Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining ma’lumotiga ko‘ra, har yili dunyo bo‘yicha 600 millionga yaqin odam sifatsiz ovqat tufayli kasallikka chalinadi. Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi tomonidan esa joriy yilning dastlabki besh oyida respublika bo‘ylab 14 ta ovqatdan zaharlanish holati qayd etilgan bo‘lib, ularda jami 42 nafar fuqaro, jumladan, 17 nafar bola jabrlangan. Ulardan eng ko‘p holat — konserva mahsulotlari orqali botulizm kasalligi bo‘lib, 23 nafar fuqaro jabr ko‘rgan. Shuningdek, 3 ta ovqat toksikinfeksiyasi holatida 13 kishi, 1 kishi esa kimyoviy zaharlangan.
Bu yuzasidan Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida o‘tkazilgan matbuot anjumanida ma’lum qilindi.
“Yoz mavsumida ovqatdan zaharlanish holatlarini oldini olish borasida amalga oshirilayotgan ishlar” mavzusida o‘tkazilgan tadbirda Sanepidqo‘mita vakillari, yetakchi mutaxassislar hamda OAV vakillari ishtirok etishdi.
Sanepidqo‘mita raisining birinchi o‘rinbosari — Nurmat Otabekov o‘z nutqida ko‘cha-ko‘yda, yo‘l bekatlarida sotilayotgan qimiz, qumron, ayron va turli sharbatlar, qo‘lbola tayyorlanadigan chanqoqbosdi ichimliklar ishlab chiqarish jarayonining noma’lum ekanligi, issiq ob-havo sharoitida esa bunday oziq-ovqat mahsulotlari tarkibidagi mikroorganizmlar soni yanada ortishi haqida ogohlantirdi. Shuningdek, sutli taomlar, har xil qandolat va kremli mahsulotlarni iste’mol qilayotganda ehtiyot bo‘lish lozimligi, aks holda salomatlik xavf ostida qolishi mumkinligi qayd etildi.
Tadbirda so‘nggi yillarda ekologik muammolar, jumladan, issiqlik to‘lqinlari va boshqa ekstremal ob-havo hodisalari ko‘payib, inson salomatligiga xavf tug‘dirayotgani, ayniqsa, issiq kunlarda oziq-ovqat mahsulotlarida bakteriyalar tez ko‘payishi, bu esa zaharlanish xavfini oshirishi ta’kidlandi. Noto‘g‘ri saqlangan, uy haroratida uzoq vaqt turgan, yaxshi pishmagan yoki muddati o‘tgan mahsulotlarni iste’mol qilish sog‘liq uchun xavflidir.
Ayniqsa, go‘sht, tuxum, baliq, mevalar issiq havoda eng xavfli bo‘lib, ularni to‘g‘ri saqlash, ishlov berish va iste’mol qilishda ehtiyotkorlik zarur.
Anjumanda shuningdek, ommaviy ovqatlanish muassasalarida nazorat bilan bog‘liq yuzaga kelayotgan muammolar tilga olindi. Qayd etilishicha, so‘nggi yillarda O‘zbekistonda kafelar, restoranlar va umumiy ovqatlanish muassasalari soni ortib borayotgan bo‘lsa-da, ularning barchasida oziq-ovqat sifati va xavfsizligi ustidan doimiy nazoratni ta’minlash dolzarb masalaga aylanmoqda.
Achinarlisi, iste’molchilarning o‘zi ham ba’zida mahsulotlarning kelib chiqishi, sifati yoki yaroqlilik muddati haqida yetarli ma’lumotga ega emas.
Tadbirda shuningdek, ko‘plab muassasalarning qonun hujjatlari talablarini bajara olmayotganliklari, vaholanki, 2019 yildan buyon bolalar muassasalari va jamoat joylarida oziq-ovqat sifati ustidan nazoratni kuchaytirishga qaratilgan qonun hujjatlari amalda ekanligi afsus bilan qayd etildi.
Mutaxassislar fikricha, oziq-ovqat sifati ustidan nazoratni kuchaytirish, aholi xabardorligini oshirish va bu sohada raqamli, ochiq tizimlarni joriy etish zarur.
Buning uchun esa faqat davlat organlari emas, balki ishlab chiqaruvchilar, umumiy ovqatlanish muassasalari va iste’molchilar ham bu jarayonda faol ishtirok etishlari talab etiladi.
Matbuot anjumani yakunida OAV vakillari o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob olishdi.
<iframe width="560" height="315" src="https://www.youtube.com/embed/upKJ2pp6GBc?si=kXFv8rjk4dx_nSzR" title="YouTube video player" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>M.Eshmirzayeva, D.Yakubov, Ut.To‘xtayev, O‘zA