O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti mutaxassislari 2017-2024 yillar davomida mamlakatda xizmatlar sohasining rivojlanishini tahlil qildi. Tahlillarga ko‘ra, ushbu soha iqtisodiyot, aholi bandligi va hayot sifati o‘sishining muhim omiliga aylangan.
2024 yilda xizmatlar sohasining yalpi ichki mahsulotdagi ulushi 47,4 foizni tashkil etdi. 2020 yilda bu ko‘rsatkich 41,6 foiz bo‘lgan. Bandlikdagi ulushi esa 55,4 foizga yetdi. 2017 yilda bu ko‘rsatkich 49,8 foiz bo‘lgan. Xizmat ko‘rsatuvchi sohada faoliyat yuritayotganlar soni 7,9 million kishini tashkil etdi. Shuningdek, xizmat ko‘rsatuvchi korxonalar soni 2017 yilga nisbatan 1,6 barobarga ko‘payib, 310,8 mingtaga yetdi.
Jahon bankining baholashicha, 2017-2023 yillarda O‘zbekistonda xizmatlar sohasida qo‘shilgan qiymatning o‘sish sur’ati yiliga 6,5 foizni tashkil etib, Markaziy Osiyodagi eng yuqori ko‘rsatkichga aylangan. Qozog‘istonda bu ko‘rsatkich 2,5 foiz, Qirg‘izistonda 3,1 foiz va Tojikistonda 5,2 foizni tashkil etgan. Mamlakatda ko‘rsatilgan xizmatlar umumiy hajmi so‘nggi 8 yilda 2,5 barobarga oshgan. Ayniqsa, moliyaviy xizmatlar 7,6 barobar, axborot va aloqa xizmatlari 4,9 barobar, ta’lim xizmatlari esa 3,2 barobar o‘sgan.
Xalqaro baholashlarda ham mamlakatning pozitsiyasi yaxshilangan. 2023 yilda e’lon qilingan xalqaro xizmatlar joylashuvi indeksida (GSLI) O‘zbekiston 78 ta mamlakat ichida 40-o‘rinni egalladi. Unda mamlakatning biznes uchun moliyaviy jozibadorligi yuqori baholangan. Shuningdek, raqamli boshqaruv yetuklik indeksida (GTMI, 2024) O‘zbekiston 43-o‘rinni egallab, 2020 yilga nisbatan 37 pog‘ona yuqorilagan. Elektron ishtirok indeksida esa mamlakat 53-o‘ringa chiqib, raqamli xizmatlar yuqori rivojlangan davlatlar qatorida qoldi. Indeks bahosi 0,699 ni tashkil etdi.
Raqamlashtirish va onlayn xizmatlarning rivojlanishi iqtisodiyotda axborot va elektron savdo ulushining 3,7 foizgacha ko‘payishiga xizmat qildi. 2017 yilda bu ko‘rsatkich 2,2 foiz bo‘lgan. 2023 yilda elektron tijorat bozorining hajmi 1 milliard AQSH dollaridan oshdi.
Turistik xizmatlar esa eng tez o‘suvchi yo‘nalishlardan biriga aylandi. 2017 yildan buyon ularning hajmi 2,1 barobarga oshgan. 2024 yilda turizm xizmatlar sohasida eng katta ulush 22,4 foizni tashkil etdi. Shu yili O‘zbekiston 8 million sayyohni qabul qildi va Markaziy Osiyoda turistlar oqimining o‘sishi bo‘yicha 1-o‘rinni egalladi. Yiliga o‘sish sur’ati 20,1 foizni tashkil etdi. Turizm va sayohatlar rivojlanish indeksida (TTDI) O‘zbekiston 119 davlat orasida 78-o‘rinni egallab, 2024 yilning o‘zida 16 pog‘ona yuqorilagan. Bu natijalar turizm infratuzilmasi, raqamli xizmatlar (onlayn band qilish, virtual turlar) hamda viza rasmiylashtirish jarayonlarining soddalashtirilishi (e-visa) bilan bog‘liqdir.
Logistika samaradorligi indeksida (LPI) esa mamlakat 139 ta davlat ichida 88-o‘rinni egalladi. 2018 yilga nisbatan 11 pog‘onaga yuqoriladi. MDH davlatlari orasida 5-o‘rin, Markaziy Osiyoda esa 2-o‘rin qayd etildi. Eng katta o‘sish bojxona jarayonlari samaradorligi, xalqaro savdodagi logistika zanjirlarining integratsiya darajasi va logistika xizmatlari sifati bo‘yicha kuzatilgan.
2024 yilda xizmatlar eksporti 7,2 milliard AQSH dollarini tashkil etdi. Bu 2017 yilga nisbatan 6 barobar ko‘p bo‘lib, mamlakatning umumiy eksporti hajmining 26,7 foizini tashkil etdi. Xizmatlar eksporti tarkibida asosiy ulushni turizm 3,5 milliard dollar (48,8 foiz) va transport 2,6 milliard dollar (35,7 foiz) tashkil etdi.
N.Ziyodullayeva tayyorladi,
O‘zA