Bugun, 26 iyun kuni futbol bo‘yicha O‘zbekiston Superligasining 14-tur uchrashuvlari start oladi. Bu turning ilk o‘yini "Xorazm" va "Andijon" jamoalari o‘rtasida kechadi.
Ertaga, 27 iyun kuni "Nasaf" — "Paxtakor" va "Qo‘qon-1912" — "Dinamo" klublari bahsiga guvoh bo‘lamiz. 28 iyun kuni esa "Navbahor" — "Mash’al", "Qizilqum" — "Neftchi", 29 iyunda "Buxoro" — "Sho‘rtan", "Bunyodkor" — "So‘g‘diyona" jamoalari o‘zaro raqobatlashadi. Turni 30 iyun kuni o‘tkaziladigan OKMK va "Surxon" o‘yini yakunlab beradi.

Shuni ta’kidlab o‘tishimiz lozimki, mazkur tur oldidan “Nasaf” 31 ochko bilan Superligada peshqadamlik qilmoqda. Ushbu jamoani “Dinamo” bitta o‘yin kam o‘tkazgan holda 25 ochko to‘plagan holda ta’qib qilmoqda. OKMK esa 24 ochko jamg‘arib, kuchli uchlikdan joy olgan.


Ma’lumot o‘rnida: O‘zbekiston Superligasining orta qolgan 13 turidan so‘ng “Navbahor” jamoasi o‘yinlariga jami 79 ming 485 nafar futbol ixlosmandi tashrif buyurgan. Shuningdek, “Andijon” jamoasi o‘yinlariga 66 ming 474, “Neftchi” uchrashuvlariga 59 ming 556 nafar muxlis kelgan.
Javohir Toshxo‘jayev,
O‘zA