Mamlakatimizda bolalar huquqlarini ta’minlash va kafolatlash hamda ularni ijtimoiy himoya qilish, xususan, bolalarning ta’minoti uchun aliment undirish va to‘lash tizimini takomillashtirish borasida muayyan ishlar amalga oshirilmoqda.
Jumladan, Konstitutsiyada bolaning to‘laqonli rivojlanishi uchun eng yaxshi shart-sharoitlarni yaratish davlatning majburiyati ekani mustahkamlab qo‘yildi. Shuningdek, qonunchilikda aliment to‘lashdan bo‘yin tovlaganlik uchun ma’muriy va jinoiy javobgarlik choralari kuchaytirilgan.
Bu Senat yalpi majlisida voyaga yetmagan bolalarning ta’minoti uchun aliment undirish va to‘lash tizimini takomillashtirish bo‘yicha ko‘rilayotgan chora-tadbirlar yuzasidan Vazirlar Mahkamasiga parlament so‘rovi yuborish masalasi ko‘rib chiqilayotganda qayd etildi.

Senatning Yoshlar, xotin-qizlar, madaniyat va sport masalalari qo‘mitasi raisi Orzigul Qozixonova qonunchilikda aliment to‘lashdan bo‘yin tovlaganlik uchun ma’muriy va jinoiy javobgarlik choralari kuchaytirilganini ta’kidladi.
Qarzdor tomonidan uzrsiz sabablarga ko‘ra sud hujjati ijro etilmaganda, qarzdorning mamlakatimizdan chiqishini vaqtincha cheklash mumkinligi belgilangan.
Shu bilan birga, Bosh prokuratura huzuridagi Majburiy ijro byurosi (MIB)da “Aliment to‘lovlari” jamg‘armasi tashkil etilib, unga 50 milliard so‘m mablag‘ ajratilgan.
Sohada olib borilgan islohotlar natijasida bir qator ijobiy natijalarga erishildi. Xususan, MIB organlari tomonidan 2024 yil davomida 2,1 trillion so‘m, shundan oldindan to‘lov sifatida 46,3 milliard so‘m miqdorida aliment undirilgan.

2025 yil yanvar holatiga ko‘ra, “Aliment to‘lovlari” jamg‘armasi hisobidan 1 ming 723 nafar undiruvchiga 40,6 milliard so‘m mablag‘ to‘lab berilgan.
Shuningdek, o‘tgan yilda 13 ming 252 ta oila yarashtirilgan, ishsiz bo‘lgan 25 ming 113 nafar qarzdor, shundan 8 ming 201 nafari “Bandlik platformasi” orqali ishga joylashtirilgan.
Muhokama davomida bolalarning ta’minoti uchun aliment undirish va to‘lash jarayonida ayrim muammo va kamchiliklar borligi senatorlar tomonidan ta’kidlandi.
Xususan, Bosh qomusimizda ota-onalar o‘z farzandlarini voyaga yetguniga qadar to‘laqonli va har tomonlama kamol topishi xususida g‘amxo‘rlik qilishga majburligi belgilangan bo‘lsa-da, ayrim ota-onalar ushbu majburiyatga mas’uliyat bilan yondashmayotganiga e’tibor qaratildi.
2023 yilda 5 ming 697 shaxs, 2024 yilda esa bu ko‘rsatkich 35 foizga ortib, 8 ming 833 shaxs moddiy ta’minlashdan bo‘yin tovlaganligi uchun ma’muriy javobgarlikka tortilgan hamda o‘tgan yilning o‘zida jinoyat ishlari bo‘yicha sudlar tomonidan 1 ming 109 ayblov hukmi chiqarilgan.
Muhokama davomida ish joyi bo‘lmagan va daromadi aniqlanmagan qarzdorlardan alimentni undirish borasidagi ayrim muammolarga ham e’tibor qaratildi.
Bolalarga aliment undirish va oilani ta’minlashning boshqa shakllarining xalqaro tartibi to‘g‘risidagi Gaaga konvensiyasiga qo‘shilish, “Aliment to‘lovlari” jamg‘armasini shakllantirish manbalarini kengaytirish va aliment majburiyatlarini ijro etish va nazorat qilishning yagona axborot tizimini Iqtisodiyot va moliya vazirligining G‘aznachilik elektron tizimi bilan integratsiya qilish vazifalari ijrosi kechikayotgani senatorlar tomonidan tanqid qilindi.
“Aliment to‘lovlari” jamg‘armasi hisobidan 1 ming 723 nafar undiruvchiga 40,6 milliard so‘m mablag‘ to‘lab berilgan bo‘lsa-da, ushbu mablag‘larning atigi 2 foizi, ya’ni 849,2 million so‘mi jamg‘armaga qaytarilgani mazkur yo‘nalishda ham ta’sirchan choralar ko‘rish lozimligini anglatmoqda.
Bundan tashqari, Oila kodeksining 107-moddasiga asosan voyaga yetmagan bola sud qarori bilan ota-onasidan olinib, bolalar tarbiya muassasasiga joylashtirilgan bo‘lsa, ota va onaning har biridan mazkur bola foydasiga belgilangan miqdorlarda alimentlar undiriladi. Bunda, undirilgan alimentlar mazkur bola nomiga ochilgan bank hisob-varag‘ida jamlanadi va u voyaga yetganda to‘lanadi.
Biroq, voyaga yetmagan bolalar nomiga bank hisob-varag‘i ochishning huquqiy asoslari belgilanmagani uchun bugungi kunga qadar alimentlar boshqa hisob-varaqlarga to‘lab borilgan.
Muhokama yakunida yuqorida tilga olingan dolzarb masalalarni o‘z ichiga olgan parlament so‘rovini Vazirlar Mahkamasiga yuborish to‘g‘risida Senat qarori qabul qilindi.
N.Abduraimova,
O‘zA