25 iyun kuni Toshkent shahrida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining sakkizinchi yalpi majlisi o‘z ishini boshladi.
Unda Senat, hukumat a’zolari, vazirlik va idoralarning vakillari, mahalliy Kengashlarning deputatlari, Senat huzuridagi Yoshlar parlamenti a’zolari hamda ommaviy axborot vositalari xodimlari qatnashdi.
Videokonferensaloqa tarzida o‘tkazilgan yalpi majlisni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi Tanzila Norboyeva olib bordi.
Yalpi majlis Senatning YouTube tarmog‘idagi sahifasi orqali to‘g‘ridan-to‘g‘ri yoritib borildi.
Senatning sakkizinchi yalpi majlisining birinchi ish kuni senatorlar tomonidan amalga oshirilayotgan islohotlar natijadorligi, hududlarda ishlarning borishi, aholini o‘ylantirayotgan masalalarga yechim topish yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan belgilab berilgan ustuvor yo‘nalishlardan kelib chiqib, oldida turgan birinchi darajali vazifalar muhokama qilindi.
So‘nggi yillarda mamlakatimizda amalga oshirilayotgan izchil islohotlar, ko‘rilayotgan choralar natijasida barqaror o‘sish sur’atlari ta’minlandi.
Birgina joriy yilning o‘zida sanoat 6,4 foizga o‘sdi, eksport hajmi 18 foizga, xorijiy investitsiyalar 46 foizga oshdi. Qiymati 3 milliard dollarlik 2,5 mingdan ziyod yangi quvvatlar ishga tushdi.
Biroq bugungi zamon rivojlanishi, dunyoda yuzaga kelayotgan global muammolar, yangi urush o‘choqlari hamda beqarorlikni davom etishi islohotlarni yangi bosqichga olib chiqishni, taraqqiyot sur’atlariga mos yangi vazifalarni qo‘yishni talab qilmoqda.
Xususan, islohotlarning samaradorligiga salbiy ta’sir qiluvchi omillar qayd etildi.
[gallery-24049]
Jumladan, vazirlik va hokimliklar, ularning viloyat, tuman darajasidagi bo‘g‘inlarining muammoli masalalarni hal qilish bo‘yicha ishi yetarli darajada samarador emasligi ta’kidlanadi. Ko‘pgina muammolar vazirlik va idoralar, hokimliklar faoliyatining tashkiliy-huquqiy asoslardagi mavjud kamchiliklar sabab bo‘lmoqda.
Aholi kayfiyatiga ta’sir qiluvchi, jumladan, suv ta’minoti, tuman va mahalladagi infratuzilma, oziq-ovqat xavfsizligi, bandlik, kambag‘allikdan chiqarish, mahalliy byudjet tushumlarini oshirish, jinoyatchilikni qisqartirish, yo‘l qurilishi, jamoat transporti, shaharsozlik, “Yashil makon” loyihasini amalga oshirish, energiya ta’minoti kabi muhim sohalardagi birlamchi vazifalar muhokama qilindi.
Bundan tashqari, belgilanayotgan vazifa va topshiriqlarni samarali amalga oshirish uchun yangi tashkiliy va ma’muriy islohotlar boshlangani, mavjud muammolar, aholi tomonidan ko‘tarilayotgan murojaatlarni hal qilish bo‘yicha yangi tizim ishga tushirilayotgani qayd etildi.
Senatorlar Prezident tomonidan qayd etilgan kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan quyidagi masalalarga alohida e’tibor qaratish zarurligini ta’kidladi.
Xususan, joylarda aniqlangan muammolarni bartaraf qilishda hudud va respublikadagi mas’ullarning o‘zaro hamkorligini muvofiqlashtirib borish lozimligi qayd etildi.
Fuqarolar bilan ishlash tartibini yangi darajaga olib chiqish, murojaatlarni doimiy tahlil qilish, aholi tomonidan ko‘tarilgan muammoli masalalarni Senat majlislariga olib chiqish maqsadga muvofiqligi ta’kidlandi.
Bundan tashqari, dasturlar, loyihalarning ijrosini ta’minlashda ularni qay darajada samarali bajarilgani, qanday natija berganiga asosiy urg‘u berish, belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlashda mahalliy Kengashlarning faolligini oshirish muhimligi qayd etildi.
Muhokama yakunida Oliy Majlis Senati hamda xalq deputatlari mahalliy Kengashlari oldida bu borada turgan birinchi darajali vazifalar yuzasidan Senatning qarori qabul qilindi.
Shundan so‘ng “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga parlamentdagi muxolifatning kafolatlangan huquqlarini kengaytirishga qaratilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun ko‘rib chiqildi.
Keyingi yillarda mamlakatimizda so‘z erkinligi muhiti yaratilgani, xalq manfaatlari va siyosiy irodasi erkin bildirilishi uchun huquqiy asoslar mustahkamlangani, siyosiy partiyalarning jamiyatdagi rolini yanada kuchaytirishga qaratilgan keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilayotganligi ta’kidlandi.
Ushbu qonun so‘z erkinligini ta’minlash, siyosiy partiyalarning jamiyatdagi o‘rnini yanada mustahkamlash maqsadida ishlab chiqilgan bo‘lib, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi hamda siyosiy partiyalar faoliyatiga oid 5 ta qonunga tegishli o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilmoqda.
Unga ko‘ra, o‘zini parlamentdagi muxolifat deb e’lon qilgan siyosiy partiya fraksiyasiga qonun loyihasi ikkinchi o‘qishda ko‘rib chiqilguniga qadar ham o‘sha masalaga doir qonun loyihasining yoki uning tarkibiy qismining muqobil tahririni kiritish kabi qo‘shimcha huquq berilmoqda.
Shuningdek, ushbu fraksiyaning vakillari Oliy Majlis Qonunchilik palatasining bir nafar qo‘mita raisi va ikki nafar qo‘mita raisi o‘rinbosari lavozimlarini kafolatli egallashi, har chorakda «hukumat soati» va parlament so‘rovi doirasida masala kiritishi ham nazarda tutilmoqda.
Senatorlar ushbu qonunning hayotga tatbiq etilishi qonun ijodkorligi va parlament nazorati samaradorligini oshirishga hamda Oliy Majlis Qonunchilik palatasida muxolifatning kafolatli huquqlarini kengaytirishga xizmat qilishini ta’kidladi.
Muhokama yakunida qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi. Shuningdek, yalpi majlisda “Ijro ishi bo‘yicha kafolat mablag‘larini kiritish instituti joriy etilishi munosabati bilan “Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish to‘g‘risida”gi qonun muhokama qilindi.
So‘nggi yillarda mamlakatimizda sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish tizimini takomillashtirish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilayotganligi ta’kidlandi.
Xususan, sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etishni raqamlashtirish hamda inson omilini kamaytirish yuzasidan qonunchilikka yangi normalar kiritilgan. Bundan tashqari, sud hujjatlarini ijro etishdan har qanday bo‘yin tovlashning oldini olish, fuqarolarning mol-mulki va pul mablag‘lari daxlsizligini kafolatlashga qaratilgan qator qonun hujjatlari amaliyotga tatbiq qilindi.
Tahlillarga ko‘ra, 2022-2024 yillar davomida sud qarorlari ijrosiga oid ko‘plab ijro hujjatlari sud tartibida nizolashayotganligi va davlat ijrochisi harakatlari ustidan shikoyat qilinayotganligi sababli ijro jarayonida muayyan muammolar vujudga kelmoqda. Natijada qarzdor o‘ziga nisbatan qo‘llanilgan cheklovlar sababli o‘z faoliyatini davom ettira olmayapti.
Shu o‘rinda sud qarori qabul qilingan shaxslarning qonuniy manfaatlarini hamda sud qarorlarining so‘zsiz ijrosini ta’minlash maqsadida sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish jarayoniga kafolat mablag‘ini kiritish institutini joriy etish zarurati yuzaga kelmoqda.
Bunda ijro ishi bo‘yicha kafolat mablag‘larini kiritish ijro ishi yuritishni to‘xtatib turish, qarzdorga va uning mol-mulkiga nisbatan qo‘llanilgan cheklovlarni bekor qilish uchun asos bo‘lishi nazarda tutilmoqda.
Senatorlar ushbu qonunning hayotga tatbiq etilishi mamlakatimizda qonun ustuvorligini ta’minlash, fuqarolar va tadbirkorlarning qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilish hamda sud qarorlari ijrosini ta’minlash tizimini takomillashtirishga xizmat qilishini ta’kidladi.
Muhokama yakunida qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.
Shundan so‘ng “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida”gi qonun ko‘rib chiqildi.
Mamlakatimizda korporativ munosabatlarni rivojlantirish hamda zamonaviy korporativ boshqaruv usullarini joriy etish bo‘yicha samarali izchil islohotlar olib borilayotganligi ta’kidlab o‘tildi.
Shuningdek, senatorlar qonunchilikni xalqaro normalarga, shu jumladan, Jahon savdo tashkilotining bitimlariga uyg‘unlashtirish orqali tashqi savdoni yanada liberallashtirish zarurati yuzaga kelayotganligiga alohida urg‘u berdi.
Bugungi kunda respublika importining 32,3 foizi erkin savdo rejimi o‘rnatilgan mamlakatlar, 61,4 foizi eng ko‘p qulaylik berish rejimi qo‘llanilayotgan davlatlar hissasiga va qolgan 6,3 foizi savdo rejimi belgilanmagan davlatlar yoki ishlab chiqargan mamlakati aniqlanmagan tovarlar hisobiga to‘g‘ri keladi.
Xususan, respublikaga import qilinayotgan tovarlarning 95 foizi Jahon savdo tashkilotiga a’zo davlatlardan, qolgan 5 foizi esa ushbu tashkilotga a’zo bo‘lmagan davlatlardan olib kelinmoqda.
Shularni inobatga olgan holda, mazkur qonun bilan Bojxona kodeksiga eng ko‘p qulaylik berish rejimiga ega bo‘lmagan davlatlardan O‘zbekistonga keltirilayotgan tovarlar uchun tovarning kelib chiqishi to‘g‘risidagi sertifikat mavjud bo‘lmaganda import bojini ikki karra oshirib qo‘llash amaliyoti bekor qilinmoqda.
Shu bilan birga, Bojxona organi tomonidan harakatlar yoki tartib-taomillar bajarilgandan so‘ng Davlat byudjetiga o‘tkazilishi belgilangan bojxona to‘lovlarining muddati 5 ish kunidan 3 ish kuniga qisqartirilmoqda.
Mazkur o‘zgartirish va qo‘shimchalar bilan milliy qonunchilik normalarini Jahon savdo tashkiloti qoidalariga muvofiqlashtirish orqali tashqi savdoni adolatli qoidalar asosida amalga oshirishga, import va eksport ko‘lamini kengaytirishga erishiladi.
Shuningdek, ushbu qonunda aksiyadorlik jamiyatlari ijro organlari hamda kuzatuv kengashlari a’zolarining fidutsiar majburiyatlarini, jamiyat majoritar aksiyadorlarining umumiy majburiyatlari va javobgarligini belgilash hisobiga korporativ munosabatlarning huquqiy asoslarini yanada takomillashtirish, korporativ boshqaruvning zamonaviy uslub va mexanizmlarini joriy etish kabi masalalar ham o‘z aksini topgan.
Yalpi majlis davomida qonun qizg‘in muhokama qilinib, uning kelgusida tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirishda qulay shart-sharoitlar yaratishga, iqtisodiyotni jadal rivojlantirish imkoniyatlarini kengaytirishga xizmat qilishi haqida fikrlar bildirildi.
Muhokama yakunida mazkur qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.
Senatning 8-yalpi majlisida “Tashqi mehnat migratsiyasi to‘g‘risida”gi qonun muhokama qilindi.
Mazkur qonun fuqarolar va mamlakatimizda doimiy yashovchi fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarning O‘zbekiston Respublikasidan tashqarida vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun chiqishi hamda chet el fuqarolarining va boshqa davlatlar hududida doimiy yashovchi fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarning mamlakatimizda mehnat faoliyatini amalga oshirish maqsadida jalb etilishi bilan bog‘liq munosabatlarni huquqiy tartibga soladi.
Muhokama jarayonida qonunni qayta ko‘rib chiqishni talab etuvchi bir qator masalalar mavjudligi ta’kidlandi.
Jumladan, ayrim davlat organlarining mazkur sohadagi vakolatlarini so‘nggi ma’muriy islohotlardan kelib chiqqan holda qayta ko‘rib chiqish zarurligi qayd etildi.
Shu bilan birga, xorijga ishga yuboruvchi tashkilotlarga Migratsiya agentligining xorijdagi vakolatxonalari bilan hamkorlikda mehnat shartlariga rioya etilishini o‘rganish huquqini berish muhim ahamiyatga ega ekanligi alohida ta’kidlandi.
Bundan tashqari, xorijga ishga yuboruvchi tashkilot tomonidan majburiyatlari bajarilmagan taqdirda, mehnat migrantini O‘zbekistonga qaytarish jarayoni Agentlik tomonidan amalga oshirilishi va xarajatlarni yuboruvchi tashkilot mablag‘lari hisobidan qoplash mexanizmini qonunda mustahkamlash maqsadga muvofiqligi qayd etildi.
Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi hududida mehnat faoliyati huquqiga doir tasdiqnomani berish, uning amal qilishini to‘xtatish, tugatish yoki bekor qilish asoslarini ham qayta ko‘rib chiqish zarurligiga e’tibor qaratildi. Shu bilan birga, tasdiqnoma uchun undiriladigan yig‘im miqdori yuzasidan aniq huquqiy mexanizmlarni belgilash zarurligi qayd etildi.
Yuqoridagilarni inobatga olib, qonunni qayta ko‘rib chiqish maqsadga muvofiq, deb topildi va mazkur masala yuzasidan Senatning tegishli qarori qabul qilindi.
Yalpi majlisda “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun ko‘rib chiqildi.
Ta’kidlanganidek, so‘nggi yillarda qishloq xo‘jaligini rivojlantirish, oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash, sohaga zamonaviy agrotexnologiyalarni joriy etish hamda eksport salohiyatini oshirish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar olib borilmoqda.
Shu bilan birga, qishloq xo‘jaligida davlat boshqaruvi tizimini takomillashtirish, shuningdek, sohada faoliyat olib borayotgan sub’ektlarning huquqlari va qonuniy manfaatlari himoyasini yanada kuchaytirish zarurati yuzaga kelmoqda.
Qonun bilan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga, “Urug‘chilik to‘g‘risida”gi va “O‘zboshimchalik bilan egallab olingan yer uchastkalariga hamda ularda qurilgan binolar va inshootlarga bo‘lgan huquqlarni e’tirof etish to‘g‘risida”gi qonunlarga Agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspeksiyasi Vazirlar Mahkamasi huzuriga o‘tkazilganligi munosabati bilan amaldagi qonunchilikka muvofiqlashtirish yuzasidan tahririy o‘zgartirishlar kiritilmoqda.
Shuningdek, “Davlat boji to‘g‘risida”gi qonunga Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Agrosanoatni rivojlantirish agentligi o‘zining hamda meva-sabzavotchilik yo‘nalishidagi mahsulot yetishtiruvchi, qayta ishlovchi sub’ektlarning, issiqxona xo‘jaliklarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish maqsadida sudlarga berilgan arizalar, shikoyatlar va da’volar yuzasidan davlat bojini to‘lashdan ozod etilishini belgilovchi o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilmoqda.
Senatorlar tomonidan ta’kidlanganidek, qonunning qabul qilinishi mamlakatimizda oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash, meva-sabzavotchilik sohasini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash, agrar sohadagi respublika ijro etuvchi hokimiyat organlarining yaxlit tizimini shakllantirishga xizmat qiladi.
Muhokama yakunida ushbu qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.
Shu bilan birga, “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun muhokama qilindi.
So‘nggi yillarda mamlakatimizda aholining, shu jumladan, tadbirkorlik sub’ektlarining intellektual mulk sohasidagi xabardorlik darajasini oshirish, yaratilgan intellektual faoliyat natijalarini muhofaza qilish jarayonlarini raqamlashtirish orqali ortiqcha talablarni bekor qilish hamda intellektual mulkni huquqiy jihatdan ishonchli tarzda muhofaza qilish borasida keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda.
Mazkur qonun bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilmoqda. Ular intellektual mulk ob’ektlarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish jarayonini soddalashtirish, ayrim intellektual mulk ob’ektlarini ekspertiza qilish muddatlarini qisqartirish, ro‘yxatdan o‘tkazish jarayonlarida ortiqcha hujjatlardan voz kechish kabi masalalarni o‘z ichiga olgan.
Bundan tashqari, patent bojlarini to‘lashda qo‘shimcha qulayliklar joriy etish hamda intellektual mulk ob’ektlariga bo‘lgan huquqlarni buzganlik uchun javobgarlikni kuchaytirish nazarda tutilmoqda.
Jumladan, “Elektron hisoblash mashinalari uchun yaratilgan dasturlar va ma’lumotlar bazalarining huquqiy himoyasi to‘g‘risida”gi qonunga kiritilayotgan o‘zgartirishga ko‘ra elektron hisoblash mashinalari uchun dasturlarni ro‘yxatdan o‘tkazish uchun talabnoma kelib tushganidan so‘ng kerakli hujjatlarning bor-yo‘qligi va qoidalarning talablariga qanchalik muvofiqligi yuzasidan o‘tkaziladigan tekshirish muddati o‘n kun etib belgilanmoqda.
Shuningdek, sanoat mulki ob’ektlarini ro‘yxatga olishda patentni tasdiqlash tartibi yengillashtirilmoqda. Bunda sanoat mulki ob’ekti ro‘yxatga olinganda patent talabnoma beruvchiga avtomatik tarzda elektron tizim orqali yuboriladi.
Senatorlar ta’kidlaganidek, ushbu qonun mamlakatimizning iqtisodiy rivojlanishiga va innovatsion jihatdan yuksalishiga samarali ta’sir ko‘rsatuvchi intellektual mulk tizimini takomillashtirishga xizmat qiladi. Shuningdek, mazkur hujjat jamiyatda intellektual mulkka bo‘lgan huquqlarga nisbatan hurmat hissini shakllantirishga hamda intellektual mulk egalarining qonuniy manfaatlarini himoya qilishga ham qaratilgandir.
Qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.
Shuning bilan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining sakkizinchi yalpi majlisining birinchi ish kuni yakunlandi.
O‘zbekiston Respublikasi
Oliy Majlisi Senatining
Axborot xizmati