriy yilgi qabul jarayonidagi muhim yangiliklar haqida ma’lumot berdi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024 yil 24 maydagi “Oliy ta’lim tashkilotlariga o‘qishga qabul qilish va davlat buyurtmasini joylashtirish tizimini takomillashtirish to‘g‘risida”gi farmoniga muvofiq, 2024-2025 o‘quv yilidan boshlab davlat oliy va kasbiy ta’lim muassasalariga (kasb-hunar maktabi bundan mustasno) qabul bo‘yicha imtihonlar “avval test, so‘ng tanlov” tamoyili asosida bir vaqtda o‘tkazilishi belgilandi.
Abituriyentlar o‘z tanloviga ko‘ra, test sinovi natijasida to‘plagan balidan kelib chiqib, dastlab oliy ta’limning bakalavriat ta’lim yo‘nalishlariga, so‘ngra kasbiy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirish uchun tanlovda ishtirok etishadi.
Institut rektori joriy yilda davlat oliy ta’lim muassasalari bakalavriatiga qabul jarayoni 2 bosqichda amalga oshirilishi, alohida iqtidor talab etiladigan bakalavriat ta’lim yo‘nalishlariga qabul uchun kasbiy (ijodiy) imtihonlar institutning o‘zida, shuningdek, boshqa ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha test sinovlari Bilimni baholash agentligi tomonidan ajratilgan joylarda o‘tkazilishi belgilanganligi, ularni tashkil etish bo‘yicha yuqori darajada tayyorgarliklar olib borilayotganligini ta’kidladi.
Shuningdek, qabul jarayonini yuqori darajada tashkil etish, abituriyentlar va ularning ota-onalariga muhim maslahatlar, huquqiy yo‘l-yo‘riqlar, sohadagi yangiliklar va o‘zgarishlar haqida to‘liq ma’lumot berish maqsadida institutda qabul komissiyasi va uning tarkibida maslahat hamda koll-markazlar faoliyati yo‘lga qo‘yilganligi, ushbu markazlar har kuni soat 09:00 dan 18:00 gacha doimiy faoliyat yuritib kelayotganligi bo‘yicha ma’lumot berildi.
Tadbirda qabul jarayonidagi yangiliklar va o‘zgarishlar haqida ommaviy axborot vositalari vakillari o‘zlarini qiziqtirgan savollariga javob olishdi.
Rektor Quvondiq Qodirov barcha ishtirokchi jurnalist va blogerlarni 27 iyun – Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari kuni bayrami bilan tabrikladi va ijodiy ishlarida muvaffaqiyatlar tiladi.
[gallery-24064]
Bayram tadbirida mamlakatimizda oliy ta’lim sohasida, jumladan, institutda amalga oshirilayotgan ishlar, islohotlar natijalarini xalqimizga yuksak ijodiy mahorat bilan yetkazishda fidokorona xizmat qilayotgan jurnalistlar, texnik xodimlar, blogerlarga bayram sovg‘alari va faxriy yorliqlar topshirildi.
O‘z navbatida jurnalistlar bayram arafasida ko‘rsatilayotgan bunday e’tibor uchun institut jamoasiga o‘z minnatdorliklarini bildirishdi.
Dovud Abibullayev, Maqsad Habibullayev (surat), O‘zA muxbirlari