Aholining, shu jumladan, tadbirkorlik sub’ektlarining intellektual mulk bo‘yicha xabardorlik darajasini oshirishga e’tibor qaratilmoqda.
Yaratilgan intellektual faoliyat natijalarini muhofaza qilish jarayonlarini raqamlashtirish orqali ortiqcha talablarni bekor qilish hamda intellektual mulkni huquqiy jihatdan ishonchli tarzda muhofaza qilish borasida keng ko‘lamli islohotlar davom etmoqda.
Senat yalpi majlisida muhokama qilingan “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun shu yo‘nalishdagi ishlarni yangi bosqichga ko‘tarishga qaratilgan.

Qonun bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilmoqda. Ular intellektual mulk ob’ektlarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish jarayonini soddalashtirish, ayrim intellektual mulk ob’ektlarini ekspertiza qilish muddatlarini qisqartirish, ro‘yxatdan o‘tkazish jarayonlarida ortiqcha hujjatlardan voz kechish kabi masalalarni o‘z ichiga olgan.
Bundan tashqari, patent bojlarini to‘lashda qo‘shimcha qulayliklar joriy etish hamda intellektual mulk ob’ektlariga bo‘lgan huquqlarni buzganlik uchun javobgarlikni kuchaytirish nazarda tutilmoqda.

Jumladan, “Elektron hisoblash mashinalari uchun yaratilgan dasturlar va ma’lumotlar bazalarining huquqiy himoyasi to‘g‘risida”gi qonunga kiritilayotgan o‘zgartirishga ko‘ra, elektron hisoblash mashinalari uchun dasturlarni ro‘yxatdan o‘tkazish uchun talabnoma kelib tushganidan so‘ng kerakli hujjatlarning bor-yo‘qligi va qoidalarning talablarga qanchalik muvofiqligi yuzasidan o‘tkaziladigan tekshirish muddati o‘n kun etib belgilanmoqda.
Sanoat mulki ob’ektlarini ro‘yxatga olishda patentni tasdiqlash tartibi yengillashtirilmoqda. Bunda, sanoat mulki ob’ekti ro‘yxatga olinganda patent talabnoma beruvchiga avtomatik tarzda elektron tizim orqali yuboriladi.
Senatorlar ma’qullagan qonun mamlakatimizning iqtisodiy rivojlanishiga va innovatsion jihatdan yuksalishiga samarali ta’sir ko‘rsatuvchi intellektual mulk tizimini takomillashtirishga xizmat qiladi.
Shuningdek, mazkur hujjat jamiyatda intellektual mulkka bo‘lgan huquqlarga nisbatan hurmat hissini shakllantiradi hamda intellektual mulk egalarining qonuniy manfaatlarini himoya qilishni kuchaytiradi.
N.Abduraimova,
O‘zA