Xalqaro voleybol federatsiyasi (FIVB) joriy yilning 24 iyul - 3 avgust kunlari Toshkentda 19 yoshgacha bo‘lgan o‘g‘il bolalar milliy terma jamoalari ishtirokida o‘tadigan jahon chempionatida qatnashadigan 24 ta jamoaning kengaytirilgan ro‘yxatini e’lon qildi.
E’tiborli jihati, poytaxtimiz iyul-avgust oylari davomida dunyo voleybol ishqibozlarining e’tiborini o‘ziga qaratishi bilan birga, jahon voleybolining kelajak yulduzlari sifatida ko‘rilayotgan bir qator yosh iqtidor egalarini Toshkentda jam etadi.
Xo‘sh, jahon voleybolining yorqin iste’dodlari sifatida ko‘rilayotgan yoshlardan kimlar Toshkent maydonlarida ko‘rinish beradi?

FIVB ma’lumotiga ko‘ra, yaqin o‘tmishda Italiya terma jamoasining mohir voleybolchisi bo‘lgan Xristo Zlatanovning o‘g‘li Manuel Zlatanov Toshkent musobaqalariga shiddat bag‘ishlashi shubhasiz.
Aytish lozimki, Manuel o‘tgan yili U17 yosh toifasidagi jahon chempionatining eng qimmat o‘yinchisi bo‘lgan.
Shuningdek, yurtimizda tashkil etiladigan jahon chempionatida Italiya, Fransiya terma jamoalari tarkibida ham bir qator nomdor yoshlar borki, ular ham chempionatda o‘z so‘zini aytishga intilishi tayin.
Shuningdek, chempionatda dunyoning bir qator yosh iste’dod egalari qatnashishi kutilmoqda.
T.Ro‘ziyev, O‘zA