Bugun poytaxtimizda energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudovning yoshlar bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.
Unda vazirlik tizimidagi tashkilotlarda faoliyat yuritayotgan 200 nafardan ortiq yosh mutaxassis, qator oliy ta’lim muassasalari talabalari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
Uchrashuv avvalida vazir barcha yoshlarni yaqinlashib kelayotgan 30 iyun – Yoshlar kuni bilan tabriklab, so‘nggi yillarda Prezident tashabbusi bilan yoshlarni qo‘llab-quvvatlash, ularga imkoniyatlar yaratish, mamlakat hayotida faol ishtirokini ta’minlash bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilayotganini alohida ta’kidladi.
Jo‘rabek Mirzamahmudov so‘zlariga ko‘ra, energetika sohasidagi islohotlar, xususan, “yashil” energiyani rivojlantirish kabi muhim yo‘nalishlarda yosh kadrlar hal qiluvchi ahamiyatga ega.
– Yoshlar – bizning kelajagimiz. Agar ularga ishonch bildirib, munosib shart-sharoit yaratib bersak, ular nafaqat sohamizning, balki butun mamlakatning taraqqiyotiga ulkan hissa qo‘sha oladi. Shu bois, har bir yosh mutaxassisni tarbiyalash, qo‘llab-quvvatlash va to‘g‘ri yo‘nalish berish bizning burchimiz hisoblanadi. Bugungi kunda davlat xizmatchilariga oid yangi ma’muriy islohotlarni ifoda etgan Prezident farmoni qabul qilindi. Unda davlat xizmatiga qabul qilish, xizmat jarayoni va yuqori lavozimga ko‘tarilish tartiblari aniq belgilab berilgan. Shu munosabat bilan har bir sohada, jumladan, energetika va neft-gaz yo‘nalishida ham kadrlarni tanlash va joylashtirish uchun aniq mezonlar joriy qilingan. Avvalo, davlat granti asosida yoki korxona hisobidan shartnoma asosida ta’lim olgan bitiruvchilar ish bilan ta’minlanadi. Bu, albatta, boshqa yoshlar ishga qabul qilinmaydi, degani emas. Har bir bo‘sh ish o‘rniga ochiq va shaffof tanlov asosida qabul amalga oshiriladi. Imtihonlar va suhbatlar orqali nomzodlarning bilim va salohiyati xolis baholanadi, – dedi vazir.
Uchrashuv davomida vazirlik tizimida yoshlarga oid amalga oshirilayotgan ishlarga ham to‘xtalib o‘tildi. Unga ko‘ra, yoqilg‘i-energetika tarmog‘ida 100 ming nafardan ziyod ishchi-xodim faoliyat yuritadi. Uning 14 ming 274 nafari 30 yoshgacha bo‘lgan xodimlar. 2024 yilning o‘zida 700 nafar yosh mutaxassis oliy ta’lim muassasasini tamomlaganidan so‘ng ishga qabul qilingan, 876 nafar kollej va texnikum bitiruvchisi ham sohada o‘z faoliyatini boshlagan. Bu esa sohada yoshlarga bo‘lgan e’tibor kuchayganini ko‘rsatadi.
Uchrashuvda savol-javoblarga ham keng o‘rin berildi. Yoshlar tomonidan berilgan qiziqarli savollarga javob qaytargan vazir o‘z tavsiyalarini ham bayon etdi.
– Ko‘plab yoshlar darhol markaziy idoralarda ish boshlashni xohlashadi. Biroq mening maslahatim shuki, avval ishlab chiqarish korxonalarida, sohaning quyi bo‘g‘inlarida ishlab, amaliy tajriba to‘plash zarur. Bu bilimlar kelajakda yuqori lavozimlarda ishlayotganda muammolarni to‘g‘ri tushunib, ularga samarali yechim topish imkonini yaratadi. Biz hamkorlik qilayotgan barcha universitetlar, jumladan, Gubkin nomidagi Rossiya davlat neft va gaz universitetining Toshkent filiali ham doimiy e’tiborimizda. U yerdagi har bir bitiruvchining kelgusi faoliyati muntazam monitoringda turibdi. Ma’lumotlarga ko‘ra, Gubkin filiali bitiruvchilarining deyarli 99 foizi muvaffaqiyatli ishga joylashgan va ularda jiddiy muammolar kuzatilmagan. Bizning eng katta ishonchimiz salohiyatli va fidokor yoshlardir, – deya ta’kidladi vazir.
Muloqot davomida so‘nggi yillarda xorijiy investorlar bilan hamkorlikda amalga oshirilayotgan yirik loyihalar, xususan, issiqlik, quyosh va shamol elektr stansiyalari qurilishi haqida ham ma’lumot berildi. Vazir bu sohada qilinadigan ishlar hali oldinda ekanini qayd etib, yoshlarga yanada ko‘proq e’tibor qaratish, iqtidor va imkoniyatlarini namoyon qilishi uchun sharoit yaratish zarurligini ta’kidladi.
Tadbir yakunida sohada mehnat qilayotgan eng faol yoshlar va talabalar taqdirlandi.
<iframe width="560" height="315" src="https://www.youtube.com/embed/LileZJhu3MA?si=jqVtZHsfZYr6mEHq" title="YouTube video player" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Nasiba Ziyodullayeva,
Abror Sodiqov,
Anvarxo‘ja Ahmedov (video-montaj),
O‘zA