Bugun, 26 iyun kuni poytaxtimizda davom etayotgan "UzChess Cup-2025" turnirining 8-turida "Masters" guruhida g‘oliblikka asosiy da’vogar sanalgan hamyurtimiz Nodirbek Abdusattorov qora donalarda jahon chempioni Yan Nepomnyashiyga qarshi dona suradi.
Kecha o‘tkazilgan 7-tur o‘yinlarida kuchlilar guruhining 3 ta bahsida durang qayd etildi. Ikkitasida g‘olib nomi aniqlandi.

Xususan, Nodirbek Abdusattorov Parxam Magsudluni, Javohir Sindorov hindistonlik Aravind Chitambaramni mag‘lub etdi. Shamsiddin Vohidov - Nodirbek Yoqubboyev, Richard Rapport - Arjun Erigaisi, Yan Nepomnyashiy - Rameshbabu Praggnanandxa qarama-qarshiligidagi uchrashuvlarda murosa yo‘li tanlandi.
Bugun o‘tkaziladigan 8-tur o‘yinlari ostonasida Nodirbek Abdusattorov 5 ochko bilan yakka peshqadamga aylanib oldi. Keyingi pog‘onalarni band etgan hindistonlik Arjun Erigaisi va hamyurtimiz Javohir Sindorov hisobida 4,5 ochko mavjud.

8-turda Erigaisi qora donalarda hamyurti Rameshbabu Praggnanandxa bilan, Javohir Sindorov qora donalarda Nodirbek Yoqubboyev bilan kuch sinashishini e’tiborga olsak, bu, Abdusattorov uchun qaysidir ma’noda omadli holat deyish mumkin.
Mukofot jamg‘armasi 121 ming 500 AQSH dollaridan iborat xalqaro turnirning “Challengers" guruhida qora donalarda ozarbayjonlik Nidjat Abasov bilan durangga erishgan gretsiyalik Nikolas Teodoru 5,5 ochko bilan yetakchiga aylangan vaziyatda, hamyurtimiz Muhiddin Madaminov 4,5 ochko bilan 2-o‘rinni egallab turibdi. O‘tgan 7-turda Madaminov oq donalarda amerikalik Endryu Hongni mag‘lub etdi.

Bugun “Challengers" guruhi peshqadami Nikolas Teodoru 8-turda oq donalarda ukrainalik Vasiliy Ivanchuk qarshiligini yengishga harakat qilsa, Muhiddinov oq donalarda Gulruhbegim Tohirjonova bilan ro‘baro‘ keladi.

“Futures" guruhida kecha o‘tgan 7-turda Ortiq Nig‘matov qora donalarda daniyalik Boris Chatalbashevga imkoniyatni boy berib qo‘ygan bo‘lsa-da, 4,5 ochko bilan karvonboshilikni davom ettirmoqda. Bugun Nig‘matov qora donalarda terma jamoamiz a’zosi Saidakbar Saidaliyev bilan kuch sinashadi. Ortiq Nig‘matovni 4 ochko jamg‘argan holda ta’qib etayotgan turkmanistonlik Saparmurat Atabayev 8-turda oq donalarda vengriyalik Robert Rakka qarshi dona suradi. Aytish lozim, Atabayev 7-turda mahoratli shaxmatchimiz Saidakbar Saidaliyev bilan durangga erishgan edi.
Eslatib o‘tamiz, yakunlanishiga bir kun qolgan "UzChess Cup-2025" turnirining "Masters" guruhida g‘oliblikni qo‘lga kiritgan shaxmatchi 20 ming AQSH dollariga ega chiqish bilan birga, FIDE Circiut reytingi uchun qimmatli ochkolarga ham musharraf bo‘ladi.
T.Ro‘ziyev,
O‘zA