Xitoydan xabarlar
Shinjonning Changji shahrida urug‘chilik bilan shug‘ullanuvchi “Szyushen Xe” kompaniyasi bo‘lib, u O‘zbekistonga xam paxta urug‘i yetkazib bermoqda.


Korxona 2003 yilda tashkil etilgan, g‘alla, makkajo‘xori, paxta va sabzavotning yangi navlarini tanlash, urug‘lik yetishtirish va ularni bozorga chiqarish bilan shug‘ullanuvchi agrosanoat majmuasida yetakchi milliy korxona hisoblanadi. Kompaniyaning umumiy aktivlari 2,17 milliard yuanni tashkil etadi va 2023 yilda uning daromadi 870 million yuanga yetdi. Urug‘lik sotish bo‘yicha kompaniya Xitoyda 9-o‘rinni egallaydi, bug‘doy urug‘i sotish bo‘yicha 4-o‘rinda va paxta chigiti bo‘yicha 5-o‘rinda.

Kompaniya uchta asosiy tizimni yaratdi: "yirik tadqiqot", "yirik ishlab chiqarish" va "katta bozor". Bu esa o‘ziga xos biznes modelidir.
Kompaniyada 140 nafar ilmiy xodim (14 ta fan doktori, professor va 40 ta falsafa doktori) ishlaydi. Mamlakat bo‘ylab 15 ta asosiy sinov stansiyasi va 214 ta sinov punkti tashkil etilgan. 50 000 dan ortiq naslchilik materiali namunalari mavjud, 300 dan ortiq yangi navlar yaratildi hamda yangi o‘simlik navlari uchun 120 dan ortiq patentlar olindi. Tadqiqotga yillik daromadning 10 foizi 80 million yuan sarflanadi.

Kompaniya Xitoyning iqlim sharoiti turlicha bo‘lgan hududlarida 50 000 gektar barqaror urug‘chilik maydoni, 16 ta avtomatlashtirilgan liniyaga ega. Yillik quvvati 300 000 tonna bo‘lgan 11 ta zamonaviy urug‘lik zavodi bor. 2024 yilda paxta chigitini qayta ishlash bo‘yicha zamonaviy texnologiya parki foydalanishga topshirildi.

Shijonda ishlab chiqarilgan urug‘ 20 dan ortiq ixtisoslashtirilgan bozorda savdoga qo‘yilgan. Kompaniyada yaratilgan paxta, g‘alla navlari bir necha bor hosildorlik rekordini o‘rnatgan.


–Biz O‘zbekistondagi Toshkent davlat agrar universiteti bilan hamkorlikda hosildor va quruq iqlimga mos paxta urug‘i yaratish loyihasini amalga oshiryapmiz, – deydi “Szyushen Xe” xolding kompaniyasi bosh menejeri Sun Ming. – 2025 yil hosili uchun dastlabki paxta urug‘lari O‘zbekiston dalalariga ekildi. Hosildorlik avvalo urug‘ sifatiga bog‘liq, ishonchim komil, o‘zbek fermerlari buni amalda albatta ko‘radilar.
Muhammadjon Obidov, O‘zA