O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi Navoiy viloyat bo‘limi hamda “NKMK jamg‘armasi” davlat muassasasi hamkorligida Qiziltepa tumanidagi “To‘dako‘l” dam olish maskanining turizm salohiyati, amalga oshirilayotgan islohotlar samarasi, aholiga yaratilayotgan qulayliklar bilan yaqindan tanishtirish maqsadida press-tur tashkil etildi.
20 gektardan ortiq maydonni o‘z ichiga olgan “To‘dako‘l” dam olish maskanida bugungi kunda turizmni rivojlantirish orqali tadbirkorlik sub’ektlari uchun qulay sharoitlar yaratilgan. 74 o‘rinli mehmonxona, 196 o‘rinli kottejlar, plyaj, suzish havzasi, sport va bolalar maydonchalari dam oluvchilarga xizmat ko‘rsatadi. Bu imkoniyatlar mahalliy va xorijiy sayyohlar uchun mavjud resurslardan samarali foydalanishda muhim omil bo‘lib xizmat qiladi. Yoz mavsumida maskanga tashrif buyuruvchilar tabiat go‘zalligidan bahra olib, maroqli hordiq chiqarish barobarida o‘z salomatligini ham tiklaydilar.
[gallery-24034]
– Mavsum boshlangandan beri kombinatning 600 nafarga yaqin ishchi-xodimlari kelib dam olishdi, – deydi dam olish maskani boshlig‘i Siroj Oripov. – 1 maydan 15 sentyabrgacha bo‘lgan davrda NKMK ishchilari oilasi, farzandlari bilan kelishadi. Bu yerda suv havzasi, yod bromli vannalar, sport bilan shug‘ullanish uchun barcha sharoit mavjud. Dam oluvchilar 3 mahal ovqat bilan ta’minlanadi. Yod bromli suvimiz inson organizmi uchun foydali hisoblanadi. Bu suv 250 metr chuqurlikdan 45 daraja issiqlikda chiqadi. Maskanimizga tashrif buyuruvchilar ham dam olishlari, ham davolanish imkoniyatiga ega. Plyajimizda 300 ga yaqin o‘rindiqlar mavjud. Bolalar uchun alohida akva parkimiz bor. Bundan tashqari, qo‘shimcha xizmat turlari ham yo‘lga qo‘yilgan.
Tadbirda jurnalistlar ushbu “Yoz – 2025” mavsumida dam oluvchilar uchun yaratilgan yangi imkoniyat va qulayliklar, xavfsiz hordiq chiqarish uchun alohida qo‘riqlash, maxsus tibbiy xizmat, favqulodda vaziyatlar xizmatlari faoliyati hamda 50 nafarga yaqin mavsumiy va doimiy ishchi-xodimlar uchun qurib foydalanishga topshirilgan yotoqxonadagi sharoitlar bilan ham tanishdilar. Shuningdek, o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javoblar oldilar.
Ko‘l manzaralari bilan uyg‘un kechgan tadbir ommaviy axborot vositalari vakillari uchun qiziqarli va mazmunli, taassurotlarga boy bo‘ldi.
<iframe width="560" height="315" src="https://www.youtube.com/embed/pKgw6BzW_ek?si=GSo-G7SA1OqD86sU" title="YouTube video player" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>A.Bo‘riyev, S.Aslonov (surat,video), O‘zA muxbirlari