Vatanimiz tarixidagi 24 iyun sanasi bilan bog‘liq ayrim voqealar bayoni.
1868 yil (bundan 157 yil oldin) – Rossiya imperiyasi va Buxoro amirligi o‘rtasida urush tugaganligi rasman e’lon qilindi. Imperiya tomonidan bosib olingan yerlarda Zarafshon okrugi tashqil etildi. U o‘z navbatida 2 qismga: Kattaqo‘rg‘on va Samarqand bo‘limlariga bo‘lindi.
1892 yil (bundan 133 yil oldin) – tarixda “Vabo isyoni” (yoki “Toshotar voqeasi”) deb nom olgan qo‘zg‘olon boshlandi. Qo‘zg‘olon dastlab mahalliy aholining noinsof amaldorlar va sudxo‘rlarga, hokimiyatni suiiste’mol qilish bilan tanilgan shahar bosh oqsoqoliga qarshi noroziligi bilan boshlandi. Qo‘zg‘olonchilar tarkibi, asosan, mardikorlar va hunarmand-kosiblardan iborat edi. Bu voqeani o‘z ko‘zi bilan ko‘rganlardan biri shunday yozgan: “Qo‘zg‘olonchilarning maqsadi bo‘layotgan kamsitishlarni to‘xtatishga erishish edi. Olomon shahar boshlig‘i Stepan Putinsev huzuriga chora ko‘rish to‘g‘risidagi talab bilan yo‘lga tushadi. Olomonda o‘qotar yoki zamonaviy qurollar ham yo‘q bo‘lib, ular taxminan 400 kishi atrofida edi”.
Eski shahar oqsoqoli Muhammad Yoqub olomondan qo‘rqib shahar boshlig‘i huzuriga boradi. Xalq Putinsevdan oqsoqolni ular ixtiyoriga berishni talab qildi. Putinsev esa muzokara o‘rniga kuch ishlatishni afzal ko‘rdi. Kuch ishlatish to‘g‘risidagi buyruqdan keyin sabr kosasi to‘lgan xalq uzoq o‘ylab o‘tirmay hokimga qarshi hujum boshladi. Uning odamlarini tor-mor etib, o‘zini kaltaklashdi. Toshkent oqsoqolining uyiga o‘t qo‘yishdi. Putinsev va uning mirshablarini do‘pposlagan xaloyiq mahkamani ham ostin-ustun qildi. Qo‘zg‘olonni bostirish uchun kazaklar polki va bir rota askar chaqirildi.
1910 yil (bundan 115 yil oldin) – Xiva xonligi bosh vaziri Islom Xo‘ja boshchiligidagi elchilar Toshkentga, Turkiston general-gubernatorligiga tashrif buyurdi. Elchilar Toshkentga kelishdan oldin telegramma orqali ogohlantirildi va ular poyezdda maxsus vagonda keldi. Vokzalda ularni Turkiston harbiy okrugi bosh shtab navbatchisi, diplomatik amaldor, shahar boshlig‘i, komendant, politsiya boshlig‘i, general-gubernatorlik otliqlari va xor musiqa sadolari ostida kutib oldi. Tarixchi Nizomiddin Gulboyevning qayd etishicha, Xiva bosh vaziri boshchiligidagi elchilar Toshkentdagi Grand Otel mehmonxonasiga joylashtirilgan.
1914 yil (bundan 111 yil oldin) – “Sadoi Turkiston” gazetasida Rauf Muzaffarzodaning “Ichar suvlarimizga bir nazar” nomli maqolasi e’lon qilindi. Ma’lumot o‘rnida qayd etish joizki, XX asr boshlarida milliy matbuot sahifalarida ham aholini toza ichimlik suvi bilan ta’minlash sog‘liq garovi ekanligi hamda ko‘p kasallikpar ichimlik suvining yomonligi va botqoqlarning havoga ta’siridan insonlar orasida tarqalib, minglarcha odamlarning vafot etishiga sabab bo‘layotgani to‘g‘risida maqolalar chiqa boshlagan edi. Xususan, Rauf Muzaffarzoda o‘z maqolasida aholi suv ichadigan ariqlarning suvi yuzlarcha, hatto minglarcha hovlilardan oqib o‘tishi, aholi uni ifloslantirishi, har xil axlatlar tashlashi natijasida ichishga yaroqsiz holga kelayotganini yozadi.
Muallifning ta’kidlashicha, shaharga kirgan paytda toza va sof holda bo‘lgan ichimlik suvi shaharning o‘rta va quyi qismiga kelganda nihoyatda ifloslanib, ichishga yaroqsiz bo‘lib qolgan. Shuning uchun Rauf Muzaffarzoda suvni tejab ishlatish hamda iflos narsalarni tashlamaslikka chaqiradi, agar aksi qilinsa, “salomatlik jihatidan millatga ulug‘ bir jinoyat qilingan bo‘ladi” deb yozadi. Chunki ifloslangan suv ko‘pgina yuqumli kasalliklar sababchisi bo‘lib, minglarcha odamlarimizning qirilishiga olib keladi. Maqola muallifi “salomat va sihatning darajasi milliy tozalik va poklikning darajasi ila mutanosibdir” deb yozar ekan, xalqning sog‘lig‘i masalasini yuqori darajali milliy vazifa deb biladi.
1923 yil (bundan 102 yil oldin) – Buxoro Respublikasi hukumati tarkibidan Otaullaxo‘ja Po‘latov – Ota Xo‘jayev, Fitrat, Sattor Xo‘jayev, Muinjon Aminov, Qori Yo‘ldosh Po‘latov, Abdurahim Yusufzoda, Muzaxar Maxsum Burhonov, Hoji Hamro Yuldoshev chetlashtirilib, Buxorodan surgun qilindi. Buxoro hukumati Moskva va Toshkentning “kommunistcha sabog‘i”ni olgan “tajribali sovet xodimlari” bilan to‘ldirildi.
1970 yil (bundan 55 yil oldin) – Kompartiya Markaziy Qo‘mitasining “1971–1985 yillarda yerlarni melioratsiya qilishni yaxshilash, daryolar suvlarining istiqbollari” nomli qarori qabul qilindi. Mazkur qarorga ko‘ra Sibir daryolarini O‘rta Osiyoga oqizish uchun 33 million rubl ajratilgan bo‘lib, bu qurilishni 1986 yilda tugatish rejalashtirilgan edi. Oradan o‘tgan vaqt davomida (1978 – 1984 yillar) 150 dan ortiq loyihalash tashkilotlari Sibir daryolari oqimining bir qismini G‘arbiy Sibir, Ural, O‘rta Osiyo va Qozog‘istonga oqizib keltirishning texnik-iqtisodiy asoslarini ishlab chiqdi. Sibir daryolarini O‘rta Osiyoga oqizish maqsadida “To‘rg‘ay” varianti tanlab olindi. 1978 yil aprel oyida Toshkentda suv xo‘jaligi, loyihalash yuzasidan maxsus Butunittifoq konferensiyasi o‘tkazildi. Mazkur konferensiya Sibir daryolarining bir qismini O‘rta Osiyo va Qozog‘istonga oqizishning muhim masalalariga bag‘ishlandi.
1992 yil (bundan 33 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligining nashri – “Vatanparvar” gazetasi nashr etila boshlandi.
1993 yil (bundan 32 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasi Gvineya Respublikasi va Ekvatorial Gvineya Respublikasi bilan diplomatiya munosabatlarini o‘rnatdi.
1993 yil (bundan 32 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston Respublikasi Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari kunini belgilash to‘g‘risida”gi farmoni qabul qilindi. Unga asosan 27 iyun respublika Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari kuni etib belgilandi.
1997 yil (bundan 28 yil oldin) – maxsus konvertli “Abdulhamid Sulaymon o‘g‘li Cho‘lpon” pochta markasi tayyorlanib, muomalaga chiqarilganligi haqida xabar e’lon qilindi. Ushbu marka Cho‘lpon tavalludining 100 yilligiga bag‘ishlangan.
1998 yil (bundan 27 yil oldin) – O‘zbekiston va Bolgariya o‘rtasida hukumatlararo madaniy hamkorlik to‘g‘risidagi Bitim imzolandi. Bitimda tomonlar o‘rtasida o‘zaro madaniy sohadagi hamkorlikni yanada rivojlantirish va kengaytirish ko‘zda tutilgan.
2000 yil (bundan 25 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston Respublikasida Yaponiya tashqi savdo tashkiloti (djetro) vakolatxonasi ochish to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.
2019 yil (bundan 6 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazining kutubxona fondini xorijiy adabiyotlar bilan boyitish to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.
2024 yil (bundan 1 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Iqlim o‘zgarishiga nisbatan barqaror agroekotizimni yaratish hamda qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtiruvchilarning iqlim o‘zgarishi bilan bog‘liq xavflarga moslashuvchanligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.
2024 yil (bundan 1 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Hamjamiyatlarni mustahkamlash va ijtimoiy farovonlikni rivojlantirish markazini tashkil etish to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.
Alisher EGAMBERDIEV tayyorladi, O‘zA