Turkiyada o‘tayotgan xalqaro tennis turnirida uch vakilimiz – Maksim Shin, Amir Milushev va Diana Yakovleva muvaffaqiyatli start oldi.
Xalqaro tennis federatsiyasi tomonidan o‘tkazilayotgan M15 tasnifiga kiruvchi ushbu musobaqaning ilk davrasida Amir Milushev germaniyalik Nino Exrenshneyderni 6:3, 7:6 hisobida taslim etgan bo‘lsa, Maksim Shin ispaniyalik Bernardo Mesani 7:6, 2:6, 6:4 hisobida yengdi.
Shu tariqa, nimchorak finalga yo‘l olgan Maksim chorak final ostonasida fransiyalik Pol Inchauspe bilan kuch sinashadi. Amir esa turkiyalik Birtan Duranga qarshi kortga chiqadi. Yosh tennischimiz Diana Yakovleva ilk bosqichda italiyalik Lukretsiya Musettini 3:6, 6:3, 7:5 hisobida taslim qildi hamda ikkinchi davrada avstraliyalik Alana Subasik bilan raqobatlashadigan bo‘ldi.
Ma’lumot o‘rnida: mazkur musobaqaning kechagi bahslarida yana bir tennischi qizimiz Milana Maslenkova ham ilk davrada zafar quchgan edi.
Javohir Toshxo‘jayev,
O‘zA