Xalqaro ekspertlar fikricha, Isroil va Eron o‘rtasidagi mojaroning keskinlashuvi Hormuz bo‘g‘ozining yopilishiga olib kelishi mumkin. Bunday holat nafaqat Yaqin Sharq mamlakatlari, balki butun dunyo iqtisodiyotiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi.
Bo‘g‘oz Hind okeanining shimoli-g‘arbiy qismida joylashgan bo‘lib, Fors ko‘rfazini O‘mon ko‘rfazi va Arab dengizi bilan bog‘laydi. Shimoliy sohillari Eronga, janubiy sohillari BAA va O‘monga tegishli.
– Hormuz bo‘g‘ozi mintaqa davlatlarining harbiy xavfsizligi nuqtai nazaridan ham, jahon savdosi nuqtai nazaridan ham strategik ahamiyatga ega, -deyiladi kuni kecha “RIA Novosti” e’lon qilgan maqolada.
Birinchidan, bu nisbatan tor dengiz yo‘lining Fors ko‘rfaziga ham harbiy, ham tijorat kemalari uchun yagona o‘tish joyi hisoblanadi.
Ikkinchidan, Yaqin Sharqdan eksport qilinadigan energiya resurslarining salmoqli qismi u orqali o‘tadi. Uning uzunligi taxminan 190 kilometr, kengligi 33 dan 95 kilometrgacha. Suv yo‘lining shimoliy qirg‘og‘i Eron nazoratida.
Hormuz bo‘g‘ozi xalqaro yuk tashish hududi hisoblangani uchun uning xavfsizligi BMTning dengiz huquqi to‘g‘risidagi konvensiyasi bilan ta’minlanadi. Boshqa tomondan, bo‘g‘ozning torligi uni Eron va O‘mon hududiy suvlari sifatida tasniflash imkonini beradi.
Qonuniy jihatdan, Eron bo‘g‘ozni nazorat qilish uchun maxsus huquqlarga ega emas, lekin yuk tashishni cheklash qobiliyatini namoyish qila oladi, chunki uning joylashuvi va bunga imkon beradigan orollar zanjiri mavjud.
Tehron va Vashington o‘rtasidagi Hormuz bo‘g‘ozi bo‘yicha munosabatlarning ziddiyatga moyilligi asosan, Amerikaning Beshinchi floti mintaqada mavjudligi bilan bog‘liq.

Eronning BAA bilan hal qilinmagan hududiy muammolari bor, ular Tehron va Abu-Dabi tomonidan da’vo qilingan bir qancha orollarga tegishli. Gap Abu Muso, Katta Tunb va Kichik Tunb orollari haqida ketmoqda. Ularning barchasi hozirda Eron tomonidan nazorat qilinadi.
Ma’lumki, neft va gaz zaxiralariga boy Fors ko‘rfazi davlatlari, jumladan Iroq, Saudiya Arabistoni, Kuvayt, Bahrayn, Qatar va BAA energetika mahsulotlarini tankerlar orqali ushbu yo‘lakdan dunyo bozoriga chiqaradi. Dunyo neftining 20 foizigacha va gazning 35 foizidan ortig‘i shu yo‘l bilan tashiladi 80 foizdan ortig‘i Osiyo mamlakatlariga, qolgani Yevropa Ittifoqiga eksport qilinadi.
Masalan, Xitoy import qilayotgan gazning to‘rtdan bir qismi Hormuz bo‘g‘oziga to‘g‘ri keladi. Qolaversa, Hindiston, Yaponiya, Janubiy Koreya kabi iqtisodi yuqori rivojlangan davlatlar ham energetika resurslariga bo‘lgan talabini Saudiya Arabistoni, Eron, Iroq, Kuvayt, Qatar, BAA va Bahrayn tomonidan yetkazib berilayotgan energetika zaxiralari hisobiga qondiradi.
To‘g‘ri, Osiyo mamlakatlariga quvurlar orqali ham mahsulot yetkaziladi, lekin uning ulushi umumiy hisobda nisbatan kamroq. Quvurlardan faqat Saudiya Arabistoni, BAA va Eron foydalanadi.
Suv yo‘lining yana bir ahamiyati shundaki, undan nafaqat energiya resurslari eksport qilinadi, balki minglab konteynerlarda boshqa tovarlar ham olib o‘tiladi. Shu nuqtai-nazardan olib qaraganda, yo‘lakning butun dunyo iqtisodiyoti uchun ham ahamiyati katta. Binobarin, bo‘g‘ozda yuk tashish qanchalik uzluksiz va xavfsiz bo‘lsa, energetika mahsulotlari narxi ham barqaror bo‘ladi.
Shu bois, mintaqadagi keskinlik kuchayib borayotgani va Eronning bo‘g‘ozni yopish haqidagi bevosita tahdidlari dunyo davlatlarini xavotirga solishi tabiiy.
Masalan, Eron-Iroq urushi (1980-1988) boshlanganidan keyin Eron Fransiyani Bag‘dodni qo‘llab-quvvatlashdan qaytarish uchun shunday chora ko‘rish bilan tahdid qilgan. 1980 yillarning o‘rtalarida Eron va Iroq bo‘g‘ozdan o‘tayotgan kemalarga hujum qildi. 1987 yilda Tehron bo‘g‘ozni minalaganidan so‘ng AQSH va Eron o‘rtasida qarama-qarshilik kelib chiqdi.
2012 yilda Eron bo‘g‘ozda harbiy mashg‘ulotlar o‘tkazgan. Bu reaksiya Islom Respublikasini uranni boyitayotganlikda gumon qilgan G‘arb davlatlari tomonidan iqtisodiy sanksiyalar kiritilishi ortidan yuz berdi.
2015 yilda Eron harbiylari Singapur bayrog‘i ostida suzib ketayotgan “Alpine Eternity” tankerini o‘qqa tutgan.
Bo‘g‘oz hududida Vashington va Tehron o‘rtasidagi munosabatlardagi keskinliklar, ayniqsa, 2018 yilda AQSH yadroviy kelishuvdan chiqqanidan so‘ng yuzaga keldi. O‘shanda Eron rahbariyati yana bir bor bo‘g‘ozni yopish bilan tahdid qildi.
Bunga javoban AQSH kemalar xavfsizligini ta’minlash uchun bir necha bor amaliyotlar o‘tkazdi.
2012 yilda AQSHning sobiq prezidenti Barak Obama bo‘g‘ozning to‘liq yopilishi Vashington uchun “qizil chiziq” ekanligini ta’kidlagan edi.
Darvoqe, Eron amalda bo‘g‘oz ustidan nazoratni o‘rnatganiga qaramay, mamlakatning harbiy salohiyati uni yopish uchun yetarli bo‘lmasligi ham mumkin.
Eron bo‘g‘ozni minalashga urinishi yoki kemalarni o‘qqa tutishi mumkin, bu holatda Tehron bir qator oqibatlarga duch kelishi ehtimoli mavjud.
Bundan tashqari, Eron va Isroil o‘rtasidagi nizo boshlangan dastlabki kunlardanoq AQSH mintaqaga harbiy kemalarini jo‘natishni boshladi. Bu tabiiyki, Amerika kuchlari bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri to‘qnashuv xavfini yuzaga keltiradi. Qolaversa, kanalning yopilishi to‘g‘ridan-to‘g‘ri Eronning o‘ziga ta’sir qilishi mumkin. Zero, u ham ushbu yo‘lakdan o‘z energiya resurslarini eksport qilish uchun foydalanadi va bo‘g‘ozning o‘tkazish qobiliyati bo‘yicha taqqoslanadigan muqobil yo‘l yo‘q.

Xalqaro tahlilchilar ta’kidlaganidek, agar Eron o‘z tahdidini amalga oshirsa, bu global neft narxining bir barrel uchun 100-120 dollargacha oshishiga olib keladi.
Boshqa bir g‘arb ekspertlari fikricha, bunday ssenariy yuzaga kelgan taqdirda “qora oltin” narxi 130 dollargacha oshishi mumkin.
Taxminlarga ko‘ra, Eron bo‘g‘ozni to‘liq to‘sib qo‘ymasligi yoki ba’zi tankerlarni tortib olish bilan cheklanishi mumkin. Bunday qadamlar yuk tashish va sug‘urta xarajatlarining oshishiga olib kelishi ehtimoli yuqori va bu jahon iqtisodiyotiga ta’sir etmasdan qolmaydi.
Barcha potensial iqtisodiy va harbiy-siyosiy tahdidlarni hisobga olsak, Hormuz bo‘g‘ozi to‘silishining asosiy qurboni Eronning o‘zi bo‘lishi mumkin. Qolaversa, bu holat muqobil yetkazib berish kanallari bo‘lmagan Iroq, Kuvayt, Qatar va Bahrayn kabi eksportchilarning ham “qo‘lini bog‘lab” qo‘yadi.
Shuningdek, energiya narxlarining oshishi Hindiston, Xitoy, Yaponiya, Janubiy Koreyaga kabi importyor davlatlarga ham salbiy ta’sir ko‘rsatadi.
Neft narxining oshishi Xitoy va Hindiston iqtisodiyotiga sezilarli ta’sir ko‘rsatadigan bo‘lsa, bu Eron uchun diplomatik qiyinchiliklarni keltirib chiqarishi ham mumkin.
Xullas, Yevropa davlatlarining sa’y-harakatlari, Trampning ziddiyatga bo‘lgan munosabati va Tehronning o‘z qarorlari barcha oqibatlarini tushunishi bu mojaroni hal etishda diplomatiya yagona vosita ekanligini ko‘rsatmoqda.
Said Murod Rahim tayyorladi.
O‘zA