Davlat fuqarolik xizmati tizimini zamon talablari va xalqaro standartlar asosida yangilash, uning samaradorligini oshirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Shu maqsadda Prezidentimizning “Davlat fuqarolik xizmatini yangi yondashuvlar asosida tashkil etish hamda professional va natijadorlikka yo‘naltirilgan davlat xizmatchilari korpusini shakllantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni qabul qilindi.
Prezident huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi mas’ul xodimi Oybek Sayidumarov farmon ijrosiga oid fikrlari bilan o‘rtoqlashdi:
– Farmon doirasida davlat xizmatini rivojlantirishning eng muhim yo‘nalishlaridan biri – kadrlarni tayyorlash, malakasini oshirish va qayta tayyorlashning yaxlit tizimi joriy etiladi. Bu jarayonda Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi, Davlat siyosati va boshqaruvi akademiyasi hamda “El-yurt umidi” jamg‘armasi o‘zaro hamkorlikda yagona klaster sifatida ish olib boradi.
Endilikda davlat xizmatchilarining kasbiy salohiyati va kompetensiyalarini baholash, ularning shaxsiy portfoliosini shakllantirish, rivojlanishi lozim bo‘lgan bilim va ko‘nikmalarini aniqlab berish tizimli ravishda amalga oshiriladi. Shu bilan birga, milliy kadrlar zaxirasiga kiritilgan davlat xizmatchilarining kasbiy tayyorgarligi, ularni malaka oshirish va qayta tayyorlash kurslariga yo‘naltirish tizimli ravishda amalga oshiriladi.
“El-yurt umidi” jamg‘armasi tomonidan davlat xizmati uchun talab yuqori bo‘lgan mutaxassisliklar va yo‘nalishlar bo‘yicha ehtiyojlar o‘rganiladi hamda xodimlarni xorijdagi ilg‘or tashkilotlarga stajirovkaga yuborish ham yo‘lga qo‘yiladi. Qolaversa, istiqbolli kadrlarning xorijda bilim va kasbiy malakasini oshirish jarayonlari muvofiqlashtiriladi.
Aytish lozimki, farmon bilan davlat xizmatchilarining xorijda o‘qishi va stajirovka o‘tashi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi bilan kelishilgan holda amalga oshirilishi belgilandi.
Shuningdek, Davlat siyosati va boshqaruvi akademiyasi professional yangi avlod rahbar kadrlarini tayyorlash tizimini takomillashtirish hamda ularni tarmoq va sohalar uchun qayta tayyorlash va malakasini oshirish jarayonini sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarish hamda «Hududlarni kompleks rivojlantirish», «Davlat boshqaruvi», «Inson resurslarini rivojlantirish» hamda «Davlat siyosati» va «Davlat moliyasini boshqarish» kabi magistratura mutaxassisliklari bo‘yicha kadrlar tayyorlashni amalga oshiradi.
Davlat organlari va tashkilotlari tizimidagi kadrlarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish markazlari (institutlar)ning rahbarlik va boshqaruv yo‘nalishlaridagi ta’lim dasturlari ilmiy-uslubiy jihatdan ta’minlanadi va muvofiqlashtiriladi.
Farmonga muvofiq, 2026 yil 1 yanvardan boshlab davlat xizmatiga birinchi marta qabul qilingan davlat xizmatchilari maxsus “Davlat xizmatiga kirish” kurslarini o‘tashlari majburiy bo‘ladi. Shuningdek, har uch yilda bir marotaba malaka oshirish kurslarida qatnashish talab etiladi.
Davlat xizmatchilarining tegishli soha va tarmoq bo‘yicha bilim va ko‘nikmalari, hujjatlar tayyorlash, davlat tilida ish yuritish, rahbarlik va kommunikativ malakalari, zamonaviy axborot texnologiyalari, qonunchilik yangiliklari, O‘zbekiston tarixi hamda xorijiy tillarni bilish darajasi atroflicha baholanadi.
Shu bilan birga, har bir xizmatchi uchun shaxsiy kasbiy rivojlanish xaritasi ishlab chiqiladi va u asosida “yumshoq” hamda “qattiq” ko‘nikmalarni rivojlantirish bo‘yicha maxsus o‘quv dasturlari tashkil etiladi.
Farmon asosida davlat xizmatchilarining kasbiy kompetensiyalarini muntazam oshirishga oid maxsus nizom ham tasdiqlandi. Bu esa, mamlakatimizda malakali, bilimli va zamonaviy talablarga javob beradigan davlat xizmatchilari korpusini shakllantirishga xizmat qiladi.
Shubhasiz, ushbu muhim islohotlar O‘zbekiston davlat fuqarolik xizmati tizimini yangi bosqichga olib chiqadi va fuqarolarga yanada samarali, tezkor va sifatli xizmat ko‘rsatish imkonini yaratadi.
N.Abduraimova, O‘zA