Senat yalpi majlisida O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankining 2024 yildagi faoliyati to‘g‘risidagi hisoboti eshitildi.
Markaziy bank raisi Timur Ishmetov 2024 yilda asosiy e’tibor yalpi talabning inflyatsiyaga bo‘lgan bosimlarini yumshatishga qaratilganini ta’kidladi. Aholining jamg‘arish faolligini rag‘batlantirish hamda o‘rta muddatli istiqbolda inflyatsiyaning belgilangan target ko‘rsatkichiga yetishini ta’minlashga e’tibor qaratildi.

Bank tizimining moliyaviy barqarorlik ko‘rsatkichlarini maqbullashtirish, yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan xatarlarning salbiy ta’sirlarini yumshatish, bank xizmatlari va hisob-kitob operatsiyalariga kibertahdid va firibgarlik holatlarining oldini olish ustuvor vazifa sifatida belgilangan.
Ushbu vazifalarni amalga oshirish natijasida 2024 yilda bank tizimining jami kapitali hajmi 18 foizga, ustav kapitali hajmi 22 foizga o‘sgan. Kapital monandligi ko‘rsatkichi 17,4 foizni tashkil etib (minimal talab 13 foiz), o‘tgan yil darajasida (17,5 foiz) saqlanib qolgan.

Banklar tomonidan tadbirkorlik sub’ektlarining biznes tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash, investitsiyaviy loyihalarini moliyalashtirish hamda aholi ehtiyojlari uchun ajratilgan kreditlar miqdori 2023 yilga nisbatan 35,8 trillion so‘mga oshgan va 287,1 trillion so‘mni tashkil qilgan. Iqtisodiyotdagi umumiy kredit qo‘yilmalari qoldig‘i esa 566,2 trillion so‘mni tashkil etib, 14 foizga o‘sgan.
Amalga oshirilgan chora-tadbirlar natijasida va inflyatsiyani oshiruvchi xatarlarning kamaygani tufayli asosiy stavka 14 foizdan 13,5 foizga pasaytirilgan.
Pul-kredit sohasidagi ushbu chora-tadbirlar inflyatsiya darajasining yuqori sur’atlarda o‘sishini jilovlash imkonini bergan. Yil yakunida inflyatsiya darajasi 9,8 foizni, bazaviy inflyatsiya darajasi esa 7,2 foizni tashkil etgan.

Shu bilan birga, majlisda senatorlar Markaziy bank tomonidan bartaraf etilishi lozim bo‘lgan kamchiliklar va amalga oshiriladigan vazifalarga e’tibor qaratdi.
Jumladan, tijorat banklari tomonidan tadbirkorlik sub’ektlaridan qonunchilik hujjatlari talablariga rioya qilmay asossiz kredit foizi va penya undirilgan, oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish dasturi doirasidagi kreditlarni ajratishda belgilangan muddatlarga rioya qilinmagan. “Numo” va “Uzcard” tizimlarining integratsiyasi hanuzgacha yakunlanmagan. Muammoli kreditlarning ulushi o‘tgan yilgi darajada saqlanib qolmoqda.
Mas’ullarning mazkur kamchiliklarni bartaraf etish borasida ko‘rilayotgan choralar to‘g‘risidagi axborotlari eshitildi.
Muhokama jarayonida fuqarolarning bank kartalaridan turli firibgarlik yo‘llari bilan mablag‘larni o‘zlashtirish holatlariga barham berish zarurligi alohida qayd etildi.
Senatorlar tomonidan bazaviy inflyatsiya darajasini pasaytirish choralarini ko‘rish, to‘lov tizimlari barqaror ishlashini ta’minlash, xizmatlar ko‘lamini kengaytirish bo‘yicha takliflar bildirildi. Bundan tashqari, kiberxavfsizlik choralarini kuchaytirish hamda tadbirkorlardan noqonuniy tarzda mablag‘ undirish holatlariga chek qo‘yish zarurligi ta’kidlandi.
Muhokama yakunida bildirilgan takliflarni inobatga olgan holda Senatning tegishli qarori qabul qilindi.
N.Abduraimova,
O‘zA