Mo‘g‘uliston poytaxti Ulan-Bator shahrida 20 iyun kuni Xalqaro politsiya akademiyalari assotsiatsiyasi (INTERPA) Ijroiya kengashining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Unda Ijroiya kengash a’zolari, shu jumladan, IIV akademiyasi boshlig‘i Rustam Xatamov, tashkilotga qabul qilingan ta’lim muassasalari vakillari, xalqaro ekspert va mutaxassislar qatnashdi.

Jahonda ro‘y berayotgan geosiyosiy o‘zgarishlar fonida global xavfsizlik va barqarorlikni ta’minlash, tashkilotga a’zo ta’lim muassasalari o‘rtasida ishonchli va ko‘p qirrali hamkorlikni mustahkamlash, zamonaviy tahdid va xatarlarning maqbul yechimlarini ishlab chiqish yig‘ilish kun tartibidagi asosiy masalalardan biri bo‘ldi.
So‘zga chiqqanlar dunyoning turli burchaklarida ziddiyatlar avj olayotgan, terrorizm, ekstremizm, diniy radikalizm, giyohvand moddalar savdosi va boshqa transmilliy xavf-xatarlar ta’siri kuchayib borayotgan hozirgi sharoitda o‘zaro muloqot formatini kengaytirish muhimligini qayd etdi.

Yig‘ilishda INTERPAning ustuvor maqsad va tamoyillarini amalga oshirish yo‘lidagi hamkorlikning bugungi holati va istiqbollari, o‘tgan davr mobaynida birgalikda erishilgan natijalar, kelgusidagi rejalar yuzasidan fikr almashildi. O‘zbekiston, Shimoliy Makedoniya, Indoneziya, Saudiya Arabistoni, Qatar, Maldiv va boshqa davlatlar ta’lim muassasalari rahbarlarining chiqishlari tinglandi. Muhokama qilingan masalalar bo‘yicha muhim qarorlar qabul qilindi.
Global masalalarda sa’y-harakatlarni birlashtirish, manfaatli kelishuvlarni hayotga tatbiq etish orqali mavjud imkoniyatlarni kengaytirish, ta’lim sohasida o‘zaro integratsiyani kuchaytirish, yangi loyihalarni hayotga tatbiq etishga kelishib olindi.

Jamshid Xolov,
IIV akademiyasi Axborot xizmati