Bugun Ulan-Bator shahrida Tog‘-kon sanoati va geologiya vaziri Bobir Islomov “Erdenes Mongol” davlat kompaniyasi bosh direktori Sanjagaiyn Naransogt bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Mazkur muloqotda tomonlar geologiya-qidiruv ishlari va mineral xomashyo zaxiralarini o‘rganish, ularni qayta ishlash, yuqori qo‘shilgan qiymatga ega mahsulotlar ishlab chiqarish hamda xalqaro bozorga olib chiqish sohalarida ikki tomonlama hamkorlikni kengaytirish imkoniyatlarini muhokama qildilar.

Vazirlik axborot xizmatiga ko‘ra, uchrashuv chog‘ida mis va uran xomashyosi kabi strategik resurslar yo‘nalishida qo‘shma investitsiyaviy loyihalarni amalga oshirish masalalari bo‘yicha takliflar ilgari surildi. Shuningdek, mavjud resurs salohiyatidan samarali foydalanish, innovatsion texnologiyalarni joriy etish va sohaga zamonaviy ilg‘or tajribalarni tatbiq etish orqali o‘zaro manfaatli sheriklikni mustahkamlash zarurligi ta’kidlandi.
Ikki tomonlama aloqalarni rivojlantirishga qaratilgan mazkur uchrashuv do‘stona va ishonchli ruhda o‘tib, o‘zaro hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqishga xizmat qiladigan yo‘nalishlarni belgilab berdi.
Xizmat safari doirasida O‘zbekiston delegatsiyasi Ulan-Bator shahrida tashkil etilgan Mo‘g‘uliston-O‘zbekiston biznes forumida ham ishtirok etdi.
Tadbirda ikki mamlakat ishbilarmon doiralari o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqotlar tashkil qilinib, savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikni kengaytirish yuzasidan qator kelishuvlarga erishildi.
N.Ziyodullayeva, O‘zA