Futbol bo‘yicha milliy chempionatimizning 13-turidan o‘rin olgan "Navbahor" va OKMK jamoalari bahsi Namangan shahridagi “Markaziy” stadionda o‘tkazildi.
Mezbonlarning ustunligida o‘tgan o‘yinning 6-daqiqasida Zabihullo O‘rinboyev hisobni ochgan bo‘lsa, 35-daqiqaga kelib Gilerme Gedesh oradagi farqni 2 taga yetkazib qo‘ydi. Shu tariqa, birinchi bo‘limni muvaffaqiyatli yakunlagan “Navbahor” ikkinchi bo‘limda o‘yinni nazorat qilishda davom etdi. Natijada, 90+6-daqiqada Pedro raqbi darvozasiga uchinchi golni urdi. Ushbu g‘alabadan so‘ng "Navbahor" ochkolar sonini 23 taga yetkazib oldi va OKMK esa 24 ochko bilan 3-o‘rinda qoldi.

Bugun, 22 iyun kuni O‘zbekiston Superligasining 13-turida “Paxtakor” — “Qo‘qon-1912”, “Sho‘rtan” — “Surxon” jamoalari o‘zaro raqobatlashadi.
Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA