Isroil armiyasi va dronlari qamaldagi G‘azo sektorida 86 nafar falastinlikni, jumladan, yordam tarqatish markazlari yaqinida 56 kishini o‘ldirdi. Anklav janubidagi Rafah shahrida 24 iyun kuni 27 nafar falastinlik yordam punktlarida Isroil harbiylari tomonidan otib tashlangan. G‘azoda urush boshlangandan beri halok bo‘lganlar 56 mingdan oshgan, 131 848 kishi yaralangan.
Isroil armiyasi shtab boshlig‘i Eyal Zamir Eronga qarshi urush hali tugamaganini ma’lum qildi. General tegishli bayonotni Eron-Isroil o‘rtasida o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha sulh joriy etilgach e’lon qilgan.
“Muhim bobni yakunlayapmiz, ammo Eronga qarshi urush tugamadi. Biz joriy harbiy harakatda erishilgan yutuqlarga asoslangan yangi bobga o‘tmoqdamiz”, dedi Zamir.
Xitoyda sud poraxo‘rlikda ayblanayotgan amaldorni o‘lim jazosiga hukm qildi, biroq hukm ijrosi ikki yilga kechiktirildi. Ma’lum qilinishicha, ayblanuvchi noqonuniy ravishda 15 million dollardan ortiq mablag‘ olgan. Gap Xunan provinsiyasi Xalq siyosiy maslahat kengashi qo‘mitasi raisi sobiq o‘rinbosari Day Daojin haqida ketmoqda. Hukm 24 iyun kuni Guandun provinsiyasi Chjuxay shahri sudida e’lon qilingan.
Rossiya prezidenti Vladimir Putin jamoat joylaridagi belgi, ko‘rsatkich, ma’lumot peshtaxtalari va boshqa vizual axborot vositalarida xorijiy so‘zlardan foydalanishni taqiqlovchi qonun chiqardi. Ushbu qaror matni Qonun hujjatlari rasmiy portalida e’lon qilingan. Yangi qoidalar 2026 yil 1 martdan kuchga kirishi aytilgan. Qonun “rus tilini davlat tili sifatida himoya qilish”, xorijiy tillardan o‘zlashtirish darajasini pasaytirish va “zamonaviy adabiy til me’yorlari”ga rioya etilishini ta’minlashga qaratilgan.
Xitoyning Endemik kasalliklarni nazorat qilish instituti olimlari ko‘rshapalaklarda odamlar uchun xavfli bo‘lgan ikkita yangi virusni aniqladi. Ular Nipah va Hendra viruslariga genetik jihatdan yaqin hisoblanadi. Yangi viruslar bosh miyaning og‘ir yallig‘lanishi va nafas yo‘llari kasalliklarini keltirib chiqarishi mumkin.
Buyuk Britaniya AQSHdan yadro qurolini tashuvchi 12 ta F-35A samolyotini sotib olib, NATO yadroviy missiyasiga qo‘shilishni rejalashtirdi. Vazir 25 iyun kuni bo‘lib o‘tayotgan NATO sammiti chog‘ida alyansni qo‘llab-quvvatlash uchun ko‘proq harakat qilishga chaqirmoqda.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/26NoEQr2fmY" title="general urush tugamadi hd" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Iroda Jo‘rayeva, Ulug‘bek To‘xtayev, O‘zA