Keyingi yillarda mamlakatimizda so‘z erkinligi muhiti yaratilib, xalq manfaatlari va siyosiy irodasi erkin bildirilishi uchun huquqiy asoslar mustahkamlanmoqda. Siyosiy partiyalarning jamiyatdagi rolini yanada kuchaytirishga qaratilgan keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilayotir.
Bu fikrlar Senat yalpi majlisida “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga parlamentdagi muxolifatning kafolatlangan huquqlarini kengaytirishga qaratilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun muhokamasi jarayonida qayd etildi.

Qonun so‘z erkinligini ta’minlash, siyosiy partiyalarning jamiyatdagi o‘rnini yanada mustahkamlash maqsadida ishlab chiqilgan. Oliy Majlis Qonunchilik palatasi hamda siyosiy partiyalar faoliyatiga oid 5 qonunga tegishli o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilmoqda.
Unga ko‘ra, o‘zini parlamentdagi muxolifat, deb e’lon qilgan siyosiy partiya fraksiyasiga qonun loyihasi ikkinchi o‘qishda ko‘rib chiqilguniga qadar ham o‘sha masalaga doir qonun loyihasining yoki uning tarkibiy qismining muqobil tahririni kiritish kabi qo‘shimcha huquq berilmoqda.

Ushbu fraksiyaning vakillari Oliy Majlis Qonunchilik palatasining bir nafar qo‘mita raisi va ikki nafar qo‘mita raisi o‘rinbosari lavozimlarini kafolatli egallashi, har chorakda «hukumat soati» va parlament so‘rovi doirasida masala kiritishi ham nazarda tutilmoqda.
Senatorlar tomonidan ma’qullangan qonunning hayotga tatbiq etilishi qonun ijodkorligi va parlament nazorati samaradorligini oshirishga hamda Oliy Majlis Qonunchilik palatasida muxolifatning kafolatli huquqlarini kengaytirishga xizmat qiladi.
N.Abduraimova,
N.Haydarov (surat), O‘zA