Yevropa kosmik agentligi (ESA) Quyoshning yuqori faolligi davrida Yer atrofidagi texnologik tizimlarga ta’sirini o‘rganish maqsadida maxsus astronomik tajriba o‘tkazdi.
Ushbu tadqiqot Quyosh tutilishini sun’iy ravishda modellashtirish orqali amalga oshirildi va tarixda birinchi marta shu darajada aniq sinov natijalari qayd etildi.
ESAning Proba-3 deb nomlangan missiyasi doirasida ikki sun’iy yo‘ldosh bir vaqtning o‘zida fazoda juda yaqin — atigi 150 metr masofada — uchib o‘tdi. Eng e’tiborga molik jihati shundaki, ushbu yo‘ldoshlar bir necha soat davomida o‘z pozitsiyalarini millimetrgacha bo‘lgan aniqlikda saqlab turishga muvaffaq bo‘ldi.
2025 yil mart oyida o‘tkazilgan bu tajriba Quyosh tutilishini imitatsiya qilish orqali Quyosh nurlanishi va magnit bo‘ronlarining Yer orbitasidagi qurilmalarga bo‘lgan salbiy ta’sirini sinchkovlik bilan o‘rganish imkonini berdi. Bu kabi sun’iy tutilishlar ilm-fan uchun muhim bo‘lib, nafaqat kosmik texnologiyalarni sinovdan o‘tkazish, balki kelajakdagi real hodisalarga tayyor turish imkonini ham beradi.
ESA vakillarining ta’kidlashicha, bunday missiyalar orqali kelajakda sun’iy yo‘ldoshlarning ishonchliligi oshiriladi, shuningdek, favqulodda vaziyatlarda ular qanday harakat qilishini oldindan baholash mumkin bo‘ladi.
<iframe width="791" height="445" src="https://www.youtube.com/embed/pkOyNUB1tG4" title="Quyosh tutilishi sunʼiy yoʻldoshlar yordamida modellashtirildi" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Madinabonu Nasriyeva, Anvarxo‘ja Ahmedov (video), O‘zA